O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 14 mart kuni qishloq xo`jaligi mashinasozligini rivojlantirish va sohani zamonaviy texnika bilan ta`minlash borasidagi ishlar natijadorligiga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Prezidentning 2016 yil 17 noyabrdagi «O`zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori asosida qishloq xo`jaligi mashinasozligi tizimi qayta tashkil etildi.
2017 yilda qishloq xo`jaligi texnikasini ishlab chiqarish va lizing xizmatlari 1,7 marta, mexanizasiya xizmatlari 2,5 barobar ortdi.
Yig`ilishda qishloq xo`jaligi texnikasi ishlab chiqarish, servis xizmatini yaxshilash, importni optimallashtirish, eksportni kengaytirish bo`yicha muayyan kamchiliklar mavjudligi, qishloq xo`jaligi texnika bilan 85 foiz ta`minlangani, ularning ma`lum qismi eskirgani, ularni o`z vaqtida yangilash choralari ko`rilmagani qattiq tanqid qilindi.
Belgilangan vazifalarni o`z vaqtida ijrosini nazorat qilmagani uchun bosh vazir o`rinbosari — «O`zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Nodir Otajonovga hayfsan berildi. Ishda yo`l qo`ygan sustkashliklari uchun «O`zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o`rinbosarlari — «O`zagroservis» aksiyadorlik jamiyati bosh direktori R. Ahmedov, «O`zagrolizing» aksiyadorlik jamiyati bosh direktori X. Imamov, Vazirlar Mahkamasi Axborot-tahlil departamenti mudiri A. Rafiqov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.
Bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish, sohani rivojlantirish maqsadida 2018–2021 yillarda qishloq xo`jaligi texnikasi ishlab chiqarish va etkazib berish bo`yicha dastur ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.
Bahorgi agrotexnika tadbirlari uchun rejalashtirilgan texnikani to`liq etkazib berishni qattiq nazoartga olish, mashina-traktor parklari tizimini takomillashtirish zarurligi ta`kidlandi.







