AsosiyJamiyat

Garasha qishlog`ida bironta bola “2” baho olsa, tog`da yurgan cho`ponlar ham eshitarkan

'Garasha qishlog`ida bironta bola “2” baho olsa, tog`da yurgan cho`ponlar ham eshitarkan'ning rasmi

Uyg`oq fikr


Inson bu dunyoga kelmasidan oldin onasining jism-u jonida nafas ola boshlaydi. Eng birinchi tinglagan musiqasi onasining yurak urishidir. U hali hech narsani anglamay turib, ona vujudini anglaydi, sezadi. U yorug` dunyoga kelgandagi yig`isi, chinqirig`i ona vujudini tark etgisi kelmaganidan, onaning issiq bag`ridan ayrilishni istamaganidandir.


Farzand bu dunyoga kelishi bilan onaga talpinadi. Ona sutidan a`loroq ozuqasi yo`q. Onasining hididan yoqimli hid, allasidan aziz qo`shiq yo`q. Bu ilohiy bog`liqlikka qanday putur etadi? Qachon putur etadi? Biz hech qachon o`zbekchilikning yozilmagan, ammo muqaddas qonunlariga xiyonat qilmaymiz. Unda onasining aytganini qilmaydigan bolalar qanday paydo bo`lmoqda? Bolalarning murg`ak qalbida bobosi, buvisining fikrini inkor qilish qaerdan paydo bo`lmoqda? Ulardan ruhan uzoqlashish, ularni sog`inmaslik...

Avvalo, biz kattalar bolalarimizdan uzoqlashmayapmizmi? Bizning o`zimizdan boshlanmayaptimi muqaddas qonunlarni pisand qilmaslik? Biz bolalarsiz rohat istab qoldik. Bolalarsiz kafe, restoranlarga borishni istaymiz. Bolalarsiz mehmondorchilikka borishni ma`qul ko`ramiz. Hatto qarindosh-urug`nikiga bolalarsiz borishni qulay sezamiz. Bola bizga xalaqit beradi. Bola bilan borsang, miriqib dam ololmaysan, bola gapni bo`ladi, bola madaniy joylarda madaniyatsizlik qilishi mumkin. Va hokazo...

Biz bolamizga keraklicha vaqt ajratmaymiz. Zero, bu ham har kimda har xil kechadi. Ayrim bola bor – unga bir kunda ikki soat vaqt ajratib, darslarini tayyorlatib, chin dildan gaplashib o`tirish mumkin. Ayrim bola bor – sizni tushunadi, darslarini ham qiladi, qo`shimcha vazifalarni ham ko`ngildagidek bajaradi.

Isroilda bolasi “2” baho olgan odam ishdan bo`shash uchun ariza berar ekan

Albatta, bolaga faqat onaning o`zi har kun vaqt ajratolmasligi mumkin. Unda ota yordamga shoshilmog`i kerak. Yo`qsa, uydagi keksalar ko`makka kelishi kerak. Bola to fanlarni yaxshi o`zlashtirib olguncha, albatta. Isroilda bolasi “2” baho olgan odam ishdan bo`shash uchun ariza berar ekan. Agar uning bolasi bir oy ichida bahosini “5” ga tuzatsa, otaning ish o`rni va oylik maoshi saqlanib qolarkan.

Bizda-chi? Bolamizning fanlardan yaxshi o`zlashtirishi uchun etarli vaqt ajratyapmizmi? Maktab bilan bog`lanib turamizmi? Bola qaysi fandan “oqsayotgan” bo`lsa o`sha fan o`qituvchisi bilan uchrashib maslahatlashyapmizmi?

“Otalarni maktabga jalb etish, ota-onalar yig`ilishiga chaqirish juda qiyin. Yig`ilishlarga asosan onalar kelishadi. Bola yaxshi o`zlashtirmayotganini kundalikka yozib yuborsak, ba`zi otalar bolalarini jazolaydilar. Axir, bunda bolani ruhan mayib qilib qo`yishimiz mumkin-ku. Bola yomon baho olib borsa, bir o`quvchimning otasi soatlab qo`lini ko`tartirib, burchakka turg`azib qo`yar ekan” deydi Sergeli tumanidagi Z-umumta`lim maktabi direktori Nigora Jabborova.

Bolani jazolashdan oldin o`zimizni nazorat qilsak, o`zimizga quyidagi savollarni bersak bo`larmidi:

– Siz bolangiz o`qiydigan maktabga bir yilda bir marta bordingizmi?

– Maktab kutubxonasiga kirib ko`rganmisiz?

–Nega sizning bolangiz birorta ham fan olimpiadalarida ishtirok etmaydi?

–Maktab oshxonasidagi taomlar haqida fikringiz qanday?

