AsosiyJamiyat

Birinchi Prezidentning ikki maktubi

'Birinchi Prezidentning ikki maktubi'ning rasmi
Munosib tuhfa

Islom Karimov! Bu nom tilga olinganda, beixtiyor har birimizning qalblarimizga iliqlik yuguradi. Zotan, O`zbekistonni istiqlolga olib chiqqan, uni turli balo-qazolardan asrab, turli dolg`ali davrlardan eson-omon olib o`tgan buyuk davlat va siyosat arbobi har bir o`zbekistonlikning qalbidan mangu joy olib ketdi.

Bu buyuk zot haqida har qancha gapirilsa, oz. U haqda kitoblar, maqolalar, she`r­lar bitilmoqda. “Darakchi” sahifalarida o`tgan yili yozuvchi Akbar Mirzoning “Suiqasd” romani bosilgan edi. Muallifning yaqinda Birinchi Prezident haqida bitilgan, “So`nggi nido” nomli yana bir kitobi nashrdan chiqdi. Ushbu kitobda ham Islom Karimovning mamlakat taraqqiyoti, tinchligi va xavfsizligi yo`lida olib borgan sharafli ishlari, xalqimiz boshidan kechirgan quvonchli va qayg`uli kunlari haqida hikoya qilinadi.

O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan mazkur kitobdan marhum Yurtboshimiz hayotining ayrim lavhalari haqida hikoya qiluvchi bir parchani e`tiboringizga havola etishni lozim topdik.

2001 yil…

Prezident yozayotgan maktubini tugatib, ruchkani asta stol ustiga qo`yarkan, biroz xayolga cho`mdi...

O`tgan yildagi tashvishli voqealar qalbiga ozor bergan bo`lsa, ozodlik nashidasini surayotgan jafokash xalqning barcha sohalarda zimmalariga olgan topshiriqlarni ortig`i bilan ado etganlik­lari yuragiga taskin va umid bag`ishladi. Sentyabrning o`rtalaridayoq mamlakatda birinchi bo`lib yillik paxta tayyorlash shartnoma rejasini bajargan Asaka va Oltinko`l tumanlari paxtakorlariga tabrik yo`llagani, oradan bir hafta o`tib-o`tmay butun viloyatning barcha mirishkor dehqonlarini bu borada peshqadam bo`lganliklari bilan qutlaganini eslab, yuzlariga tabassum yugurdi.

Yana bir xursand qilgan hodisa yodiga tushdi. Axir Sidney olimpiadasida O`zbekiston boks vakili Muhammadqodir Abdullaev o`zbek boks­chilari orasida birinchi bo`lib "Olimpiya chempioni" degan yuksak nomga musharraf bo`ldi. Prezident g`olibga zarbof to`n kiydirgani, qimmatbaho esdalik sovg`alar topshirganini eslab, bunday chempionlar ko`payishiga umid bildirdi.

O`tgan yili bo`lib o`tgan barcha tadbirlarni, yuz bergan hodisalarni eslashning o`zi qiyin. Biroq yodga olsa, qayd etib qo`ysa arzigulik voqealar anchagina. Etakchi davlatlar rahbarlarining O`zbekistonga tashrifi yoki o`zining rasmiy safarlari chog`ida ikki tomonlama manfaatli bitimlar imzolandi, davlat chegaralarini qo`riqlash, tinch aholining xavfsizligini ta`minlash bo`yicha kelishuvlar bo`lib o`tdi. Ayniqsa, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining "Ming yillik sammiti"da ishtirok etgani va nutq so`zlagani, AQSh Prezidenti Bill Klinton, Turkiya rahbari Ahmet Nejdet Sezar, Isroil Bosh vaziri Exut Barak, Yaponiya Bosh vaziri Iosiro Mori, Amerika Oliy Islom kengashi raisi shayx Muhammad Xishom Kabboniy hamda yana bir qancha davlatlar boshliqlari va hukumat rahbarlari bilan uchrashib, har tomonlama foydali suhbat va muzokaralar olib bordi.

