AsosiyJamiyat

To`ylar bo`yicha qaror loyihasi muhokamaga qo`yildi: «Kelinsalom», «Kuyovnavkar» va "Love story" man qilinadi

'To`ylar bo`yicha qaror loyihasi muhokamaga qo`yildi: «Kelinsalom», «Kuyovnavkar» va "Love story" man qilinadi'ning rasmi

O`zbekiston Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida 15 mart kuni Oliy Majlis Senatining «To`y-hashamlar, oilaviy tantanalari, ma`raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag`ishlangan tadbirlar o`tkazilishini tartibga solish» to`g`risidagi qarori loyihasi e`lon qilindi. Loyiha muhokamasi 30 martgacha davom etishi, shu sanadan so`ng u qabul qilinishi kutilmoqda.

Qaror loyihasiga to`y va ma`arakalarni o`tkazish bo`yicha nizom loyihasi ham ilova qilingan bo`lib, uning 7-bandida taqiqqa tushishi kutilayotgan to`y atrofidagi tadbir va marosimlar ro`yxati keltirilgan.

Oilaviy tadbirlarni o`tkazish tartibiga qo`yiladigan umumiy talablarda aytilishicha, to`y-hashamlar soat 10:00 dan 23:00 gacha, osh berish marosimlari soat 12:00 dan 15:00 gacha o`tkaziladi. Soat 23:00 dan keyin oilaviy tadbirlarni davom ettirishga yo`l qo`yilmaydi.

To`y-hashamlarda 150 nafargacha, osh berish marosimlarida 200 nafargacha kishi qatnashadi.

Dafn etish va motam marosimlarida cheklanmagan miqdorda fuqarolar ishtirok etishi mumkin, osh berish marosimlari bundan mustasno.

Oilaviy tadbirlarni o`tkazishda quyidagi talablarga rioya etilishi shart:

- nikohni davlat ro`yxatidan o`tkazish hamda kelin-kuyovning to`yxonaga kelishi va ketishi bilan bog`liq oilaviy tadbirlarda jamoat xavfsizligini ta`minlash nuqtai nazaridan 2tadan ko`p bo`lmagan engil avtomashinadan foydalanish;

- oilaviy tadbirlarda pullik avtotransport xizmati faqat lisenziyaga ega bo`lgan tashuvchilar tomonidan ko`rsatilishi;

- milliy urf-odat va an`analarni mensimaslik, shuhratparastlik, dabdababozlik, isrofgarchilik holatlariga yo`l qo`ymaslik;

- mahallalarda ijtimoiy-ma`naviy muhit barqarorligiga putur etkazmaslik, jamiyatda shakllangan odob-axloq qoidalariga qat`iy amal qilish.

Oilaviy tadbirlarda diniy mavzuda ma`ruza ko`zda tutilgan bo`lsa, ushbu ma`ruza din sohasi vakili tomonidan amalga oshiriladi.

Din sohasi vakiliga adliya organlarida ro`yxatga olingan diniy tashkilot, diniy ta`lim muassasasida ishlaydigan, diniy bilimga ega shaxs, masjid imom-xatibi va noib-imomi kiradi.

Oilaviy tadbirlarda lisenziyalanadigan faoliyat turidan foydalanilgan taqdirda, lisenziyali xizmat ko`rsatadigan jismoniy va yuridik shaxslar to`yxona, kafe, restoran ma`muriyatiga va ushbu xizmatdan foydalanuvchilarga bu kabi xizmatlarni ko`rsatishga ruxsat beruvchi lisenziyaning nusxasini taqdim etadi.

Lisenziyaga ega bo`lmagan jismoniy va yuridik shaxslarga oilaviy tadbirlarda xizmat ko`rsatishga yo`l qo`yilmaydi.

Xalqimizning milliy an`analariga yot bo`lgan, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan oilaviy tadbirlardan oldingi, tadbir vaqtidagi va keyingi qo`shimcha, ya`ni “tanishuv”, “sep yoydi”, “quda tanish”, “ota ko`rdi”, “ota keldi”, “charlari”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “kuyov navkari”, “kelin navkari”, “kelin salom”, “tog`ora yuborish” va shu kabi boshqa tadbirlarni o`tkazish man etiladi. Shuningdek, “pul qistirish”, “pul sochish”, odobsiz shoular, “sevgi tarixi” (“Love story”) kabi axloq-odobga zid bo`lgan boshqa holatlarga yo`l qo`yilmaydi.

Dafn etish va motam marosimlari bilan bog`liq milliy qadriyatlarimiz va muqaddas dinimiz qoidalariga zid bo`lgan ortiqcha tadbirlarni o`tkazish man etiladi.

To`yxona, kafe va restoranlarda oilaviy tadbirlarni o`tkazishga qo`yiladigan talablar:

To`yxona, kafe va restoranlarda oilaviy tadbirlarni o`tkazishda:

- oilaviy tadbir ishtirokchilari soni, ularni o`tkazish vaqtiga rioya etilishi;

- oilaviy tadbirlarni o`tkazishga mo`ljallangan to`yxonaning infratuzilmasi lozim darajada bo`lishi;

- avtotransport vositalarini saqlash joylariga ega bo`lishi;

- atrofda yashovchi aholining tinchligi va osoyishtaligini buzmaslik, shuningdek, maishiy shovqinga yo`l qo`yilmasligi;

- sanitariya-gigiena qoidalariga rioya etilishi va oziq-ovqat mahsulotlari sifat talablari darajasida bo`lishi lozim.

To`yxona, kafe va restoranlarda 50 kishi va undan ortiq shaxslar ishtirokida o`tkaziladigan oilaviy tadbirlar uchun tadbir o`tkazuvchi shaxs va to`yxona, kafe va restoran rahbari o`rtasida shartnoma tuziladi. Shartnomada tomonlarning huquq va majburiyatlari, ish hamda xizmat turi, to`lov, xarajatlar miqdori, tadbir ishtirokchilari soni, muddati hamda amaldagi qonunchilikda belgilangan boshqa talablar ko`rsatiladi.

Oilaviy tadbirlarda san`atkorlarning (xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, so`z ustasi, fotograf va boshqalar) xizmat ko`rsatishi qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Oilaviy tadbirlarda bir nafardan ortiq san`atkorning (guruhning) ishtirok etishi (xizmat ko`rsatishi) man etiladi.

To`yxona, kafe va restoranlar ma`muriyati oilaviy tadbirlar o`tkazilayotganda tegishli xavfsizlik choralarini ta`minlashi shart.

Bu taqiq va cheklovlarni buzgan shaxslar javobgarlikka tortiladi — Senat qarori loyihasida Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarga bir oy muddatda oilaviy tadbirlar o`tkazish tartibiga rioya qilmaganlik uchun tegishli javobgarlikni belgilash bo`yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritishi vazifasini yuklatish ham ko`zda tutilgan.

    Boshqa yangiliklar