AsosiyJamiyat

Ixtiyoriy yordam bering, aks holda aliment

Aliment ajrimi, miqdori, to`lovi, sabablari va ozod etadigan jihatlari haqida Adliya vazirligi huzuridagi sud departamenti mutaxassislari ma`lumot berishadi.

Aliment to`lanishi haqida sud qarori chiqarilgandan so`ng, to`lov qancha muddatda amalga oshirilishi lozim? To`lashdan bosh tortish, bepisandlik bilan qarash holatlari yuzasidan fuqaroga (ota yoki onaga) nisbatan qanday choralar qo`llaniladi?

Sohiba Sherbo`taeva, Toshkent viloyati, Bo`stonliq tumani,

“Tovoqsoy” qo`rg`oni, A. Qahhor ko`chasi 28 uy.

— O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasiga asosan, moddiy yordamga muhtoj bo`lgan voyaga etmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta`minlashdan bo`yin tovlash, ya`ni ularni moddiy jihatdan ta`minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim bo`lgan mablag`ni jami bo`lib uch oydan ortiq muddat mobaynida to`lamaslik, eng kam ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq  bilan jazolanadi.

O`sha qilmish xavfli residivist tomonidan sodir etilgan bo`lsa, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch  yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

KIMNING ZIMMASIDA?

Deylik, aliment to`lovchi chet elga ketmoqchi, kelishi esa noma`lum. Bunday vaziyatda belgilangan aliment to`lovini kim o`z zimmasiga olishi kerak?

Nigora Tosheva, Samarqand shahri

— O`zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 96-moddasiga asosan, ota-ona voyaga etmagan bolalarga ta`minot berishi shart. Voyaga etmagan bolalariga ta`minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qarori yoki buyrug`iga asosan aliment undiriladi. Sud qarori bo`yicha belgilangan alimentni qarzdor ota (yoki ona) to`lamayotgan taqdirda uning yashash joyi bo`yicha tegishli sud ijrochilarining tuman (ijro) bo`limiga murojaat qilish lozim.

TO`LANISh MUDDATI HAQIDA

Ayting-chi, aliment sud qarori qabul qilinganidan keyin qancha muddatdan so`ng to`lanishi shart?

Ziyoda Anorboeva, Toshkent viloyati

— O`zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar xujjatlarini ijro etish to`g`risida”gi Qonunning 30-moddasiga asosan aliment undirish to`g`risidagi ijro hujjati talablari darhol ijro etilishi kerak.

TO`LAShGA LAYoQATSIZLAR

Qanday holatlarda aliment to`lanishi bekor qilinadi, kimlar aliment to`lashga layoqatsiz deb topiladi?

Shahlo Dadaeva, Qashqadaryo viloyati

Oila kodeksining 105-moddasiga muvofiq:

  • aliment to`layotgan ota-onaning boshqa voyaga etmagan bolalari bo`lib, undan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirilganda o`sha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan moddiy jihatdan kamroq ta`minlanib qoladigan bo`lsa,
  • shuningdek, aliment to`layotgan ota(ona) nogiron bo`lib, moddiy jihatdan qiynalib kelayotgan bo`lsa
  • yoki aliment olayotgan shaxs mustaqil daromadga ega bo`lgan taqdirda, aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkin.

Agar voyaga etmagan bola davlat yoki nodavlat muassasalarining to`liq ta`minotida bo`lsa, sud aliment to`layotgan ota yoki onaning moddiy ahvolini hisobga olib, to`lanayotgan aliment miqdorini kamaytirish yoki uni aliment to`lashdan ozod qilish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin. Aliment miqdorini kamaytirish yoki uni to`lashdan ozod qilish uchun asos bo`ladigan holatlar tugaganda manfaatdor taraf aliment qonunda belgilangan miqdorda undirilishini talab qilib, sudga murojaat qilishga haqli.

SABABLAR HISOBGA OLINADIMI?

Aliment to`lashda ajrashish sabablari ham hisobga olinadimi?

Akrom To`xtaev, Qo`qon shahri

— Oila kodeksi moddalari talablariga ko`ra ajrashish sabablari voyaga etmagan farzandga aliment tayinlashda hisobga olinmaydi.

MIQDORI QANChA?

Voyaga etmagan bola uchun to`lanadigan aliiment miqdori qancha va u nimaga qarab belgilanadi?

