AsosiySport

Kurash bo`yicha Osiyo polvonlari Punada aniqlanadi

'Kurash bo`yicha Osiyo polvonlari Punada aniqlanadi'ning rasmi

Osiyo-Okeaniya kurash konfederasiyasining (KSAO) taqvimiga asosan joriy yil 22 — 25 mart kunlari kurash bo`yicha X Osiyo chempionati bo`lib o`tadi.

Yubiley tarzida tashkil etilayotgan navbatdagi qit`a birinchiligiga Hindistonning Puna shahri mezbonlik qiladi. Musobaqalar erkaklar o`rtasida 7, ayollar o`rtasida 8 vazn toifasida o`tkaziladi.

Chempionat dasturi doirasida Osiyo-Okeaniya kurash konfederasiyasining ijroiya qo`mitasi majlisi va KSAO Kongressi tashkil etiladi.
Kongress kun tartibiga Konfederasiya vise-prezidentlari va qo`mita rahbarlari hisobotlarini tinglash, yangi federasiyalarni a`zolikka qabul qilish, kurashni yanada rivojlantirish bo`yicha takliflarni muhokama qilish va boshqa masalalar kiritilgan deyiladi Osiyo-Okeaniya kurash konfederasiyasi matbuot xizmati xabarida.

Musobaqa davomida joriy yil Indoneziyada bo`lib o`tadigan yozgi Osiyo o`yinlarida kurash bo`yicha bellashuvlargi boshqaradigan hakamlar uchun maxsus o`quv-seminari ham o`tkaziladi. Shuningdek, 2017 yilning turli nominasiyalar bo`yicha eng yaxshi deb topilgan shaxslarni taqdirlash marosimi tashkil etiladi.
Hindiston Kurash federasiyasidan olingan ma`lumotga ko`ra mazkur nufuzli kurash bayramini yuqori darajada o`tkazish uchun barcha tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Kurash bo`yicha Osiyo chempionatlariga bungacha Toshkent, Shahrisabz (O`zbekiston), Dehli, Kerala (Hindiston), Tehron, Mashhad (Eron), Qobul (Afg`oniston), Ulan-Bator (Mongoliya), Bayrut (Livan) shaharlari mezbonlik qilgan.
Ma`lumot o`rnida aytib o`tamiz, Osiyo olimpiya kengashining 2017 yil 20 sentyabrdagi Bosh Assambleyasida kurash joriy yil avgust-sentyabr oylari Indoneziyada bo`lib o`tadigan yozgi Osiyo o`yinlari dasturiga rasman kiritilgan.

"Xalq so`zi"

    Boshqa yangiliklar