AsosiyDUNYO

NAXIChEVAN – KO`HNA TAMADDUN BEShIGI

Ozarboyjonda Naxichevan Muxtor Respublikasi tashkil etilganining 90 yilligi keng nishonlan...

Ozarboyjonda Naxichevan Muxtor Respublikasi tashkil etilganining 90 yilligi keng nishonlanmoqda.        

Naxichevan MR 1924 yilda Ozarboyjon tarkibidagi muxtor respublika sifatida tashkil etilgan edi. Mazkur hududning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va madaniy jihatdan yuksalishi o`tgan asrning 70-yillaridan boshlangan.  Qisqa vaqt ichida Naxichevan o`lkasi mamlakatning mustahkam agrar va sanoat bazasi darajasiga etdi. Bugun esa, Naxichevan har jihatdan barqaror, go`zal va betakror maskanga aylandi.

Naxichevan Sharqdagi ko`hna tamaddun beshiklaridan biri. Bu hududdan Jalil Mamatqulzoda, Aliquli G`amgusor, Husayn Jovil singari jahonga mashhur shoir va mutafakkirlar etishib chiqqan.

Naxichevan o`tmishi moziyning uzoq davrlariga borib taqaladi. Aytishlaricha, Naxichevan “Nuh chixan” (Nuh chiqqan) so`zining o`zgargan shakli ekan. Butunjahon to`fonidan insoniyatni qutqarib qolgan Nuh payg`ambar ham ana shu zamindan chiqqan emish. Chindan ham bu erda Nuh (a.s.) nomi bilan bog`liq juda ko`p tarixiy qadamjolar, hatto unga nisbat beriladigan qabr ham bor.

Ilmiy tadqiqotlar jarayonida bu erdan juda ko`p tarixiy yodkorliklar topilgan. O`rta asrlarda qurilgan  Mo`mina Xotun, Yusuf ibn Qusayr maqbaralari, “Ashobi Kahf” ziyoratgohi, masjid va madrasalar – jami 1170 ta me`moriy obida  bizgacha etib kelgan. Ularning 56 tasi dunyo ahamiyatiga molik yodgorliklardir. Bu yodgorliklarni ko`rish har yili dunyonng turli nuqtalaridan sayyohlar oqib keladi.

Bugungi kunda Naxichevanda madaniy, ekologik va tibbiy turizmni rivojlantirishga katta e`tibor qaratilayotir. Bu erda tabiiy qo`riqxonalar, turli shifobaxsh maskanlar, madaniy-ma`rifiy muassasalar ko`p.

Naxichevan bugun o`zining boy tarixi, an`analari, iqtisodiy imkoniyatlari,  go`zal tabiati bilan dunyoning turli hududlaridan sayyohlar, tadbirkorlar, mehmonlarni o`ziga jalb etayotir.

Ayni damda esa, mazkur qutlug` sana munosabati bilan joylarda turli tadbirlar, uchrashuvlar o`tkazilmoqda. Shubhasiz, kelgusida ham Naxichevan o`zining betakror salohiyati bilan dunyo ahlini o`ziga maftun etaveradi. 

    Boshqa yangiliklar