AsosiyJamiyat

“Yo`rgaklangan” pullar yoxud yana bir fosh qilingan chaqaloqfurushlik

Navbatdagi hukmni o`qib,  butun tanam muzlab qolganday bo`ldi, bunday jinoyatchilarni kim deb atashga ham ojiz qoldim. Nahotki, o`zi ona bo`la turib, birovning dilbandini qaysi vijdon bilan birovga pullashi mumkin? Nahotki, «Dunyoda bolam deb” yashaydigan, oyog`iga kichkinagina zirapcha kirsa ham kipriklari bilan olishga tayyor, jigarporasini birovga ishonmaydigan o`zbek ayoli to`qqiz oy qornida ko`tarib yurgan polaponini  o`zgalar qo`liga topshirsa-ya? Ha, “sholi kurmaksiz bo`lmaydi”, deganlari shu bo`lsa kerakda?..

TANIShUV

Avvalo “O`zbek Ayoli”, deya oftobga qiyoslangan sharafli nomga dog` tushirganlar bilan tanishib olsak. Saodat Ro`zieva  (maqoladagi ism-shariflar o`zgartirilgan), 1979 yilda tug`ilgan, uy bekasi. Nigora Qodirova, tez tibbiy yordam bo`limlaridan birining feldsheri. Dilrabo Tojiboeva, tug`uruq bo`lim doyasi. Zarnigor Yo`lchieva,  ginekologiya bo`limi bekasi. Muqaddas Jo`raeva, vrach akusher-ginekolog.

Besh ayol bir guruhga birlashib, yangi tug`ilgan chaqaloqlarni sotish bilan muntazam shug`ullanib kelishgan. Nigora Qodirova, Dilrabo Tojiboeva, Zarnigor Yo`lchieva va Muqaddas Jo`raevalar bir sohaning odamlari. Ular bir-birini tanishar. Ammo uy bekasi Saodat Ro`zieva bu guruhga qanday qo`shilib qoldi, deb o`ylayotgandirsiz. Yo`q, ular avvaldan tanish bo`lishmagan.

Saodat xokisor uy bekasiday ko`rinayotgan bo`lsa-da, aslida chaqaloq “biznesi”da eng asosiy vazifani bajargan. Yana biroz ortga, ya`ni oq xalatli xonimlar bilan uy bekasining tanishuv “marosimi”ga qaytamiz.

O`shanda 2012 yilning yanvari edi. Saodat Uchqo`rg`on tumani markaziy shifoxonasi, tez tibbiy yordam bo`limiga kelgandi. Uy bekasi bo`lsa-da, ko`cha odamlari bilan tezda til topishib ketardi. Nima bo`ldi-yu unga shu bo`lim feldsheri Nigora Qodirovaning mulozamati yoqib qoldi. Bir-birlari bilan bir zumda xuddi qadrdon, sirdosh dugonalarday apoq-chapoq bo`lib ketishdi. Suhbat orasida Saodat uyda o`tirgani bilan «qo`lidan” ancha-muncha ishlar kelishini feldsherga aytgan chog`i, oradan hech qancha o`tmay Nigora unga “Tug`ilganlik haqidagi guvohnoma topib bersangiz”, deb iltimos qiladi. Keyin esa «Bahonada siz ham biror narsaga erishib qolardingiz. Axir bolaga zorlar qancha? Tug`ib qo`yib, ularni birovlarga bervoradiganlar ham ancha. Shunday gaplar qulog`ingizga chalinsa, menga xabar qiling. Qo`rqmang hammasi qonuniy bo`ladi. Buning ustiga tirnoqqa zorlar uyini chaqaloq yig`isiga to`ldirish ham savob”, deya uni yangi “biznes”ga taklif etadi. Shundan keyin feldsher va uy bekasi o`rtasida yangi «biznes reja” tuzilib, ishga kirishiladi. “Bekor o`tirguncha bekor ishlash”ni xush ko`ruvchi Saodat bir necha kun ichida oq xalatli dugonasi gapiga binoan, endigina ikki yoshga to`lgan shirin qizaloqni topib, Nigoraga xabar qiladi. Nigora esa…

NORASIDANING BAHOSI QANChA?

