AsosiyJamiyat

Inxa universitetiga kirish imtihonlari savollarining namunalari namoyish etildi

Poytaxtimizda Janubiy Koreyaning Inxa universiteti prezidenti Pak Chun-Bening akademik lisey va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi.

O`zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasi tomonidan tashkil etilgan uchrashuv videokonferensiya shaklida o`tkazilgani unda mamlakatimiz hududlaridan ham abiturientlarning ishtirok etishiga imkoniyat yaratdi, deya xabar beradi O`zA.

O`zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasi raisi o`rinbosari Sh.Shermatovning ta`kidlashicha, mamlakatimizda ta`lim sohasining izchil isloh etilayotgani barcha yo`nalishlar, jumladan, axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasida ham yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilmoqda. Mamlakatimiz poytaxtida Janubiy Koreyaning Inxa universiteti filiali ochilishi amalga oshirilayotgan islohotlarning yorqin samarasi bo`ldi.

Tadbirda Pak Chun-Be Toshkent shahridagi Inxa universitetida axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasida etakchi mutaxassislar tayyorlash uchun barcha zarur sharoit yaratilishini ta`kidladi. Prezidentimizning 2014 yil 24 martda qabul qilingan “Toshkent shahrida Inxa universitetini tashkil etish to`g`risida”gi qarori va O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 27 martdagi “Toshkent shahridagi Inxa universitetining faoliyatini tashkil etish va moddiy-texnika bazasini shakllantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bu boradagi ishlarni takomillashtirishda muhim omil bo`lib xizmat qilmoqda. Pak Chun-Be Toshkent shahridagi Inxa universiteti yaqin kelajakda nafaqat O`zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida axborot texnologiyalari sanoati mutaxassislarini tayyorlaydigan etakchi markazlardan biriga aylanishiga ishonch bildirdi.

Mamlakatimizning o`rta maxsus ta`lim muassasalari o`quvchilari yangi oliy o`quv yurtiga kirish, bu erda tahsil olishga oid o`zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi va Janubiy Koreya oliy ta`lim tizimi bilan tanishdi. Videokonferensiyada Toshkent shahridagi Inxa universitetiga kirish imtihonlari savollarining namunalari namoyish etildi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar