Amerikaning “Uber” va Rossiyaning “Yandeks” kompaniyalari Rossiya, Belarus, Qozog`iston va boshqa qo`shni davlatlarda taksini onlayn-buyurtma berish biznesini birlashtirdi. Bu haqda “Rusbase” axborot manbasi xabar qildi.
O`zaro kelishuv natijasida asos solingan yangi kompaniyaga har ikki tomon mos ravishda 225 million va 100 million AQSh dollari miqdorida investisiya kiritdi. Shunday qilib yo`naltirilgan sarmoya bilan birgalikda uning hisob raqamidagi mablag` miqdori 400 million dollarga etgan bo`lsa, umumiy qiymati esa 3,8 milliard AQSh dollari deb baholanayapti. Yangi brend aksiyalarining 59,3 foizi “Yandeks”, 36,9 foizi “Uber” va qolgan 3,8 foizi xodimlarga tegishli.
Ushbu servis-xizmatlarining birlashishi natijasida endilikda foydalanuvchilar “Yandeks.Taksi” va “Uber” ilovalari orqali buyurtma berishi mumkin. Lekin taksichilar bitta platformaga ulangan. Mazkur kompaniyaga “UberEATS” taom etkazib berish xizmati ham biriktirilgan.
Eslatib o`tamiz, yuqoridagi ikki kompaniya Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Gruziya va Qozog`istonda taksiga onlayn-buyurtma berish biznesini birlashtirishni rejalashtirayotgani haqida o`tgan yil yozda e`lon qilgandi.