O`zbekiston futbol Assosiasiyasi tomonidan 21 fevral kuni “Navbahor-Lochinlari” hamda “Bunyodkor” futbol klublarining har biriga 500 million so`m miqdorida jarima solinganligi xabar qilingan edi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ko`plab munozaralarga sabab bo`lgan mazkur qaror yuzasidan O`zbekiston futbol Assosiasiyasi quyidagicha bayonot berdi:
O`zbekiston futbol Assosiasiyasi Ijroiya qo`mitasi Byurosining 2018 yil 21 fevraldagi 6-sonli Qarori amaldagi O`zbekiston futbol Assosiasiyasi Ustavining 14-moddasi hamda O`zbekiston Professional futbol ligasi Reglamentining 3.2 bandi, Intizom kodeksining 5.22-bandiga binoan qabul qilingan.
Reglamentning 3-moddasida futbol klublariga alohida talablar belgilangan bo`lib, uning 3.2-bandida futbolga oid har qanday masalalarda O`FA va O`zPFL qarorlariga bo`ysunishi alohida belgilab qo`yilgan. Shuningdek, O`FA Intizom kodeksining 5.22 bandida talablarni bajarmaslik uchun intizomiy chora sifatida jarima qo`llanilishi belgilangan. Qo`llaniladigan jarima miqdori esa 500 million so`mgacha ko`rsatilgan.
Ustavning 14-moddasida Assosiasiyasi a`zolari uning qarorlariga to`la muvofiqlikda harakatlanishi belgilangan. Majburiyatlarning har qanday a`zolar tomonidan buzilishi esa sanksiyalar qo`llanishiga olib kelishi mumkin.
Tan olish lozim, belgilangan jarima miqdori katta, har qanday klub g`aznasiga ta`sir eta oladi. Ammo bugungi kun talabidan kelib chiqiladigan bo`lsa, har qanday sohada ishchanlik ruhi hukm surayotgan, adolat qaror topayotgan, har bir shaxs Vatan farzandi sifatida yurt rivoji uchun kuyib-yonayotgan davrda mas`uliyatsizlikka, e`tiborsizlikka, ishga ko`z-ko`rona yondoshishga yo`l qo`yib bo`lmasligini har birimiz his qilishimiz kerak.
Qabul qilinayotgan rasmiy hujjatlar hayotga tadbiq qilinsagina, vijdonan bajarilsagina unum bo`ladi. Vaholanki, “Navbahor” klubi ham, “Bunyodkor” klubi ham o`zi bo`ysinuvchi tashkilotning hujjatlariga panja ortidan qaradilar, “kim ko`ribdi, kim bilibdi” qabilida ish tutdilar. Qo`llanilgan jazo esa boshqalarga o`rnak misolida, hushyorlikni oshirish, mas`uliyatni his qilish sifatida qabul qilinishi inobatga olingan.
O`zbekiston futbol Assosiasiyasi mamlakatimizda futbolni muvofiqlashtirish bo`yicha yuqori tashkilot hisoblanadi. Shunday ekan unga bo`ysunuvchi a`zolar, shu jumladan, futbol klublari uning qarorlarini so`zsiz bajarishi va hurmat qilishi lozim, — deyiladi bayonotda.






