Shvesiya poytaxtida 2017 yil 7 aprel kuni Stokgolmda amalga oshirilgan terakt ustidan sud eshituvi boshlandi. Unda ayblanuvchi tomon sifatida O`zbekiston fuqarosi Raxmat Akilov ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda Sputnik.uz "RIA Novosti" nashri xabariga tayanib.
Eslatib o`tamiz, 2017 yilning aprelida yuk mashinasi Stokgolmning markaziy va piyodalar uchun ajratilgan ko`chalarining birida odamlarni bosib ketgandi. 550 metr masofani bosib o`tgan mashina Åhlens savdo markazi binosiga kelib urilgan. Besh kishi halok bo`lgan, 15 kishi esa turli darajadagi jarohatlarni olishgan. Hukumat ushbu hodisani terakt sifatida tan olgan edi. Ushbu hodisada 39 yashar Rahmat Akilov bosh aybdorsifatida tan olingan, u hodisa yuz bergan kunda qo`lga olingan va shu paytga qadar qamoqda saqlanib kelinmoqda.
Akilov terrorchilik jinoyati va terrorchilik jinoyatini sodir etishga urinishda, uchinchi shaxslar xavfsizligiga tahdid yaratganlikda ayblanmoqda.
Prokuratura ma`lumotlariga ko`ra, Akilov ushbu jinoyatga 2017 yilning yanvaridan tayyorgarlik ko`rib kelgan. Olib qochilgan yuk mashinasida Akilov ishga tushirmoqchi bo`lgan portlovchi qurilma bo`lgan, ammo u faqat qisman ish bergan xolos. Muassasaning ta`kidiga ko`ra, Akilov o`z jinoyatini rejalashtirar ekan, uni "Islom davlati" terrorchilik uyushmasi nomidan sodir etishni chamalagan, o`z harakatlari bilan aholi orasida qo`rquv urug`ini sochmoqchi bo`lgan va bu bilan Shvesiya hukumatining xalqaro koalisiya doirasida Iroqdagi "ID"ga qarshi kurashda ishtirok etishini to`xtatmoqchi bo`lgan.
"Islom davlati" Stokgolmdagi terakt uchun javobgarlikni shz zimmasiga olmagan, shu bois Akilov xujum arafasida kimlar bilan xalqaro doirada aloqa qilganligi to`g`risidagi savol javobsiz qolmoqda.
Akilov haqida bor ma`lumotlar shundan iboratki, u 2014 yilda Shvesiyadan boshpana so`ragan, lekin unga rad javob berilgan.
Sudga taqdim etilgan materiallarda 150 nafar jabrdiydalarning ism-shariflari sanab o`tilgan. Eng birinchi o`tkazilgan so`roqlarning birida Akilov yuk mashinasining ruli qarshisida o`zi shaxsan o`tirganini tan olgan. Ayblovchi tomon umrbod qamoq jazosi berilishi, va keyinchalik mamlakatdan chiqarib yuborib, Shvesiyaga kirishga umrbod ta`qiq qo`yilishini so`ramoqda.
Akilovning advokati Yoxan Erikssonning so`zlariga ko`ra, uning himoyasidagi shaxs terrorchilik jinoyatini sodir etganligini tan olgan va jarayon davomida tergov qo`mitasi bilan hamkorlik qilgan. Akilov o`z harakatlariga izoh berar ekan, bu bilan Shvesiya "Islom davlati" terrorchilik uyushmasiga qarshi koalisiyada ishtirok etishini to`xtatishga erishmoqchi bo`lganligini aytgan.
Akilovga ayblov e`lon qilingan vaqtdan buyog`iga to sud jarayoniga qadar, advokat o`z himoyasidagi shaxsning motivlari haqida birorta ma`lumotni oshkor qilmagan, bu borada berilgan savollarga hamma gapni sud vaqtida ayblanuvchining o`z og`zidan eshitgan ma`qulligini ta`kidlagan.