Ziroat Komilova, Namangan viloyati

Oila kodeksining 99-moddasiga muvofiq, agar voyaga etmagan bolalariga ta`minot berish haqida ota-ona o`rtasida kelishuv bo`lmasa, ularning ta`minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining

— bir bola uchun — to`rtdan bir qismi;

— ikki bola uchun — uchdan bir qismi;

— uch va undan ortiq bola uchun — yarmi miqdorida undiriladi. Bu to`lovning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e`tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko`paytirilishi mumkin.

Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam ish haqining uchdan bir qismidan kam bo`lmasligi kerak.

MODDIY YoRDAM HAM MUMKINMI?

Sud qarori asoida tayinlangan va to`lanishi belgilangan alimentdan tashqari moddiy yordam so`rash yoki talab qilish ham mumkinmi?

Jamila Otaeva, Samarqand viloyati

— Oila kodeksining 103-moddasiga asosan ota-ona favqulodda holatlar (bolalar og`ir shikastlanishi, kasal bo`lishi va boshqalar) tufayli kelib chiqqan, bolaning ta`minoti uchun zarur bo`lgan qo`shimcha harajatlarda ishtirok etishi shart. Qo`shimcha harajatlarda ishtirok etishdan bosh tortgan ota (ona)dan sud ularning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olib, qo`shimcha harajatlarni qisman pul bilan  to`lanadigan qat`iy summada undirish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin. 

FARZANDDAN MODDIY YoRDAM?!

Uzoq yillik turmushdan so`ng ajrashganda ham ota-onalardan biri voyaga etgan farzandlaridan moddiy yordam olish huquqiga egami?

To`lagan Oqilov, Sirdaryo viloyati

Oila kodeksining 109-moddasiga asosan voyaga etgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj o`z ota-onasiga ta`minot berishlari va ular to`g`risida g`amxo`rlik qilishlari shart.

OTA-ONANGIZGA ALIMENT TO`LAYSIZ, AGAR...

Yordamga muhtoj mehnatga layoqatsiz ota-onaga aliment to`lash qay tartibda amalga oshiriladi?

Nodir Jumaev, Toshkent shahri

— Oila kodeksining 110-moddasiga asosan voyaga etgan, mehnatga layoqatli bolalar o`z ota-onasiga ixtiyoriy ravishda moddiy yordam berishdan bo`yin tovlasalar, ta`minot miqdori bolalarning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olgan holda sudning hal qiluv qaroriga asosan belgilanadi. Ota-ona, aliment undirish haqidagi talabni o`z bolalarining biriga yoki bir nechtasiga nisbatan qo`yganligidan qat`i nazar, aliment miqdorini belgilashda sud voyaga etgan, mehnatga layoqatli bolalarning barchasini hisobga olishi lozim. Voyaga etgan, mehnatga layoqatli bolalardan aliment undirish nizosi uzil-kesil hal bo`lgunga qadar sudya shu nizo bo`yicha vaqtincha to`lab turilishi lozim bo`lgan summani ko`rsatib, ajrim chiqarishi mumkin. Voyaga etgan, mehnatga layoqatli bolalardan undirilayotgan aliment miqdori qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqi miqdorining uchdan bir qismidan kam bo`lmasligi kerak.

SIZ OZODSIZ, QAChONKI...

Qay hollarda sud er va xotinni bir-birlariga ta`minot berish, ya`ni voyaga etmagan farzandlari uchun aliment to`lash majburiyatidan ozod qiladi?

Botir Oqilov, Qashqadaryo viloyati

— Oila kodeksining 120-moddasiga asosan sud quyidagi hollarda ta`minot berish majburiyatidan ozod qilishi mumkin:

  • Agar er-xotin nikohda qisqa vaqt mobaynida bo`lgan bo`lsa;
  • Agar o`z ta`minoti uchun mablag` to`lanishini talab qilayotgan er yoki xotinning noloyiq xulq-atvori tufayli nikohdan ajratilgan bo`lsa;
  • Agar yordamga muhtoj er yoki xotinning mehnatga layoqatsiz bo`lib qolishi uning spirtli ichimliklarni, giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni suiiste`mol qilishi yoki qasddan jinoyat sodir etishi oqibatida yuz bergan bo`lsa, er (xotin)ni yordamga muhtoj mehnatga layoqatsiz xotin (er)ga ta`minot berish majburiyatidan ozod qilishi yoxud bu majburiyatni muayyan muddat bilan cheklab qo`yishi mumkin.

Umida Yakubova tayyorladi

 

 

    Boshqa yangiliklar