AsosiyJamiyat

Ko`mir korxonalarini modernizasiyalashga 2018 yilgacha 500 million AQSh dollar yo`naltiriladi

Milliy matbuot markazida “O`zbekko`mir” ochiq aksiyadorlik jamiyati tomonidan ko`mir sanoatini rivojlantirish istiqbollariga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi.

Bugun iqtisodiyot tarmoqlari va aholini qattiq yoqilg`i bilan uzluksiz ta`minlash ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning muhim omilidir. Ko`mir sanoati mamlakatimiz yoqilg`i-energetika majmuasida muhim o`rin tutadi.

Mamlakatimizda 1832,8 million tonna aniqlangan ko`mir zaxirasi mavjud. Angren, Sharg`un va Boysun konlarida yiliga qariyb to`rt million tonna qattiq yoqilg`i qazib olinayotir.

Tadbirda ko`mir sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo`nalishlari ta`kidlab o`tildi. Zamonaviy tog`-kon transport texnikasidan foydalanish, ko`mir sanoati korxonalarini modernizasiya va rekonstruksiya qilish, texnik qayta jihozlash hisobidan ko`mir qazib olish hajmini oshirish shunday yo`nalishlardan biridir. Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida ko`mir sanoati korxonalarini modernizasiya qilish bo`yicha 2018 yilgacha mo`ljallangan dastur tasdiqlangan. Dasturda ko`zda tutilgan loyihalarni amalga oshirishga 500 million AQSh dollaridan ortiq mablag` yo`naltiriladi.

Ishtirokchilarga aholiga ko`mir sotish bo`yicha yangi distribyutorlik markazlari ochilgani to`g`risida ma`lumot berildi. Ayni paytda mamlakatimizning turli hududlarida oltita shunday markaz faoliyat yuritmoqda. Yaqin vaqt ichida yana ettita markaz o`z faoliyatini boshlaydi.

    Boshqa yangiliklar