AsosiyJamiyat

«Erazmus +» dasturi ishtirokchilari O`zbekistonda

'«Erazmus +» dasturi ishtirokchilari O`zbekistonda'ning rasmi

Er sharida aholi sonining yildan-yilga oshishi va globallashuv jarayonida oziq-ovqat mahsulotlariga bo`lgan talab oshib bormoqda. Go`sht, sut, baliq, tuxum, asal… Bu mahsulotlarni etishtirish, ularning sifatini yanada oshirish va xavfsizligini ta`minlashda veterinariya yo`nalishidagi bilimlarning alohida o`rni bor.

Shu bois Toshkent davlat agrar universiteti tashabbusi bilan Andijon qishloq xo`jaligi instituti, Samarqand qishloq xo`jaligi instituti hamda Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filialida «Oliy agrar ta`limni isloh qilish masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar o`tkazilmoqda.

Unda Italiya, Portugaliya, Estoniya kabi Evropa mamlakatlarining etakchi agrar universitetlaridan 20 dan ortiq olimlar ishtirok etmoqda. Qayd etish zarurki, ular Evropa Ittifoqining «Erazmus +» dasturining «BUzNET» loyihasi ishtirokchilaridir. Bu loyihadan ko`zlangan natija O`zbekiston agrar ta`lim muassasalarida veterinariya va oziq-ovqat yo`nalishlari o`quv rejalari, dasturlarini Evropa hamkor universitetlari tajribasiga tayangan holda modernizasiya qilishdan iborat.

Maqsad O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi «Oliy ta`lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori va 2017 yil 29 dekabrdagi “O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a`zolarini tasdiqlash to`g`risida”gi farmon ijrosini ta`minlash hamda mamlakatimiz ilm-fani nufuzini oshirish orqali xalqaro ilmiy hamkorlik ko`lamini kengaytirishga qaratilgan.

– Toshkent davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash borasida bir nechta loyihalarni amalga oshirayotirmiz, – deydi Piza universitetining xalqaro aloqalar bo`yicha prorektori Alessandra Guidi. – Ana shu loyihalar doirasida Toshkent viloyatidagi chorvador fermerlar va sutni qayta ishlovchi tadbirkorlar bilan uchrashdik. Taassurotlarim juda yaxshi. Kelgusida hamkorligimizni yanada kengaytirish niyatidamiz.

O`zA xabariga ko`ra, 24 martga qadar davom etadigan xalqaro anjumanlarda “Veterinariya” va “Oziq-ovqat xavfsizligi” sohalarini rivojlantirish, Evropaning hamkor universitetlari tajribasiga tayangan holda O`zbekiston qishloq xo`jaligi sohasidagi oliy ta`lim muassasalarining o`quv dasturlarini oliy ta`lim muassasalarida joriy etish hamda almashuv dasturlari asosida talaba yoshlarimizni Evropada o`qishi uchun imkon yaratishga qaratilgan masalalar muhokama qilinadi.

    Boshqa yangiliklar