AsosiyJamiyat

Samarqandda tramvay liniyasi birinchi bosqich 2-yo`nalishi foydalanishga topshirildi

'Samarqandda tramvay liniyasi birinchi bosqich 2-yo`nalishi foydalanishga topshirildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, olib borilayotgan islohotlar jarayoni, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish maqsadida 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatida bo`ldi. Davlat rahbarining tashrifi arafasida ko`hna zaminda bunyod etilgan tramvay liniyasi birinchi bosqich 2-yo`nalishining foydalanishga topshirilishiga ruxsat berildi, deb yozmoqda “Xalq so`zi” nashri.

Bundan bir yil muqaddam uzunligi 6,4 kilometrdan iborat bo`lgan birinchi bosqichning ilk yo`nalishi bo`yicha “Temiryo`l vokzali – Sattepa” oralig`idagi liniya ishga tushgan edi. Navro`z umumxalq bayrami arafasida uzunligi 5 kilometrdan iborat tramvay liniyasi birinchi bosqichining ikkinchi “Temir yo`l vokzali – Siyob bozori” yo`nalishi foydalanishga topshirildi.

Yangi yo`nalish bo`yicha ilk kuni harakatlangan tramvaylarda yo`lovchilarga bepul xizmat ko`rsatildi. Yangi magistral 18 ta bekatdan iborat bo`lib, kun davomida 8 ta tramvay aniq jadval asosida harakatlanadi. Qatnov oralig`i esa 7 daqiqani tashkil etadi. Mazkur yo`nalishdagi tramvay bekatlarining aksariyati “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan zamonaviy ko`rinishda barpo etilgan.

Tramvaylarga uzluksiz elektr energiyasi etkazib berish maqsadida loyiha doirasida 6 ta maxsus elektr tortish stansiyalari ham qurildi. Harakat xavfsizligini ta`minlash uchun yo`nalish bo`ylab lozim bo`lgan yo`l belgilari va svetoforlar talab doirasida o`rnatilgan. Rudakiy hamda Gagarin ko`chalari kesishmasida tramvaylarga texnik xizmat ko`rsatish deposi ham bunyod etildi. Hozirda bu erda 21 ta tramvay bo`lib, keyinchalik yana 42 ta zamonaviy tramvay olib kelish rejalashtirilgan. Bugunga kelib depoda 50 dan ortiq ish o`rinlari yaratildi.

Samarqand shahrida umumiy uzunligi 34,8 kilometr tramvay yo`llari qurilishi rejalashtirilgan bo`lib, shu kungacha 11, 4 kilometri barpo etildi. Endilikda temiryo`lchilar loyihaning ikkinchi bosqich dastlabki yo`nalishi Narpay ko`chasidan Kimyogarlar shaharchasigacha bo`lgan 8.6 kilometrlik yo`lni barpo etish ustida ish olib borishmoqda. Shuningdek, ayni kunda Rudakiy ko`chasida bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari jadal sur`atlarda davom etyapti.

    Boshqa yangiliklar