1

Davlat soliq qo`mitasi tadbirkorlarga yaratilayotgan qulay imkoniyatlarni ko`rgazmali seminarda namoyish qiladi

Jamiyat 01.05.2014, 10:50
Davlat soliq qo`mitasi tadbirkorlarga yaratilayotgan qulay imkoniyatlarni ko`rgazmali seminarda namoyish qiladi

1-3 may kunlari poytaxtimizdagi «O`zekspomarkaz» majmuasida Davlat soliq qo`mitasi tomonidan ko`rgazmali seminar tashkil etiladi.

O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasi tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tashkil etilgan ko`rgazmali seminardan ko`zlangan asosiy maqsad, Prezidentimizning 2014 yil 7 apreldagi «O`zbekiston Respublikasida investisiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi  Farmoni hamda joriy yil 15 apreldagi «Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko`rsatish bilan bog`liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori mazmun-mohiyati hamda tadbirkorlik sub`ektlariga yaratilayotgan qulay imkoniyat va afzalliklar to`g`risida keng jamoatchilikni xabardor qilishdan iboratdir. Bu haqda Davlat soliq qo`mitasi Axborot xizmati xabar beradi.

Ta`kidlash lozimki, mazkur hujjatlar mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish, qulay investisiya muhitini yaratish, tadbirkorlik faoliyatini yuritish shart-sharoitlarini tubdan yaxshilash, iqtisodiyotning xususiy sektorida aholi bandligini oshirish va yangi ish o`rinlarini yaratish maqsadida qabul qilingan.

Albatta, ushbu kiritilgan me`yorlar tadbirkorlik sub`ektlariga kerakli bo`lgan barcha normativ-huquqiy hujjatlarni va axborotlarni tegishli tashkilotning rasmiy veb-saytidan tezkorlik bilan olishga, o`z faoliyatlarini qonuniy asosda yo`lga qo`yishga, ayniqsa, keng jamoatchilikning huquqiy bilimini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Farmonga asosan investisiya va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni rag`batlantirish samaradorligini oshirish bo`yicha bir qator tadbirlar ko`zda tutilgan 46 ta banddan iborat «2014-2015 yillarda investisiya va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni rag`batlantirish samaradorligini oshirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar Dasturi» tasdiqlangan.

Dasturga asosan yagona er solig`ining to`lov muddatini 3 tadan 2 taga qisqartirish yuzasidan qonunchilikka o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish vazifasi belgilab qo`yildi. Yana bir muhim masala, joriy yilning 2-choragida elektron raqamli imzo kaliti sertifikatining amal qilish muddatini 12 oydan 24 oygacha uzaytirishni nazarda tutuvchi amaldagi qonunchilikka o`zgartirish kiritilishi belgilab qo`yildi.

Shuningdek, tegishli organlarga 2015 yil 1 yanvargacha bo`lgan muddatda lisenziyalanadigan 19 ta faoliyat turlariga «bir darcha» tamoyilini joriy etish, joriy yilning oxirigacha tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan lisenziya kelishuvlari shartlarini bajarish bo`yicha davriy hisobotlarni elektron shaklda taqdim etib borish uchun dasturiy mahsullarni ishlab chiqish va joriy etish vazifasi yuklatilgan.

2014 yil 1 oktyabrdan boshlab, O`zbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida:

moliya, soliq, statistika va boshqa turdagi hisobotlarni interaktiv rasmiylashtirish va taqdim etish;

soliq va boshqa majburiy to`lovlarni, kommunal to`lovlarni, lisenziya va ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlar bo`yicha ko`rib chiqishda va ularni olishda to`lanadigan yig`imlarni va davlat bojlarini Internet-banking tizimi orqali to`lash;

ma`lumotnomalar olish va boshqa interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanishni amalga oshirish imkonini beradigan shaxsiy «tadbirkorlik sub`ektining kabineti» ishlashini ta`minlash yuklatilgan. Ushbu tadbirlar natijasida tadbirkorlik sub`ektlari internet orqali hisob-kitoblarni amalga oshirishi, o`zlariga tegishli bo`lgan ma`lumotlarni shaxsiy kabinetidan elektron shaklda olish imkoniyatlariga ega bo`ladilar.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Adliya vazirligi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasi, Savdo-sanoat palatasi Bojxona qo`mitasi, Markaziy bank hamda boshqa mutasaddi vazirlik, idoralar mas`ul xodimlari ishtirok etgan ko`rgazmali seminarda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub`ektlari vakillari tomonidan o`rtaga tashlangan savollarga mutasaddi xodimlar tomonidan batafsil javoblar beriladi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1