Nigora Qodirova qarasa, yangi dugonasi epchil,  chaqqongina ekan.

-Sizga aytdim-ku, Saodatxon, hammasi qonuniy deb. Ko`rdingizmi, o`zingiz ham «bir nimali” bo`lib qoldingiz. Yana bolasidan voz kechuvchilar bo`lsa, menga xabar beravering. Shaharda ham tanish dugonalarim bor. Farzand ko`rolmayotganlarni menga darrov topishib beradi, - deydi.

Beli og`rimay qo`li pul ko`rganidan shod Saodat yana boladan «bezgan” oilalarni izlashga tushadi.

2012 yilning sentyabr oyida bir tanishi:

- Eh, odamlarga ham hayron qolasan. Bolani dunyoga keltirish osonmikan? Bir qarindoshim yaqinda tuqqan o`g`lidan voz kechmoqchi-ya, - deb qoladi. Saodat ham «temirni qizig`ida bosib”, barcha tafsilotlarni so`rab-surishtirib oladi. Keyin esa «vallomati” Nigoraga “sotiladigan bola topganligi” haqida qo`ng`iroq qiladi. Chaqaloq savdosini keng miqyosda olib borishni ko`zlagan Qodirova esa shahar shifoxonasida ishlaydigan hamkasblari Dilrabo Tojiboeva va Zarnigor Yo`lchievaga «Tovar tayyor. Tezroq xaridor topinglar», deya topshiriq beradi. Ular esa o`z navbatida qo`l ostida ishlovchi «ishonarli” hamshiraga topshiriq beradi. «Ishonarli hamshira» ularning buyrug`ini tezlik bilan hal etadi: “xaridor ham tayyor” degach, Nigora Qodirova, Dilrabo Tojiboeva Saodat Ro`zieva 2012 yilning 16 sentyabrida tug`ilgan o`g`il bolani yangi “dada”siga 2012 yilning 24 sentyabrida 1100 AQSh dollariga sotishadi.

Pullar o`rtada taqsimlangach, yana hamma o`z “ishi”ga, aniqrog`i, o`z “postlari”ga ketishadi. Odatdagiday Saodat Ro`zieva bola izlashga tushadi. 2012 yilning oktyabr oyi u va hamtovoqlari uchun “hosil yig`ish” oyiga aylanib ketdi. Avvaliga Saodat kimdandir “Kimdir 1 yoshdan oshgan qizalog`ini tashlab ketibdi”, degan gapni eshitadi-yu, oyog`ini qo`lga olib chopadi. Shiringina qizaloq shifoxonada ekan.

-Voy jiyanimning shirinligini. Onasi bechora kasal bo`lib qoldi-da, shuning uchun o`zim olib ketaqolay, deb keldim, - deya bolani ko`targancha, yana Nigora Qodirovaga sim qoqadi. Qodirova esa “xaridor topish masalasini” Zarnigor Yo`lchievaga yuklaydi. Zarnigor ham bu «ish”da ancha “pishib” qolgan, darrov “tashlandiq” qizaloqqa “ona” topadi. Ular hali onasining kimligini ham tanishga ulgurmagan qizchani yangi «ona”siga 1300 dollarga pullashadi.

Oktyabr oyining keyingi “bola ovida» ham – “kuchli uchlik” zanjiri  “bolatopar” Ro`zieva, “buyruqboz” Qodirova, “bolaga zorlar markazi boshlig`i” Zarnigor Yo`lchievalar faol ishtirok etishib, onasi voz kechgan 2 yoshli qizaloqni   yangi “ona”ga 1000 dollarga pullashadi.