–Nega bolangiz kamgap, bolalarga qo`shilmaydi?

–Nega bolangiz sport musobaqalarida faol emas?

–Nega bolangiz keyinga paytlarda jizzaki va asabiy?

–Bolanggizning maktabda do`sti yo`q, nima uchun?

Siz shunchalar bandmisiz? Yoki o`z bolangiz o`qiyotgan maktabga borsangiz obro`yingizga putur etadimi? Bolangizga ta`lim berayotgan o`qituvchilar bilan uchrashsangiz, mansabingizdan tushib qolasizmi?

Yo`q, sizning vaqtingiz yo`q! Ko`ngilochar davralarga, gap-gashtaklarga, bozorma-bozor yurishga vaqt topasiz. Sobiq sinfdoshlar, kursdoshlar yoki hamkasblar, do`stlar, jo`ralar uchun vaqt bor. Maktabga borishga esa vaqtingiz yo`q. Bu adolatdanmi, insofdanmi?

5 ta fan doktori, 8 ta fan nomzodi

Buxoroning Shofirkon tumanida Tezguzar degan qishloq bor. Shu qishloqda o`zbek falsafasining otasi, akademik Ibrohim Mo`minov tavallud topgan. Tezguzar va uning yaqinidagi qishloqlardan 5 ta fan doktori, 8 ta fan nomzodi chiqqan. Tezguzarga bitta yangi kitob kelsa, uni butun mahalla qo`lma-qo`l qilib o`qigan.

Akademikni bolaligida hamqishloqlari “dono qush”deb atashar ekan. Hozir ham tezguzarliklar a`lochi bolalarga ”dono qush”deya hurmat bildirishadi. Jizzaxda Garasha degan qishloq bor. Bu qishloqda bironta bola “2” baho olsa, tog`da yurgan cho`ponlar ham eshitarkan. Yomon baho olgan bolaning ota-onasini ko`rgan garashaliklar uyiga qayg`u yo`llagan odamni ko`rganday hamdardlik bildirib: “Xafa bo`lmang, bolangiz “2” bahoni tezda tuzatadi. Axir u garashalik-ku!" deb dalda berishar ekan.

Yosh Amir Temurga otasi Tarag`ay Bahodir bir kun ko`p qo`y berib, sotib kelishni buyuribdi. Temur qo`ylarni sotib bozor aylanib yursa, bir darvesh qo`lida bir parcha qog`ozga yozilgan she`rni ming tillo tangaga sotaman, deb boshi uzra aylantirayotgan ekan. Temur qog`ozni sotib olibdi. Darvesh unga qog`ozni otang oldida ochib o`qigin, debdi. Shunga ko`ra, Temur qog`ozni otasiga ko`rsatibdi. Darvesh taniqli olim Kamol Xo`jandiy ekan. Tarag`ay Bahodir o`g`lidan ranjisada, bu xarid ortida ezguliklar borligini sezib, mamnun bo`libdi.

“Bilim barcha kulfatlarga qalqon” degan ekan hazrati Rudakiy. Demak,bolalarimizga kitob o`qishni o`rgatish balolardan himoyalanishni o`rgatish ekan-da.

Maktabda shakllanayotgan immunitet oilaga borib boy berilmasin

Bola emaklay boshlaganda issiqda kuyib qolmasligi uchun unga choynakni ko`rsatib, ”Bu issiq, ushlasang kuyasan” deb,tushuntiramiz. Murg`ak buni kunba-kun tushunib boradi. Asta qo`lini tegizib ko`rib,qayta choynakni ushlamaydi. Aqlini taniy boshlagach, elektrdan, olovdan, suvdan ehtiyot bo`lishni o`rgatamiz. Oqibati halokat ekanini bola anglab etgach, xotirjam bo`lamiz. Nega kitob o`qishga – halokatdan himoyalanishga o`rgatmaymiz. O`rgatish, kerak bo`lsa, majburan o`rgatish kerak. To`g`ri, bu og`ir ish. Ketmon chopishni o`rgatish osondir, kamon otishni, qo`shiq aytish o`rgatish osondir, ammo kitob o`qishni o`rgatish og`ir. Bu borada oila va maktab hamkorligi juda zarur. Maktabda shakllanayotgan immunitet oilaga borib boy berilaversa, bola orqaga ketaveradi. Uni har ikki tomon qattiq nazoratda ushlashi shart.

