Dominikan Respublikasi kurash federasiyasi Janubiy Amerikada eng etakchi milliy federasiyadir. Federasiya rahbarlarining sa`y-harakatlari bilan har yili muntazam tarzda mamlakat chempionatlari, qit`a birinchiliklari yuqori darajada o`tkazib kelinmoqda.
Xususan, 2005 yil yoshlar o`rtasida V jahon chempionatiga Dominikan Respublikasi mezbonlik qilgani kurash muxlislari yodida. Ushbu mamlakat 2015 yil Panamerika Kurash konfederasiyasiga a`zo federasiyalar ishtirokida Kurash oyligi o`tkazilishining tashabbuskori bo`lgan.
2018 yildan boshlab 23 fevral Dominikan Respublikasida Kurash milliy kuni sifatida nishonlanadigan bo`ldi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Dominikan hukumati qo`llab–quvvatlashi va mamlakat Kurash federasiyasi ijroiya qo`mitasi qarori bilan 23 fevral kuni kurash bo`yicha ko`rgazmali chiqishlar, hakamlik seminarlari, o`quv mashg`ulotlari, turli tanlovlar va kurash sporti targ`ibotiga bag`ishlangan boshqa ko`plab tadbirlar o`tkazilishi belgilandi.
- Kurash milliy kuni sportchilarimiz, murabbiylarimiz, hakamlarimiz va boshqa mutaxassislar tomonidan betakror kayfiyat va muhitda nishonlanadi, – deydi Dominikan kurash federasiyasi prezidenti Israil Karabalo. – Bu tadbirga mamlakatimiz poytaxti Santo-Domingo shahri, shuningdek, Azua, Peraviya, San-Kristobal, San-Pedro-de-Makoris, Monte-Plata, La-Vega, San-Xuan, Duarte, Sanches-Ramires va boshqa provinsiyalarda katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Ishonamizki, Kurash milliy kuni Dominikan Respublikasida kurash ommaviyligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Kurash sporti o`z jozibasiyu insonparvarligi bois ona sayyoramiz xalqlari ko`nglidan munosib o`rin egallamoqda. Har yili kurash xalqaro oilasiga a`zo bo`layotgan davlatlar soni muntazam oshib bormoqda.
Bugungi kunda “kurash”, “halol”, “to`xta”, “ta`zim”, “yonbosh”, “chala” kabi o`zbek so`zlari jahonning 130 dan ortiq mamlakatida jaranglamoqda.
Xalqimizning faxri bo`lgan kurash qisqa vaqt ichida rivoj topib, Osiyo o`yinlari tarkibidan rasman o`rin oldi. Shu yil kuzda Indoneziyada qit`amiz polvonlari Osiyo o`yinlari g`olibligi uchun gilamga chiqadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 2 oktyabrdagi “Kurash milliy sport turini yanada rivojlantirish chora–tadbirlari to`g`risidagi” qarori milliy bo`lgan kurash rivojini yangi bosqichga olib chiqmoqda.






