Metroga tushgan yaponiyalik qariya nogironlar va keksalar uchun mo`ljallangan joyga o`tirib olgan yo`lovchiga pichoq bilan hujum qildi, deb xabar berdi lenta.ru nashri.
Polisiya bergan ma`lumotga ko`ra, 62 yoshli Motokadzu Koidzumi o`zi bilan metroning bitta vagonida ketayotgan 32 yoshli yigit bilan joy talashib, janjallashib qoldi. Ular poezddan birga tushganlariga qaramay, janjal platformada ham davom etdi.
Yigit bekatlardan birida chiqib ketayotganda Koidzumi uning qorniga pichoq urib, olomon orasiga yashirindi.
Ertasi kuni qariyaning o`zi polisiyaga kelib, aybiga iqror bo`ldi. U yigitni pichoqlash niyati bo`lmaganligini, unga nogironlar va qariyalar uchun mo`ljallangan joyga o`tirib olganligini tushuntirmoqchi bo`lganda qo`pol muomala qilganliginit ma`lum qildi. Pichoqni ham yomon niyatda emas, balki meva archib eyish uchun yonida olib yurganligini so`zlab berdi.
Hujumdan keyin pichoqlangan yigit kasalxonaga yotqizildi.