1

O`zbekistonning yoshlar siyosati BMTda taqdim etildi

Siyosat 06.02.2018, 12:27
O`zbekistonning yoshlar siyosati BMTda taqdim etildi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida BMT Yoshlar forumi bo`lib o`tdi. Uning doirasida O`zbekistonning ushbu global tizimdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan respublikamizda olib borilayotgan yoshlar siyosati taqdim qilindi.

Tadbir ishtirokchilari O`zbekistondagi yoshlar siyosatining mazmun-mohiyati, Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tuzilgan O`zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyati, uning o`sib kelayotgan avlodni har tomonlama qo`llab-quvvatlash bilan shug`ullanishga da`vat etilgani, aholining ushbu qatlami huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimining tubdan isloh etilishiga doir ma`lumotlar bilan yaqindan tanishdilar. Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasining 2016 yil 14 sentyabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida”gi Qonunining asosiy jihatlari, uni hayotga tatbiq qilish borasida erishilgan natijalar, shuningdek, davlatimiz rahbarining 2017 yil 5 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O`zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo`llab-quvvatlash to`g`risida”gi Farmoni haqida ham atroflicha fikr yuritildi.

«Jahon» AA yozishicha, BMT forumi qatnashchilarining asosiy e`tibori 2017 — 2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishning borishi to`g`risidagi ma`lumotlarga qaratildi.

Tadbir chog`ida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil sentyabrda bo`lib o`tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi chog`ida ilgari surgan tashabbuslari, jumladan, yosh avlodni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, ularning huquqlari, erkinlik hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ko`p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo`yicha tashabbusining muhokamasi anjuman ishtirokchilari o`rtasida alohida qiziqish uyg`otdi. Shu munosabat bilan O`zbekiston etakchisining globallashuv va axborot-kommunikasiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat — BMTning Yoshlar huquqlari to`g`risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish taklifi tilga olindi. Ana shunday muhim xalqaro hujjat BMT a`zo davlatlari tomonidan qo`llab-quvvatlanishiga umid bildirildi.

Shuni ham qayd etish joizki, Yoshlar forumining ochilish marosimida BMT kotibiyati, boshqa xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat hamda yoshlar tizimlarining vakillari ishtirok etdi.

Anjuman qatnashchilari oldida so`zga chiqqan BMT Bosh Assambleyasi 72-sesssiyasi raisi

M. Laychakning bayonot berishicha, “Bugungi kunda dunyoda misli ko`rilmagan darajada ko`p — 1,8 milliard yosh avlod vakillari istiqomat qilmoqda, ular hamon ko`pgina to`siqlarga duch kelayotir”.

Uning aytishicha, “Innovasion yondashuvlarga ega bo`lgan o`sib kelayotgan avlodning ishtirokisiz zamonaviy xavf va xatarlarni hal etish qiyin vazifadir”. Xususan, “yoshlarni zamonaviy ko`nikmalar bilan qurollantirish, tashabbuslarini rag`batlantirish zarur”. Shu o`rinda Bosh Assambleya 72-sesssiyasi raisi bu toifaning munosib darajadagi bandligi masalasi BMTning ustuvor vazifalaridan biri bo`lib qolishini ta`kidladi.

Forum doirasida bo`lib o`tgan yalpi yig`ilish, davra suhbatlari hamda seksiya tadbirlari chog`ida tashkilotga a`zo davlatlar vakillari o`z mamlakatlarida yoshlar siyosati sohasida ko`rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan o`zaro fikr almashdilar. Uning yakunlari bo`yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1