AsosiyJamiyat

Toshkentdagi Anhor bo`yida "Akvapark" quriladi

Toshkent shahri markazini kesib o`tuvchi Anhor bo`ylab  bunyodkorlik ishlari boshlangani haqida avvalroq xabar bergan edik. “Anhor” tamaddixonasidan to Kichik xalqa yo`ligacha bo`lgan 2.2 kilometrlik oraliqda o`ziga xos yashil hudud barpo etilmoqda.

Anhorning suv oqib o`tuvchi qismi betonlashtirilib kanal yo`li tartibga solinadi.  Undan 2.5 metr yuqorida  1.2 metrlik temir panjaralar o`rnatiladi, deya xabar beradi Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Husan Ermatov.

Suv yo`llari, kanallar yoqalab nazorat yo`lagining bo`lishi o`ziga xos talabdir.   Shu ma`noda, ushbu oraliqdagi kimdir “nazorat yo`lagi”, kimdir “sayr yo`lagi” deb ataydigan 7 metr kenglikdagi yo`l bruschatkadan bunyod etiladi. Ushbu yo`l,  asosan, piyodalarning sayr qilishi, jazirama kunlarda kanaldan oqib o`tadigan suvning salqin epkinlaridan bahramand bo`lib huzurlanishi, qolaversa piyoda yurishdek jismoniy maroqli va ma`naviy foydali mashg`ulot bilan shug`ullanishiga xizmat qiladi, albatta. Shu bilan birga, uning “nazorat yo`lagi” deb nomlanishida ham mantiq bor, chunki kanalning betonlashtirilgan qismidan yuqorisida o`pirilishi mumkin bo`lgan hududlarni ta`mirlash, qirg`oq bo`ylab joylashgan bino va inshootlarga xizmat ko`rsatish, yo`laklarni yoritish masalalarida tegishli ishlarni amalga oshiruvchi maxsus texnikalar ham ushbu yo`lakdan foydalanishi ko`zda tutilmoqda.

Anhor yoqalab “Bolalar parki”  va “Akvapark” qurilishi ko`zda tutilgan. Darhaqiqat, hozirgacha kanal qirg`og`idan joy olgan baydarka va kanoeda eshkak  eshish sporti  vakillarining bazasi ham o`z o`rnida qoladi va ular uchun mazkur sport bilan shug`ullanishlari uchun qulay sharoitlar etarli bo`ladi.

Ba`zi ommaviy axborot vositalarida “Morj” klubi a`zolarining yangidan ko`chib o`tgan maskani borasida ham turli ma`lumotlar berilmoqdaki, aslini olganda, mazkur axborotlar ham etarli asoslarga tayanilmagan holda havola etilayotgani ma`lum bo`lmoqda. Quruvchilar “Morj” klubi hamda badminton sporti ishqibozlarining xavotirlari o`rinsiz ekanligini ta`kidlashmoqda. Loyihaga asosan, klubning badminton maydonlari o`z o`rnida qoladi, u erda zamon talabiga javob bermay qurilishi boshlangan yopiq maydon esa xavfsizlik nuqtai nazaridan olib tashlandi va shaharsozlik qoidalariga rioya etilgan holda loyihalashtirish hamda qirg`oqdan muayyan masofaga amal qilgan holda  barpo etish tavsiya etildi. Yoz-u, qish suv bilan oshno tutingan morjlar uchun qirg`oqdan suvga tushuvchi maxsus supa qurilishi loyihalashtirilgan bo`lib, eshkakchilarning ularga xavf solmasliklari uchun suzish maydoni  alohida chegaralanadi.

Bir so`z bilan aytganda, ushbu hudud ham yaqin vaqt ichida shahrimiz aholisining sevimli istirohat maskanlaridan biriga aylanishi shubhasiz.  

    Boshqa yangiliklar