Umumxalq xayriya hashari yurtimizning barcha hududlarida yuqori saviyada tashkil etilib, unda 8,7 million nafardan ortiq hamyurtimiz ishtirok etmoqda. Ularning salmoqli qismi yoshlardan iborat.
Bu xaqda Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Respublika kengashi hamda "Mahalla" xayriya jamoat fondi Respublika boshqaruvi tomonidan yurtimizda Navro`z bayrami arafasida bo`lib o`tayotgan umumxalq xayriya hasharining borishi jarayonlariga bag`ishlangan brifingda aytib o`tdi.
Shu kunlarda mamlakatimizda o`tkazilayotgan hashar oldidan barcha tashkilot va muassasalar, korxonalarda mazkur tadbirni yuqori saviyada o`tkazishga oid chora-tadbirlar ishlab chiqqan. Jumladan, yurtimizdagi barcha mahalla fuqarolik yig`inlari tomonidan keng jamoatchilikni jalb etgan holda aholi punktlari, ko`p qavatli binolar va hovlilarning atroflarini, xiyobon, ziyoratgohlar, ko`cha va yo`laklarni tartibga keltirish, maishiy va qurilish chiqindilaridan tozalash, daraxtlarni oqlash ishlari uyushqoqlik bilan bajarilmoqda.
Ayni damda hasharchilar ko`magida katta hajmdagi obodonlashtirish ishlari amalga oshirilyapti. Ariq va zovurlar tozalanib, ziyoratgoh va boshqa mo``tabar maskanlar tartibga keltirilmoqda. Manzarali daraxtlarga shakl berilib, ko`plab mevali daraxt ko`chatlari o`tqazilmoqda. Yuzga yaqin mahallalarda aholiga maishiy xizmat ko`rsatish va savdo shoxobchalari, sport inshootlari, go`zallik salonlari, mahalla guzarlari barpo etilishiga doir savobli ishlar aynan hashar kunlarida nihoyalanmoqda. Yangidan-yangi mahalla idoralari, bolalar sport maydonchalari qurib, foydalanishga topshirilmoqda.
An`anaga ko`ra bu yilgi umumxalq xayriya hasharida ham nuroniylar, urush va mehnat faxriylari, alohida ehtiyojli fuqarolar, boquvchisini yo`qotgan, kam ta`minlangan oilalarning turar joylari ta`mirlab berilmoqda. Ehtiyojmand oilalar, bemorlar, yolg`iz keksalarga moddiy yordam ko`rsatilyapti.
Umumxalq xayriya hashari yurtimiz bo`ylab baland ruhda davom etdi, deb yozmoqda O`zA.
18.03.2018 20:44
Umumxalq xayriya hasharida 8,7 million nafardan ortiq hamyurtimiz ishtirok etmoqda






