AsosiyJamiyat

Hirotdagi Alisher Navoiy ziyoratgohi atrofida bog` barpo qilindi

'Hirotdagi Alisher Navoiy ziyoratgohi atrofida bog` barpo qilindi'ning rasmi

Afg`oniston bo`yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi matbuot markazida bo`lib o`tgan tadbirda Bobur nomidagi xalqaro fond raisi Zokirjon Mashrabov qo`shni mamlakatda tinchlik o`rnatishning xalqlarimiz madaniy yaqinligini ta`minlashdagi ahamiyati haqida o`z fikrlarini bildirdi, deb yozadi O`zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati.

– Mamlakatimiz buyuk ajdodlarimiz yurgan yo`llar bo`ylab tashkil etgan ilmiy ekspedisiyalar samarasida so`nggi yigirma yil davomida Afg`oniston zaminida yigirma marotaba bo`ldim. Mustaqillikning dastlabki yillarida Zahiriddin Muhammad Bubur nomidagi xalqaro fond tashkil etilgan edi. O`tgan davr mobaynida fond ekspedisiyasi O`zbekiston zaminida tug`ilib, taqdir taqozosiga ko`ra boshqa yurtlarda umrguzaronlik qilgan ko`plab buyuk ajdodlarimizning qabr-maqbaralarini izlab topish, ularning faoliyatini o`rganish bo`yicha keng ko`lamli izlanishlar olib bordi. Afg`oniston va Hindistondan to Afrika qit`asigacha bo`lgan hududlarda tadqiqotlar olib bordik. Bu haqda 27 film, 6 kitob yozib, xalqimizga taqdim qildik.

Afg`oniston tuprog`ida Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Zahiriddin Bobur, Kamoliddin Behzod kabi ko`plab allomalar xoki mangu qo`nim topgan. Ularning maqbaralari haroba ahvolga kelib qolgan edi. Mamlakatimiz rahbariyatining e`tibori va ko`magi tufayli ushbu ajdodlarimiz maqbaralarini tiklab, ziyoratgohga aylantirishga muyassar bo`ldik. Ushbu qadamjolarga yurtimiz usta-hunarmandlari yasagan sag`analar o`rnatildi, binolari qimmatbaho toshlar va naqshlar bilan ziynatlandi. O`zbekistondan 2 ming tupdan ziyod ko`chat olib borilib, Alisher Navoiy bobomiz ziyoratgohi atrofida bog` barpo qilindi.

O`zbekistonning buyuk ajdodlarimiz xotirasi tiklash va abadiylashtirish, ularning hayoti va ijodini o`rganish borasida amalga oshirayotgan bunday xayrli ishlari butun olamga ibrat bo`layapti. O`z navbatida, Afg`oniston hukumati va xalqi ajdodlar xotirasiga ko`rsatayotgan yuksak ehtiromi uchun mamlakatimizga minnatdorlik izhor qilib kelmoqda.

2016 yili bo`lgan xalqaro konferensiyada Afg`oniston Prezidenti Ashraf G`ani O`zbekistonning olib borayotgan savob va ezgu ishlari uchun meni Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot bilan taqdirlagan edi. Bularning bari xalqlarimiz yaqinligiga yanada keng yo`l ochishiga ishonchim komil.

    Boshqa yangiliklar