1

O`zbekiston va Koreya Respublikasi o`rtasidagi hamkorlik istiqbollariga bag`ishlangan forum bo`lib o`tdi

Jamiyat 01.05.2014, 10:01
O`zbekiston va Koreya Respublikasi o`rtasidagi hamkorlik istiqbollariga bag`ishlangan forum bo`lib o`tdi

Poytaxtimizda  O`zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o`rtasidagi hamkorlik istiqbollariga bag`ishlangan forum bo`lib o`tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning iqtisodiyot, yoqilg`i-energetika, savdo-sarmoya, avtomobilsozlik, transport, qishloq va suv xo`jaligi, aviatashuv,  bojxona, eksport-import, sug`urta va logistika kabi sohalari uchun mas`ul vazirlik va idoralari, kompaniyalari rahbarlari, ilmiy-tadqiqot va ta`lim muassasalari vakillari ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.

O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari, moliya vaziri Rustam Azimov, Koreya Respublikasi iqtisodiyot, gumanitar va ijtimoiy fanlar bo`yicha milliy tadqiqot kengashi ijrochi direktori An Se Yon va boshqalar O`zbekiston bilan Janubiy Koreya o`rtasidagi aloqalar barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlari chog`ida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo`lib xizmat qilayotganini alohida ta`kidladi. Prezidentimiz Islom Karimovning 2012 yilning sentyabr oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifi ikki mamlakat o`rtasidagi keng ko`lamli hamkorlikka yangi sur`at baxsh etdi.

Koreya Respublikasi O`zbekistonning vaqt sinovidan o`tgan, har jihatdan ishonchli strategik sherigidir. Muntazamlik kasb etgan muloqotlar va mushtarak intilishlar tufayli davlatlarimiz o`rtasidagi aloqalar barcha yo`nalishlarda izchil rivojlanib bormoqda.

O`zbekiston ham, Janubiy Koreya ham iqtisodiyot sohasida ulkan salohiyatga ega. Bu borada ikki mamlakat o`rtasida eng ko`p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan. Koreya Respublikasi O`zbekistonning eng yirik sarmoyaviy sheriklaridan biri. Mazkur mamlakatning O`zbekistonga kiritgan jami sarmoyasi 6 milliard AQSh dollaridan oshadi.

Mamlakatlarimiz o`rtasidagi munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asosini tashkil etuvchi 230 dan ziyod hujjat imzolangan.

2013 yilda o`zaro tovar ayirboshlash hajmi 2,1 milliard AQSh dollaridan oshdi. Bugungi kunda O`zbekistonda janubiy koreyalik ishbilarmonlar bilan tashkil etilgan qariyb 420 qo`shma korxona faoliyat ko`rsatmoqda. Mamlakatimizda Janubiy Koreyaning saksonga yaqin kompaniyasi o`z vakolatxonasini ochgan. Ular savdo, to`qimachilik va engil sanoat, tog`-kon metallurgiyasi, kimyo va oziq-ovqat sanoati, mashinasozlik, metallni qayta ishlash, sayyohlik, sog`liqni saqlash, transport xizmati ko`rsatish kabi sohalarda ish yuritadi.

O`zbekiston va Koreya Respublikasi hamkorligida neft-kimyo sohasida dunyodagi eng yirik loyihalardan biri – Ustyurt gaz-kimyo majmuasi bunyod etilmoqda.

Forumda O`zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligi natijalari yuqori baholandi. Ishtirokchilarning fikricha, izchil rivojlanayotgan savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy hamkorlik o`zaro aloqalarni yanada mustahkamlash, ikki mamlakat uchun muhim ahamiyatga ega qo`shma loyihalarni amalga oshirish imkonini berayotir. Dunyoda beqaror moliyaviy-iqtisodiy holat davom etayotgan bir paytda O`zbekiston erishayotgan barqaror iqtisodiy o`sishga koreyalik mehmonlar yuqori baho berdi.

2006 yil 29 mart kuni imzolangan mamlakatlarimiz o`rtasidagi Strategik hamkorlik to`g`risidagi qo`shma deklarasiya asosida amalga oshirilayotgan o`zaro munosabatlar muttasil kengayib, yangi mazmun bilan boyib borayotgani alohida ta`kidlandi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash hamkorlikning muhim yo`nalishlaridandir. Ta`lim, fan, sport, madaniyat, tibbiyot va sayyohlik sohasida o`zaro samarali hamkorlik izchil davom etmoqda, talabalar, o`qituvchilar va mutaxassislar  almashish faollashmoqda.

Anjumanda mehmonlarga mamlakatimizda iqtisodiyotni muttasil rivojlantirish yo`lida olib borilayotgan keng ko`lamli islohotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ravnaq toptirish omillari, moliyaviy tizimni barqaror taraqqiy ettirish borasidagi sa`y-harakatlar,  “Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” industrial zonalaridagi qulaylik va imtiyozlar to`g`risida ma`lumot berildi. Ishtirokchilar mazkur tadbir o`zaro iqtisodiy va moliyaviy hamkorlikka oid ko`plab muhim masalalarni muhokama qilish uchun qulay imkoniyat bo`lganini ta`kidladi. Bunday forumlarni muntazam o`tkazish O`zbekiston va Janubiy Koreya xalqlarining uzoq muddatli manfaatlariga xizmat qiluvchi munosabatlarni kengaytirish va mustahkamlashga katta hissa qo`shishi alohida qayd etildi. 

Forumda O`zbekiston bilan Janubiy Koreya o`rtasida transport va logistika, gaz sanoati, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish kabi qator sohalardagi hamkorlikning bugungi ahvoli va istiqbollari, bu boradagi aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlash omillari  yuzasidan fikr almashildi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1