“DOYaLAR”

Chaqaloqning «inga”si – uni dunyoga kelishiga sababchi bo`lgan ota-ona uchun eng totli, xushbaxt ovoz. Lekin Saodat Ro`zieva bu ovozni eshitsa, ko`ziga pul ko`rinaveradi. Lekin hamma ham u o`ylaganday bolasidan voz kechadigan emas. Shu bois ikki «muvaffaqiyatli ovi”dan keyin qancha so`rab-surishtirmasin, dilbandini sotadiganlarni topa olmay qoldi. Buyoqda «vallomati” har kuni “Topdingizmi?”, deb so`rashini qo`ymaydi. Bir kuni...homilador yosh ayolni ko`rib, u bilan tanishib qolgach, darrov Qodirovaga xabar qiladi.

- Nigoraxon, hozir bir qiz bilan turibman. Homilador ekan. Bechora «Bolamni boqolmayman”, deyapti. Shunga yordamingiz kerak bo`lib qoldi.

Bu gapni eshitgan Nigora Qodirova tezlik bilan Saodatning oldiga etib keladi.

- Voy singlim, nima bo`ldi? Qo`rqmang, men shifokorman. Qiynalmasdan engillab olasiz. Bolaga kelsak, undan ham xavotir olmang.... Hozircha shu opangiznikida yashab turasiz. Nazoratimda bo`lasiz, - deydi-yu uni tug`dirishni Dilrabo Tojiboevaga yuklaydi.

O`zi esa hali dunyoga kelmagan bola uchun “ota-ona” qidirishga tushadi. Bu ishni hal qilib bo`lgan paytda yosh onaning ham «ko`zi yoriydi”.

Saodat Ro`zievaning xonadonida 2012 yil 26 noyabrida tug`ilgan chaqaloq, o`zini dunyoga keltirgan onasining ko`kragidan bir bor emadi-yu, 1200 dollarga sotilib ketadi. Pul esa Ro`zieva, Qodirova, Tojiboeva va chaqaloqning onasi o`rtasida taqsimlanadi.

“Ayol bolani dunyoga keltirib, unga bir-ikki bor ko`krak tutsa mehri tushib qolar ekan. Shuning uchun sotishga ko`zi qiymaydi. Unda ko`ra, homilador ayollarni qidirganim tuzukroq ekan”, degan xulosaga kelgan Saodat Ro`zievaga yana bir homilador ayol “dardi”ni aytib qoladi. Uning ham «dardi” tug`ilajak bolasidan voz kechish ekan. Darrov yana Nigora Qodirova va Dilrabo Tojiboeva hamkorligida bola dunyoga keltiriladi. Keyin sohta hujjatlar tayyorlanib, ona sutiga to`ymagan chaqaloqni “xaridor”ga 1600 dollarga pullashib yuboradi.

HAR KIMKI YoMON BO`LSA...

Bu haqiqat ushbu misralarni yozgan  Bobur Mirzodan oldin ham isbotlab kelingan. O`zlaricha «tirnoqqa zorlar uyini chaqaloq yig`isiga to`ldiryapmiz. Savob ish”, deya jinoyatlarini xaspo`shlab, norasidani sotib kun ko`rganlarning asl maqsadi “havodan pul yasash” edi. Bunga bir muncha muddat erishdilar ham. Ammo jinoyat izsiz ketmaydi. Ularning ham bunday chaqaloqfurushligi oxir-oqibat oshkor bo`ldi. Jinoyatchilar sudda “Engillik beringlar. Axir...”, deya ayolligini, Onaligini pesh qilishdi. Ayol, Ona ekanligini nega birovning bolasini birovga pullayotganida esiga kelmadi?! Saodat Ro`zieva-ku uy bekasi ekan. Ammo to`rt shifokorning barchasi tug`ilajak chaqaloqlar uchun mas`ul vazifani bajarishadi. Ginekologlarni, doyalarni, feldsherlarni ota-ona baxtiga musharraf bo`ladiganlar farishtalar o`rnida ko`rishadi. Ammo “to`rtovlon” bu nomga isnod keltirishdi. Ular beozor, norasida, begunoh chaqaloqlarning uvolidan qo`rqishmadimikin?

Habibullo Isaqov, Namangan viloyat

prokurorining katta yordamchisi,

Dilmurod PARPIEV, jurnalist

    Boshqa yangiliklar