Mamlakatimiz tibbiyoti tarixida ilk bor jigar transplantasiyasi amaliyoti o`tkazilgan bemor parkentlik 26 yoshli Ubaydulla Dadaxo`jaev bugun shifo topib uyiga qaytdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
Mutaxassislar ta`kidlashicha, jigarning terminal bosqichdagi surunkali diffuz kasalliklari, o`tkir jigar etishmovchiligi, rezeksiya qilinmaydigan manbali jigar kasalliklari kabi holatlarda faqatgina shu a`zo transplantasiyasi bemor hayotini saqlab qolishi mumkin. Bunday yuqori texnologik operasiyalar Amerika, Rossiya, Germaniya, Norvegiya, Shveysariya va Hindiston kabi tibbiyoti rivojlangan davlatlardagina bajariladi, xolos. Bugun yurtimiz ham ushbu mamlakatlar qatoridan joy olgani quvonarlidir.
— Transplantologiya amaliyotini bajarishga tibbiyot muassasamizda katta tayyorgarlik ko`rildi, — deydi akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining portal gipertenziya va pankreatoduodenal soha xirurgiyasi bo`limi bosh ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari doktori, professor Andrey Devyatov. — Markazimizning texnik imkoniyatlari yaxshilandi, mutaxassislarimiz AQSh, Fransiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Shveysariya va Rossiya Federasiyasi kabi davlatlarda malaka oshirib qaytdi. Bemorga uning akasi 30 yoshli Hayot Dadaxo`jaev donorlik qildi. Va nihoyat 15 soat davom etgan operasiyani muvaffaqiyatli yakunlashga erishdik. Hozir bemorning ham donorning ham ahvoli yaxshi. Bemor tavsiyalarimizga to`la amal qilsa, u tezda butunlay sog`ayib ketadi.
— Ukamga yordam berish chorasini izlardik. Biroq jigar transplantasiyasi uchun xorijga chiqishga to`g`ri kelishi, buning uchun katta mablag` talab etilishi oilamizni qiyin ahvolga solib qo`ygandi. Mamlakatimiz tibbiyotiga bunday yangilikning kirib kelishi ukamni hayotga qaytardi. Mana, bugun u darddan forig` bo`lib, yangi hayotga qadam qo`ydi. Ishonamanki, tibbiyotimizning bu yutug`i yana ko`plab bemorlarga sog`lom hayot baxsh etadi. Qancha-qancha oilalar bu imkoniyatdan bahramand bo`ladi, — deydi Ubaydullaning akasi Hayot Dadaxo`jaev.