Ha, murakkab yo`l bosib o`tilishi uchun tarbiyaning barcha usullari qo`llanilishi zarur. “O`qituvchiga davlat maosh to`laydi, o`qitish uning vazifasi” desak, adashamiz, o`zimizning zararimizga adashamiz. O`qituvchi o`qitmoqda, tarbiyalamoqda. O`qituvchilar bolaga bergan bilimi uchun maosh oladi. Ammo bolaning bilimi ota-onasiga umrbod xizmat qiladi. Uning aqli ota-onasiga har kun, har lahza baxtli hayot baxsh etadi. Keksaligiga farog`at, umriga mazmun beradi.

Aqlli odamlari ko`p yurt qudratli bo`lishini barchamiz bilamiz. Shuning uchun ham Prezidentimiz 2017 yil 13 sentyabrda “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ib qilish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to`g`risida”gi qarorni qabul qilib, bu masalani davlat darajasiga ko`tardi. Bu qarorning ijrosi har bir oilaga ziyo olib kiradi. Har bir insonning umr yo`lini munavvar etadi. Bugun har bir mahallada kutubxona tashkil etilmoqda. O`quv muassasalarida ommaviy kitobxonlik o`zining dastlabki natijalarini bera boshladi. Shunday ekan, har bir oila boshlig`i o`z muqaddas saltanati – oilasida ma`rifat homiysi bo`lmog`i shart. Tushunmaganlarga tushuntiriladi. Yodidan chiqarganlarning yodiga solinadi. Er yuzida millionlab odamlar savodxonlik baxtidan bebahra. Millionlab odamlar o`z ismini yoza olishdek quvonchdan benasib. Uyiga bir dona ham kitob olib kirmaydigan odamlar bor.

Kitob do`koniga bormagan ota yoki ona ertaga bolasidan nima kutadi?

“Kitoblar donishmandlikni yoyish qurolidir” deya uqtiradi mashhur pedagog Kamenskiy. “Har kun jahonning eng donishmand kishilari bilan muloqotda bo`lishdan ko`ra qimmatliroq nima bor?” deydi Lev Tolstoy.

Uyingizga kitob keltirsangiz, jahon donishmandlarini uyingizga taklif etgan bo`lasiz. Donishmandlar yashayotgan uyga baxtsizlik kirolmaydi.

Muhtaram ota-onalar! Bolangizning o`qishini nazorat qilishga vaqt toping. O`zlashtirishi qiyin bo`lgan fanini aniqlang. Bolani jazolashga, o`qituvchini ayblashga shoshilmang. Sabr bilan yondashing. Bolaga fikrlashni o`rgating. Bola o`zini anglashiga yordam bering. Kuchiga ishontiring. Hozir bolaga vaqt ajratmasak, kelajak bizni kechirmaydi.

Hozir fursatni qo`ldan boy berish, keksalikda xor bo`lishga rozi bo`lishdek gap

U yillab oliy o`quv yurtining eshigidan bosh egib qaytaveradi. Biror joyda ishi yurishmaydi. Bir amallab uyli-joyli qilarsiz ham, undan keyin-chi? To kuch-madordan qolguncha oilasini ham boqarsiz. Siz ham temir odam yoki ochildasturxon emassiz. Bir kun holdan toyib yiqilsangiz, sizni suyab qoluvchi kuch yo`qligini his etib yashashning o`zi og`ir kechadi.

“Oltmish yoshdan keyin qanday yashashing va qancha yashashing bolalaringga bog`liq”degan ekan donishmandlar. Siz etmishdan oshib ham o`zingizni o`zingiz ta`minlashingiz mumkin. Ammo bolangizning jamiyatda o`rni yo`qligini his etish sizni ruhan ezmaydimi?

Bolangizning shaxs bo`lishini ko`rishni istasangiz, bugun maktabga shoshiling!

Ustozlar, murabbiylar bilan hamsuhbat bo`ling. Ularga qanot, quvvat bo`ling. Ular mehnatini qadrlang. Bu yo`lda sizga o`qituvchidan boshqa ko`makdosh yo`q.

Bobosidan qolgan katta boylikni ko`paytirish, hech qursa, uni asrab qolish uchun ham ilm-u uquv zarur-ku. Agar u boylik sizdan nari yo`qolishini istamasangiz bolani kitobga oshno eting.

O`n-o`n besh yil bir pastda o`tib ketadi. Bolaga vaqt ajratgan, bola bilan shug`ullanganlarning bolalari oliy o`quv yurtlariga o`qishlarga kiradi. Olamshumul yutuqlarga erishadi. Ota-onalarining armonlarini ushaltiradi. Zamonasining etuk kishilariga aylanadi. Omadli bo`ladi. O`sha omadli bola sizning bolangiz bo`lsin. O`sha omadli bola mening bolam bo`lsin. O`sha omadli bola kelajagi buyuk O`zbekistoning bolasi bo`lsin,ilohim!


Zulfiya Mo`minova,

O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi, shoira.

    Boshqa yangiliklar