AsosiyJamiyat

Ulug` Yo`lboshchining xonadoni yurtdoshlarimizning tabarruk ziyoratgohiga aylandi

'Ulug` Yo`lboshchining xonadoni yurtdoshlarimizning tabarruk ziyoratgohiga aylandi'ning rasmi

Buyuk Yo`lboshchimiz, O`zbekiston mustaqilligining asoschisi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov mahallamizda tavallud topgan. Sho`x bolaligi, orzularga to`la o`smirligi shu erda o`tgan.

Birinchi Prezidentimiz dunyoga kelgan 1938 yil – mafkuraviy kurashlar avj olgan davrda bu buyuk inson ismi Islom deb qo`yilishining o`zi ulkan jasorat bo`lgan. Chunki qatag`on ayni avj pallasiga kirgan yillarda Islom dini haqida gapirishning o`zi kishi boshiga xavf-xatar solishi hech gap emas edi. Ma`lumotlarda yozilishicha, o`sha yili viloyatimiz bo`yicha 1694 nafar o`g`il bola tug`ilgan va faqat bittasining ismi Islom bo`lgan ekan. Bu – sakkiz farzandni oq yuvib, oq tarab voyaga etkazgan, yuksak tarbiya bergan Abdug`ani aka va Sanobar onalarning qanchalik jasorat sohibi ekanliklaridan darak.
Bugun mahallamizda sakson yoshdan oshgan o`ttiz nafardan ko`proq nuroniy otaxon, onaxonlar bor. Ularning ko`pchiligi Islom Karimov bilan birga maktabga borgan, o`qigan yoki bir guzarda o`sgan. Ularning aytishicha, u bolaligidan mehnat va bir burda nonning qadr-qimmatini yaxshi bilgan. Shuning uchun qaerda ishlasa ham, yurtning otasi bo`lib, xalqimizni ozodlikka chiqargan, el mehrini qozongan paytlarda ham bu mashaqqatli davrni unutmagan.

Ayni kunda mahallamizda 308 xonadon, 2 mingdan ziyod aholi istiqomat qilmoqda. Ular Prezident o`sgan mahallada yashayotganidan qalblarida iftixor sezishadi, shu nomga munosib bo`lishga intilishadi. Mahallamiz markazida Yurtboshimizning hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi xona tashkil etganmiz. Bu erdagi yoshlar uchun maxsus burchakda Islom Karimovning bolaligi va maktabda o`qigan davri suratlarda aks ettirilgan. Bu xonada nafaqat mahallamiz, balki Samarqand shahrining boshqa mahallalaridan, ta`lim muassasalaridan kelgan yoshlarga Yurtboshimiz bolaligini so`zlab beramiz, Yo`lboshchimizning o`smirlik davridagi ilmga chanqoqligi, aqlli va zakovatliligi, mustahkam xotiraga ega ekanligini ibrat qilib ko`rsatamiz.
Bugungi kunda Islom Karimov tug`ilib, voyaga etgan xonadon barcha mahalladoshlarimiz uchun eng qadrli maskan. Bu erdan hamon yurtimizning turli burchaklaridan kelayotgan odamlarning qadami uzilmayapti. Bu xalqimizning Birinchi Prezidentimizni naqadar sevganidan, ota kabi e`zozlaganidan dalolat. Zero, Islom Karimov o`zbek xalqini ozod, O`zbekiston davlatini mustaqil qildi. Eng muhimi, nafaqat yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamladi, balki mintaqadagi vaziyatni barqarorlashtirdi. Biz, mahalladoshlari shunday buyuk inson bilan bir maskanda yashaganimizdan, ulg`ayganimizdan doim faxrlanamiz.

Orzu RAHMATOV,
Samarqand shahridagi Dahbedi mahalla fuqarolar yig`ini raisi.

Boshqa yangiliklar