AsosiyJamiyat

Andijonda 50 ta xususiy bog`cha – Navro`zga munosib tuhfa

'Andijonda 50 ta xususiy bog`cha – Navro`zga munosib tuhfa'ning rasmi

Joriy yilda Andijon viloyatida 325ta nodavlat xususiy maktabgacha ta`lim muassasasi tashkil etish rejalashtirilgan. Shundan 10 tasi ko`p qavatli turarjoylarda, 56 tasi bo`sh er maydonlarida, 217 tasi foydalanilmay yotgan binolarda, 33 tasi esa xususiy uy-joylarning noturarjoyga aylantirish hisobiga amalga oshirilishi belgilangan. Ularning 129 tasi 50, 109 tasi 75, 63 tasi 100, 14 tasi 150 o`rinli bo`ladi. Bu bilan 27 ming nafardan ziyod kichkintoy bog`chaga jalb qilinib, 4 mingdan ortiq yangi ish o`rni yaratiladi.

Xususiy bolalar bog`chalarining 50 tasi Navro`z bayrami arafasida ochilishi rejalashtirilgan, deb yozadi “Turkiston-press”.

– Mutaxassisligim ruhshunos, – deydi yangi tashkil etilayotgan “Bolajon bahori” nodavlat maktabgacha ta`lim muassasasi rahbari Umida Ashurova. – Tadbirkorligim ham bor. Anchadan beri ikki faoliyat turini birlashtirishni niyat qilib yurgandim. Niyatim xolis ekan, davlatimiz rahbarining ta`lim sohasida ham tadbirkorlarga imkoniyat yaratgani ayni muddao bo`ldi. Birinchilardan bo`lib xususiy bog`cha ochishga kirishdim. Viloyat hokimligi tashabbusimni qo`llab, Andijon shahridagi 5-kichik daha hududida qarovsiz yotgan erni “nol” qiymatida bergani g`ayratimizga g`ayrat qo`shdi. Bir yarim oy ichida qurib bitkazdik. Bu ishga kirishishdan oldin internet orqali xorijiy mamlakatlarning tajribasini o`rgandik. Ayniqsa, Janubiy Koreyada bolajonlar uchun yaratilgan sharoit havasimizni keltirdi. Tarbiyalanuvchilarning taomnomasidagi vitaminli mahsulotlarning aksariyatini o`zimiz etishtirishimiz uchun issiqxona barpo etdik. Ularning har tomonlama sog`lom bo`lishlari uchun yozgi hovuz ham qurdik. U shunchaki, kun qiziganda bolalarning miriqib cho`milishlari uchungina emas, balki suzish bo`yicha ilk saboqlar ham beriladi. Shuningdek, muassasamiz bolajonlarga rus va ingliz tillarini o`rgatishga ixtisoslashadi.

Maktabgacha ta`lim muassasasi – ta`lim va tarbiyaning birinchi bo`g`ini. Murg`ak qalbda insoniy tuyg`ular, ilmga bo`lgan muhabbat shu maskanda shakllanadi. Bu esa,bog`cha tarbiyachilaridan yuksak bilim va kasbiy mahorat talab etadi. Shu bois tadbirkor Umida Ashurova avvalo tajribali mutaxassislarni tanlov asosida ishga qabul qilishni rejalashtirgan. Qolaversa, kichkintoylarni xuddi o`z ukasi yoki singlisiday ko`radigan, ularga bor mehri va ilmini beradigan kollej bitiruvchilarini ham ishga olib, “ustoz-shogird” maktabini yaratish niyatida. Bu bilan yangi xususiy bog`chada 15 nafar kishining bandligi ta`minlanadi.

Imkoniyat – g`oya va maqsadlar ro`yobi. Umida Ashurova faqatgina xususiy bog`cha faoliyati bilan cheklanib qolmoqchi emas. Uning rejasida qishki hovuz qurish va soliq imtiyozlarini yangi loyiha–xususiy o`rta ta`lim maktabini ochishga yo`naltirish ham bor.

Yosh avlodni har tomonlama etuk, komilinson qilib tarbiyalashdek ezgu ishga baliqchilik tadbirkor ham kamarbasta.

– Bolajon xalqmiz-da. Hamma yaxshiliklarni farzandimizga ravo ko`ramiz, – deydi faoliyatini boshlashga shay “Bilimdonlar dunyosi” nodavlat ta`lim muassasasi rahbari Dilfuza Sarimsoqova. – Hali faoliyatimiz boshlanmasdan turib, ota-onalar bolalarini etaklab kelishmoqda. Nasib etsa, dillarga masrurlik baxsh etadigan Navro`zi ayyomiarafasida maskanimiz bolajonlar bilan to`ladi. Hozircha bog`chamiz 70 o`ringa mo`ljallangan. Keyinchalik tarbiyalanuvchilarimizsonini 150 nafarga etkazmoqchimiz. Kuzatishlarim shuni ko`rsatdiki, bolajonlarimizning zehni o`tkir. Shunga asoslanib, muassasamizda rus va ingliz tili hamda matematika fani interfaol o`yinlar yordamida o`rgatiladi.

Ha, nodavlat ta`lim muassasalari sektorining kengayishi, avvalo farzandlarimizning har tomonlama chuqur bilim olishlariga zamin yaratadi. Bu esa, mamlakatimizning har bir tuman va shahridagi fuqarolar ta`lim xizmatlaridan foydalanishda tanlovga ega bo`lishini ta`minlabgina qolmay, yoshlarga munosib ta`lim-tarbiya berish kabi vazifalarni o`z zimmasiga oladigan malakali tadbirkorlar safini yanada orttiradi. Tabiiyki, raqobat rivojlanishga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar