AsosiyDunyo

Xitoyda birinchi xususiy sun`iy yo`ldosh muvaffaqiyatli uchirildi

'Xitoyda birinchi xususiy sun`iy yo`ldosh muvaffaqiyatli uchirildi 'ning rasmi

Xitoyda birinchi xususiy “Fenmanyu-1” sun`iy yo`ldoshi “Szyusyuan” kosmodromidan samoga muvaffaqiyatli uchirildi. Uning egasi “F & E” investisiya kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Fen Lunning qayd etishichi, ushbu qurilmadan kelajakda to`g`ridan-to`g`ri translyasiyalarni olib borishda foydalanish mumkin.

Ma`lum qilinishicha, sun`iy yo`ldosh poyafzal qutisi shaklida bo`lib, bor-yo`g`i 4 kilogramm og`irlikka ega. Iste`mol quvvati 8 Vt.ga teng. “Fenmanyu-1”ga HD formatli kamera o`rnatilgan bo`lib, u kosmosdan turib juda katta aniqlikda tasvirga olish imkoniyatiga ega. Uni yaratgan mutaxassislarning aytishiga ko`ra, mazkur loyihani amalga oshirish uchun umumiy qiymati 5 million yuan (790 ming AQSh dollari) mablag` sarflangan.

Shunga yarasha kelajakda sun`iy yo`ldosh meteorit qulashi va boshqa astronomik hodisalar haqidagi tasvirlarni to`g`ridan-to`g`ri uzatib, daromad keltirishi kutilmoqda. Translyasiya qilingan materialni esa faqat pul to`lagan foydalanuvchilar ko`rish imkoniga ega bo`ladi.

Fen Lunning ta`kidlashicha, qurilmadagi maxsus raqamli maydon tasvirning aslligini ta`minlab beradi. U orbitaga chiqqandan so`ng bir kunda uch marotaba Chin o`lkasi hududi ustidan uchib o`tib, ovozli yozuvlar, shuningdek, real vaqt rejimida Er tasvirini uzatadi. Radiopriyomnik moslamalari va antennalar yordamida foydalanuvchilar samodan kelayotgan ovozlarni eshitishlari mumkin.

    Boshqa yangiliklar