AsosiyJamiyat

Samarqand shahrining o`ndan ortiq maskanlarida Navro`z keng nishonlanmoqda

'Samarqand shahrining o`ndan ortiq maskanlarida Navro`z keng nishonlanmoqda'ning rasmi

Samarqand shahrida ham bugun erta tongdan Navro`z shodiyonalari boshlandi. Xalq karnay-surnay sadolari ostida bayram sayillariga chorlandi, deb yozadi O`zA.

Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog`ida viloyatdagi oliy o`quv yurtlari, kasb-hunar kollejlari, korxona va tashkilotlar, viloyatdagi milliy madaniyat markazlari tomonidan bayram tomoshalari, milliy xalq o`yinlari, teatrlashtirilgan tomoshalar namoyish etilmoqda. Bog`dagi o`ndan ortiq joyda bahor taomlari – sumalak, xalisa, ko`k somsa, chuchvara, palov tayyorlangan.

Viloyatdagi teatrlar o`z sahna ko`rinishlarini namoyish etayotgan bo`lsa, folklor jamoalar, badiiy ansambllar, estrada xonandalari Navro`z uchun tayyorlangan dasturlarini taqdim etmoqda. Shuningdek, samarqandlik ijodkorlar, iste`dodli yoshlar ishtirokida mushoiralar o`tkazilmoqda. Rassom va haykaltaroshlar esa shu erda o`z san`at asarlarini namoyish etayotir.

Viloyatdagi milliy madaniy markazlar tomonidan tayyorlangan badiiy dasturlar, bahorga xos milliy taomlar va liboslar ko`rgazmalarini ham sayil ishtirokchilari katta qiziqish bilan tomosha qilmoqda.

Bog`dagi o`nga yaqin kichik sahnalardagi tomoshalar “Mo``jiza” amfiteatrida elimiz ardog`idagi san`atkorlar va ijrochi yoshlarning katta konsert dasturiga ulanib ketmoqda.

Rudakiy maydonida esa viloyatdagi sport maktablari va federasiyalar tomonidan turli xil sport o`yinlari uyushtirilib, ko`rgazmali chiqishlar bilan birga sayil ishtirokchilari o`rtasida musobaqalar o`tkazilmoqda.

Amir Temur maydonida viloyat xalq ta`limi boshqarmasi tomonidan bayram sayillari uyushtirilgan. Bu erda shahardagi ta`lim muassasalari jamoalari tomonidan tayyorlangan sahna ko`rinishlari va badiiy dasturlar namoyish etilayotir. O`quvchilar yasagan hunarmandlik mahsulotlari ko`rgazmasi tashkil etilgan. Varrak uchirish musoqasida o`quvchilar faol qatnashmoqda.

Viloyat musiqali drama teatri oldidagi maydonda teatr jamoasining badiiy dasturlari, taniqli xonandalarning konsertiga keng o`rin berilgan. Shuningdek, bu erda Samarqand davlat chet tillar instituti jamoasi tomonidan turli millatlar urf-odat va an`analari aks etgan ko`rgazmalar tashkil etilgan.

Yo`lbarslar xiyoboni va musiqali favvora oldidagi keng maydon va sahnada shahardagi maktabgacha ta`lim muassasalarining Navro`z sayillari o`tkazilmoqda. Registon maydoni, Shoirlar bog`i va Islom Karimov nomidagi ko`chada ham shahardagi mahallalar aholisi milliy an`ana va urf-odatlarini namoyish etmoqda.

Ayni paytda shahardagi “Yoshlik” madaniyat va istirohat bog`i, Farhod shaharchasi, Kimyogarlar va So`lim ko`rg`onlarida ham bayram sayillari davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar