To`ng`ich qizimga maktub

Hidoyat sari 15.03.2018, 10:54
To`ng`ich qizimga maktub

Munis qizginam, bir ish qilishingdan oldin obdon o`yla, shoshma-shosharlik qilma, qat`iy qaroringdan keyingi voqealar ketma-ketligiga mendek javob berma. Hayotda hamma narsa bo`ladi, mabodo senga nisbatan zulm va nohaqliklar bo`lsa barchasini Allohga havola et, bandasiga emas. Neki so`rasang, Allohdan so`ra, beminnat yordamchi, yagona ilohdir. Har bir narsani Allohga tavakkal qilib boshla, oshkorayu pinhona yod et.

Mushkul vaziyat va qiyinchiliklarga bardosh qilish bilan ko`p yutuqlarni qo`lga kiritish mumkin. Hayotdagi og`ir kunlar kelgusidagi musibatli kunlarga bardosh berishda madad bo`ladi senga. Bu dunyo o`tkinchi bo`libgina qolmay, sinov-imtihondir ham. Hech qachon notanish odamlar suhbatida bo`lma, e`tiqod-amaling Buyuk Qur`oni karim hamda Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislari bo`lsin. Ilm olishda dangasalik qilma, diniy va dunyoviy bilimlaringni kuchaytir. Allohga ibodat qilib ota-onang haqqiga ham duo qil qizim. O`rganganlaringni jigarlaringga ham o`rgat, mabodo men ulgurmasam...

Bilmayman, senga qanday sinovlar keladi. Xotirjamlikka cho`milib, g`aflatda qolma.

Menga sinov faqat turmushdan keldi. Chunki men xotirjam edim. Oilaviy masalalarda chin dildan, ochiq ko`ngillik ila faqat yaxshiliklarga oshno bo`lib er va qarindoshlar masalasida qo`limdan kelgancha tirishib hayot boshladim. “O`zing yaxshi – olam yaxshi”. Har bir ishni xolis Alloh uchun qilsam, bundan kim ayb topadi shiorlarim ila boshlagan turmushimda sovuq, izg`irin, bo`ronlar boshlangan. Har bir ishni ikki tomoni bo`lgani holda faqat salbiy kashf etila boshladim.

Qalbingni Allohdan o`zgasiga topshirma. Evaziga alam olasan. Atrofingdagi buzg`unchi, g`iybatchi, dilozor kishilarga faqat achinish ko`zi bilan qaragin, zinhor nafratlanma, ular sen orqali, sen ular orqali sinalyapsan, sabrli bo`l. Balki senga haqlaringga rioya etadigan, Allohning omonatiga ehtiyotkorlik bilan muomala qilguvchi kuyov nasib etar. Ammo hech narsadan xotirjam bo`lma. Hayotda sen kutmagan zarbalar bo`lishi mumkinligi haqida ham o`ylab qo`y. Oxirat azoblaridan dunyo azoblarini ustun qo`yma. Jannat haqida ko`proq fikr yurit, dunyo matohidan yuz o`gir. Har bir narsaning hikmati bor. Zero, Alloh berganni olib qo`yguvchi yo`q, bermaganini tortiq qiluvchi yo`q. Ammo senga berayotgan nasihatlarimga amal qilishim shu yoshda o`zgarishim qiyinroq bo`lmoqda. Yashab turgan uyimni ammang meniki deyishi, minib turgan mashinamizni amaking boshqani nomiga rasmiylashtirishiga rosa jazavam tutdi. Har doim har xil narsalar egri yo`llar axtarishlari asabimning, sog`ligimning yo`qolishiga sabab bo`ldi. Dunyo matohi uchun kuyunma, mayli yulg`uchlarga ber uni. Evaziga sog`ligingni asraysan. Qizim hattoki og`zingdagi luqmani tortib olishlari ham mumkin, ammo qalbingda “nega?” degan savol tug`ilmasin – azobing ortadi. Shukr qilki “haqxo`rlar” imoningni olishga qodir emas. O`shalar achinishga loyiq bo`lmasalar-da achin va qo`l silta.

Qizim birov narsa bersa sevinma, minnati o`ldiradi. Birovlar yordamiga umidvor bo`lma, kutma... Nafsingni har tomonlama eng, ko`proq kitob o`qi, qalb gapga o`chligini ham yo`qot. Hasratlaringni o`zgalarga aytish ila engil bo`lishni o`ylama ham. Do`sting Alloh, dardkashing onangdir. Men yo`q bo`lsam singillaringga suyan, ishon. Oila va farzandlarini eng oxirgi o`ringa qo`yishini olmagan-da dadang risoladagidek turmush o`rtoq, a`lo darajadagi otadir. Ba`zi xislatlaridan yaqinlari foydalanishadi, xalos.

Qorani oqdan ajrata oladigan yoshdasan. Ilmli bo`lsang, sabrli bo`lasan. Sabrli bo`lsang, hech kimning zulmi o`tmaydi. Ba`zida sendagi jahlni ko`rib hayron qolaman, bu qaerdan keldi. Vazmin va imonli bo`l. Chegaralarni aniqlab, hadlardan o`tma. Hayotni, senga berilgan umrning hamda imkoniyatlarning qadriga et. Boshimdan o`tganlarini shikoyat qilib emas, ibrat bo`lsin deb eslatdim. Shaytonning makrlaridan ehtiyot bo`l deb aytdim. Aslida ular ham yomon odamlar emas...

O`zingni begonalarning yomon nazaridan asra qizim!

Onaizoring

O`MI Matbuot xizmati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1