AsosiyJamiyat

Qariyb 30 mln so`mlik cho`g`lanma lampalarni noqonuniy olib kirishga bo`lgan urinish fosh etildi

'Qariyb 30 mln so`mlik cho`g`lanma lampalarni noqonuniy olib kirishga bo`lgan urinish fosh etildi'ning rasmi

Yaqinda Farg`ona viloyati bojxonachilari tomonidan shu kabi qonunbuzarlik holatiga chek qo`yildi. Gap shundaki, viloyat bojxonachilari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari bilan hamkorlikda, qo`shni respublika bilan chegaradosh bo`lgan qishloq hududida harakatlanib kelayotgan “Mersedes-Bens” rusumli yuk avtomashinasini bojxona nazoratidan o`tkazishdi.

Avtomashina haydovchisi negadir xodimlarni ko`rishi bilanoq mashinasini to`xtatib, juftakni rostladi. Uning qochishi bejiz emas ekan, avtoulov xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganida avtoulov yukxonasida Qirg`iziston Respublikasida ishlab chiqarilgan umumiy qiymati 29 million 700 ming so`mni tashkil etuvchi 11 880 dona 100 vattli elektr cho`g`lanma lampochka mahsulotlari mavjudligi aniqlandi.

O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo`mitasi xabariga ko`ra, O`zbekiston Respublikasida sotilishi taqiqlangan ushbu yuklarning egasi Farg`ona tuman U.Yusupov ko`chasida istiqomat qiluvchi 1985 yilda tug`ilgan Sh.S. bo`lib chiqdi.

Endi o`ylab ko`ring, ushbu cho`g`lanma lampochka mahsulotlari ichki bozorda sotilganida iqtisodga qancha zarar keltirishi mumkin edi. Keling, jami 11 880 dona cho`g`lama lampasining aholi tomonidan elektr energiyasi iste`moliga talab kuchayadigan tungi 5 soat (soat 18:00 dan 23.00 ga qadar) mobaynida qancha elektr quvvatini sarf etishini tahlil qilib ko`raylik.

Bir dona cho`g`lanma lampaning quvvati 0.1(kVt/s) olinsa, 11 880 dona lampalar uchun 5 soat davomida 5940 kVt/s sarf etiladi. Bu bilan salkam 1 mln. 358 ming so`mlik (2018 yil 1 apreldan e`tiboran elektr energiyasining narxi 1 kVt/s uchun 228.60 so`mni tashkil etadi) elektr energiyasi iste`mol qilinadi. Bu ko`rsatkich bir oyda o`rtacha 178 200. kVt/s. yoki 40 mln. 736 ming so`mni tashkil etadi.

Zamonaviy tejamkor lampalar nafaqat elektr energiyasi, shu bilan birga hamyonmizdagi mablag`larning ham tejalishiga xizmat qiladi. Masalan, zamonaviy svetodiod lampaning bir donasi 0.025(kVt/s) energiya talab etadi. Tungi 5 soat davomida 11 880 dona tejamkor lampalar 1485 kVt/s yoki 339 ming so`mlik elektr energiyasini sarflaydi. Bu ko`rsatkich bir oyda 44 550 kVt/s yoki 10 mln 184 ming so`mni tashkil etadi.

Demak, aholi tomonidan bir oyda tejamkor yoritish lampalaridan foydalanish natijasida o`rtacha 30 mln 552 ming so`m mablag` yoki 133 650 kVt/s elektr energiyasi tejab qolishiga erishiladi.

    Boshqa yangiliklar