AsosiyJamiyat

O`zbekiston va Qozog`iston muftiylari memorandum imzolashdi

'O`zbekiston va Qozog`iston muftiylari memorandum imzolashdi'ning rasmi

24 mart kuni Diniy idorada O`zbekiston va Qozog`iston muftiylari o`rtasida uchrashuv bo`lib o`tdi, deya xabar berdi O`zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati.

Unda o`zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish ishlari kelishib olindi. Jumladan, fatvo hay`ati tuzish, diniy ta`lim berish, musobaqalar o`tkazish va madaniy-ma`rifiy aloqalarni rivojlantirish masalalariga alohida urg`u berildi.

Uchrashuvda muftiy Usmonxon Alimov hazratlari so`zga chiqib, o`zbek va qozoq xalqi azaldan bir zaminda yashab, og`ir damlarda bir-biriga yordam qo`lini cho`zgani, hol-ahvol so`raganini alohida ta`kidladilar. Shuningdek, mamlakatlar o`rtasidagi o`zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqayotgani, ikki davlat rahbarlarining bu yo`ldagi sa`y-harakatlari tahsinga loyiq ekanini qayd etdilar.

Muftiy hazratlari shar`iy masalalarni echish, fatvo ishlab chiqish va turli musobaqalarni hamkorlikda o`tkazish to`g`risida so`zladilar. Jumladan, mo`min-musulmonlarni qiynayotgan dolzarb muammolardagi fatvolarni e`lon qilish, Ramazon oyi va hayitining birinchi kunini belgilashda ulamolar hamkorligini ta`minlash juda ham yaxshi natija berishini alohida bayon qildilar.

O`z navbatida Qozog`iston bosh muftiysi Serikbay hoji Oraz hazratlari qardosh o`zbek va qozoq xalqlari azaldan yonma-yon yashagani, yaxshi kunlarda ham, qiyinchilik damlarda ham bir-birini qo`llab-quvvatlaganini ta`kidladi. Shuningdek, yoshlarga diniy ta`lim berish, diniy-ma`rifiy adabiyotlarni o`zbek va qozoq tillariga nashr etish, ulamolar ishtirokida yirik anjumanlar, forumlar o`tkazish hamkorlik samarali bo`lishini izohladi. Qozog`iston muftiysi O`zbekistonda Shayx Muhammadsodiq Muhammadyusuf hazratlarining xotiralariga katta ehtirom ko`rsatilayotgani, yangi masjid qurilayotgani, “Hilol nashr” nashriyotida diniy adabiyotlar chop etilayotganidan juda ham xursand bo`ldi.

O`zbekistondagi Islom akademiyasi rektori Ne`matulloh Ibrohimov qozog`istonlik yoshlarni O`zbekistondagi madrasalar, Oliy ma`had, Mir Arab oliy madrasasi va Islom akademiyasida o`qitish borasida barcha shart-sharoitlarni tashkil etishga tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuv davomida O`zbekiston va Qozog`iston musulmonlari idoralari o`rtasida hamkorlik qilish to`g`risida memorandum imzolandi. Tomonlar memorandum ikki davlat diniy idoralari o`rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta`kidlashdi. O`z navbatida mintaqadagi mo`min-musulmonlar birdamligini ta`minlash, diniy e`tiyojlarini qondirish va ulamolarning hamfikrliligini yo`lga qo`yish kabi dolzarb masalalarga memorandum asos bo`lishini bildirildi.

Qozog`iston bosh muftiysi Serikbay hoji Oraz boshchiligidagi delegasiya Toshkent shahridagi “Hazrati Imom”, “Minor”, “Islom ota” jome masjidlari va “Hilol-nashr” nashriyotini ham ziyorat qilishi rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar