Dunyoni aylanib chiqish – ko`pchilikning orzusi. Ammo moliyaviy ahvoli haminqadar bo`lgan, boz ustiga vaqti cheklangan kamdan-kam odam bunday mashaqqatli ishga qo`l uradi. Shunday bo`lsa-da, ikki nafar amerikalik ana shunday sayohat bo`yicha rekord o`rnatishga erishdi.
Kaliforniyalik Juli Berri va texaslik Keysi Styuart bir-birlarini ijtimoiy tarmoqlar orqaligina bilishar edi. Faqat bir bor Yangi Zelandiyada uchrashishgan, keyin ularning yo`li yana ayrilgandi. Muloqot esa yana o`sha-o`sha — virtual olamda qoldi. Keysi sarguzasht turlar bo`yicha xizmat ko`rsatadigan firma direktori bo`lgani uchun, allaqachon o`nlab mamlakatlarga borishga ulgurgan edi. U to 33 yoshga chiqqunga qadar sayyoramizdagi barcha qit`alarni ko`rishni diliga tukkan edi.
Ana shu niyatni birgalikda ro`yobga chiqarish uchun esa do`sti Julini taklif qildi. Maqsad birgalikda sayohat qilib, rekord o`rnatish!
Juli ham darrov ko`na qoldi. Chunki u uchun sokin hayot begona edi. Murakkab vaziyatlarda yashab qolish bo`yicha realiti-shouning doimiy ishtirokchisi haqida yana nima deyish mumkin!?
Safar o`tgan yil 13 dekabr kuni boshlandi va oradan 14 soatu 45 daqiqa o`tib yosh juftlik Dubayga kelib qo`ndi.
U erdan Qohiraga, so`ngra Frankfurtga parvoz qilindi. Navbatdagi manzil Toronto bo`ldi, keyin Santyago.
Bu erdan Chilining yana bir shahri Punta-Arenasga etib borishdi. Navbatdagi maskan, so`nggi nuqta — Antarktidaga esa 16 dekabr kuni tashrif buyurishdi.
Shunday qilib, sayohat uchun 92 soat 4 daqiqayu 19 soniya vaqt sarflandi. Loyiha esa “Ettita materikni 72 soatda” deya nomlandi. Ajablanmang, odatda g`arbliklar Evroosiyo materigini ikkita mustaqil hudud, ya`ni Evropa va Osiyo deb qabul qilishadi.
To`g`ri, Keysi va Juli o`z maqsadiga 72 soatda erisha olmadi. Antarktidadagi kuchli bo`ron tufayli reysning kechiktirilishi sayohat muddatini biroz uzaytirib yubordi. Shunga qaramay, ular rekordni yangilay oldi. Negaki, bu boradagi oldingi ko`rsatkich 120 soatga teng edi.
Bir qarashda, bunday sarguzasht hayratlanarli. Ammo qisqa muddat ichida dunyo o`lkalari go`zalliklari, yangiliklaridan bahra olish, turfa madaniyatlar bilan yaqindan tanishishga ulgurmaydi kishi.