Mamlakat mustaqilligining o`n yilligi nishonlanadigan 2001 yil yanada qutlug` keldi. Endi bu qutlug` sanani munosib kutib olish va tantana qilish kerak. Yangi yil ana shu muborak to`yni o`tkazish to`g`risidagi qarorga imzo chekish bilan boshlandi. Bunga Navro`z bayrami shodiyo­nasi ulanib ketdi. Qutlug` bahor ayyo­mining ertasi kuni O`zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov oltmish yoshni qarshilaydi. Tabarruk Qashqadaryo zamini ulg`aytirgan buyuk ijodkor, o`zbek she`riyatining zabardast shoirini Oqsaroyga taklif qilish, muborak yoshi bilan tabriklash rejalashtirilgan. Bu tadbirlarning barchasida qatnashish, nutq so`zlash, butun xalqni bahoriy bayramlar bilan qutlash qanday baxt, qanday saodat! Bular xursandchilik, albatta.

Hozir esa O`zbekiston Prezidenti Yaponiyaning Xirosima shahrida o`tkazilgan bolalar asarlarining xalqaro tanlovi g`olibi, lisey o`quvchisi Dilfuza Matboboevani tabriklab, uning onasi Tojibarxon aya Matboboevaga yozib tugatgan maktubini yana qo`lga oldi.


Qanday ajoyib natija!

Prezident butunjahon miqyosidagi xalqaro musobaqa va tanlovlarda qatnashgan o`g`il-qizlarning, ayniqsa, yoshlar erishgan har qanday yutuqlardan behad quvonib, jamiki tashvish va g`amlarini bir lahzaga bo`lsa-da unutar edi. Bunday tadbirlarda yurt bayrog`ining baland ko`tarilishidan esa ko`zlari beixtiyor porlab, butun vujudi yayrab ketardi. Shunday unutilmas daqiqalarda qalbi g`ypyp, iftixor va yangi istaklarga to`lardi. Mamlakat dovrug`ini olamga taratayotgan, unga sharaf va shon hadya qilayotgan bolajonlarni bag`riga bosib, peshonasidan o`pib, yanada ulkan zafarlar sari chorlashni istardi. Vatanga quvonch olib kelgan yoshlarni xorijdan qaytib kelishi bilan ularga peshvoz chiqib shaxsan kutib olishni juda-juda xohlardi.

Maktub "Shunday iqtidorli farzandni tarbiyalab, kamolga etkazganingiz uchun shaxsan sizga va siz orqali barcha oila a`zolaringizga behad minnatdorchiligimni izhor qilaman", degan samimiy so`zlar bilan tugagan edi. Prezident oxirgi satrlarni yana bir bor ko`zdan kechirgach, maktubni imzolab, darhol ko`rsatilgan manzilga jo`natishni tayinladi. Ezgu tilak va yangidan-yangi zafarlar bitilgan noma shu bugunning o`zidayoq Tojibar ayaning qo`liga topshirildi.

Latofatli qizchasining qo`lga kiritgan g`alabasidan, ayniqsa, bu yutuqqa Yurtboshining qilgan e`tiboridan g`oyatda mamnun bo`lgan Tojibar aya sevinchdan anchagacha ko`z yoshlarini tiya olmadi. Qo`lidagi maktubni qo`ni-qo`shnilarga, qarindosh-urug`larga ko`rsatar ekan, xursandchiligining cheki yo`q edi. Shu kuni qishloq ahli ayaning cheksiz quvonchiga sherik bo`ldi.

***

Yozning so`nggi oyi boshlangan kun. Prezident yana maktub yozishga o`tirdi. Afsuski, bu safar xursandchilik xati emas. Ertalabki qayg`uli xabarda O`zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning bevaqt vafot etgani bayon etilgandi.

Shu kuni O`zbekiston Prezidentining xalqchil ijodkor, mashhur qo`shiqchi-shoirning bevaqt vafoti munosabati bilan uning volidai muhtaramasi — Enaxon aya Sotiboldievaga chuqur hamdardlik bildirib yo`llagan maktubi matbuotda e`lon qilindi.

Boshqa yangiliklar