AsosiyDunyo

Kreml Dog`iston hukumati nega yoppasiga qo`lga olinganiga izoh berdi

'Kreml Dog`iston hukumati nega yoppasiga qo`lga olinganiga izoh berdi'ning rasmi

Dog`istonda Moskvadan borgan maxsus komissiya ishlamoqda. Qo`lga olingan vazirlar ijtimoiy loyihalar uchun ajratilgan pullarni talon-taroj qilishda ayblanmoqda, deb xabar berdi Sputnik.uz nashri.

Dog`istonlik amaldorlar bilan bog`liq vaziyat borasida Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ham axborot berilgan. Dog`iston hukumati a`zolarining qo`lga olinishini siyosiy inqiroz deb atab bo`lmaydi, deb bayonot qilgan Rossiya prezidenti matbuot-kotibi Dmitriy Peskov.

"Bu siyosiy inqiroz emas, balki huquq-tartibot organlari faoliyatining davomidir", — deb qayd etgan Peskov. Matbuot-kotib, prezident Vladimir Putin "bu kampaniyabozlik emas, balki izchil, maqsadli va tizimli ish" ekanligi borasida ko`p marotaba takrorlaganini eslatib o`tdi.

Yanvar oyida Dog`istonga qonunlarga rioya etilishini takshirish uchun Moskvadan maxsus komissiya tashrif buyurgan. Komissiya faoliyati davomida Maxachkala meri Musa Musaev, Dog`iston poytaxtining bosh arxitektori Magomedrasul Gitinov qo`lga olingan.

Kuni kecha BSB xodimlari Dog`iston bosh vaziri o`rinbosari Abdusamad Gamidovni, uning o`rinbosarlari Shamil Isaev va Rayudin Yusufovlarni hamda sobiq ta`lim vaziri Shaxobbos Shaxovni qo`lga oldilar.

Ular ijtimoiy loyihalar uchun ajratilgan byudjet mablag`larini o`marganlikda ayblanmoqda. Etkazilgan zarar miqdori 95 million rubldan ortiqni tashkil etgani aytilmoqda.

To`rt nafar amaldorning uyida tintuv ishlari amalga oshirilgan. Gamidovga firibgarlikning ikki turi, boshqalariga bittadan turi bo`yicha ayblovlar qo`yilgan. Tergovchilar ularni hibsga olishni so`rab iltimosnoma yo`llaganlar.

Gamidovning uyidan oltin to`pponcha (TT markali), "Beretta" to`pponchalari, ikkita Kalashnikov avtomati topilgan.

Sal keyinroq sud Shaxovni 5 aprel sanasiga qadar hibsga olgan, boshqa qo`lga olinganlarning ishi hozircha ko`rilmagan. Amaldor o`zini aybdor deb tan olmagani aytilmoqda.




    Boshqa yangiliklar