AsosiyJamiyat

O`zbekiston madaniyati va sayyohlik salohiyati Germaniyada namoyish etildi

'O`zbekiston madaniyati va sayyohlik salohiyati Germaniyada namoyish etildi'ning rasmi

Yaqinda Germaniyaning Frayburg shahrida Navro`z bayramiga bag`ishlangan tadbir o`tkazildi. Bu haqda “Jahon” axborot agentligi xabar berdi.

O`zbekistonning Frankfurtdagi bosh konsulxonasi va Olmon-o`zbek ilmiy jamiyati (OO`IJ) hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda ushbu davlat siyosiy, iqtisodiy va akademik doiralari vakillari o`zbek xalqining boy madaniyati, tarixi, urf-odatlari hamda respublikamizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar va mamlakatimiz sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishdilar.

Tadbir chog`ida Olmon-o`zbek ilmiy jamiyati raisi X.Raximov ishtirokchilarni mamlakatimizda so`nggi yillarda ta`lim va ilm-fan sohasiga qaratilayotgan yuksak e`tibor, shu jumladan, yoshlarning xalqaro me`yorlar asosida bilim olishlari uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, turli yo`nalishlarda olib borilayotgan tadqiqot va ilmiy loyihalarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan batafsil tanishtirdi. Shuningdek, jamiyat ko`magida nemis tiliga tarjima qilingan va Germaniyada chop etilgan “O`zbek halq ertaklari” hamda “Boburnoma” (yangi tahrirda) asarlarini ham namoyish qildi.

O`zbekiston madaniyati va sayyohlik salohiyatiga oid tarqatma materiallar, yurtimizda chop etiladigan gazeta va jurnallar, shuningdek, nemis tiliga o`girilgan turli o`zbek asarlari ham mehmonlar e`tiboriga havola qilindi.

Tadbir ishtirokchilari turli konsert dasturlar va taqdimotlarni o`z ichiga olgan mazkur kecha yakuni bo`yicha o`z fikr-mulohazalari bilan o`rtoqlashdi.

Investment-Trade-Marketing GmbH kompaniyasi bosh direktori Dirk Troendle:

- Men O`zbekistonda bo`lganman. Mamlakatni doimiy ravishda kuzatib borishim shuni ko`rsatadiki, so`nggi paytlarda yurtingizda juda ko`p o`zgarishlar yuz beryapti, ko`plab sohalarda rivojlanish ro`y bermoqda.

Shuni alohida ta`kidlash joizki, Prezident Shavkat Mirziyoev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar meni hayratga soldi. Ishonchim komilki, mazkur ishlar qisqa vaqt mobaynida nafaqat O`zbekiston, balki Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari uchun kutilgan ijobiy natijalarni beradi.

Biz mamlakat tashabbuslarini qo`llab-quvvatlaymiz va uni modernizasiyalashda yonma-yon turamiz hamda ushbu yo`nalishda barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.

Fursatdan foydalanib, O`zbekiston xalqi va rahbariyatini bahor bayrami – Navro`zi ayyom bilan qutlayman. Yurtingizga tinchlik va farovonlik, kelgusida bundanda ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolaman!

Tarixchi, etnograf va ertakchi olima Gabriele Keller:

- 20 yildan buyon o`zbek xalqining madaniyati, milliy urf-odatlari va an`analari bilan bog`liq ertaklar, hikoyalar, topishmoq hamda latifalarni to`playman, ularni o`rganaman.

Bugun ajoyib bahor bayramini nishonlayapmiz. Ushbu kun O`zbekistonda keng va turli madaniy tantanalar bilan nishonlanishi biz, nemislarda, Navro`zga nisbatan bo`lgan qiziqishni doimo orttirib kelgan.

Bugun Frayburgda tashkil etilgan kecha, buning uchun O`zbekistondan kelgan musiqa guruhi va yozilgan dasturxonlar, ulardagi milliy taomlar so`zimizning yorqin tasdig`i bo`la oladi.

Aytish joizki, bu kabi tadbirlar germaniyaliklarning mamlakat sayyohlik salohiyati, o`zbek xalqining madaniyati, tarixi va mehmondo`stligi haqida yanada ko`proq ma`lumotlarga ega bo`lish hamda nemis jamoatchiligi va men kabi olimlar diqqatini O`zbekistonga jalb etishga xizmat qiladi.

O`zbekiston xalqini eng go`zal va betakror bayram – Navro`zi ayyom bilan tabriklayman. Ularga uzoq umr va sihat-salomatlik tilayman. Har kuningiz Navro`zdek bo`lsin!

Germaniyada istiqomat qiluvchi vatandosh Tursunoy Raxmonova:

- Bugungi tashkil etilgan tantanada o`z vatanimizdan kelgan yurtdoshlarimizni ko`rib, ular bilan suhbatlashib va bayramni birga nishonlab, juda xursand bo`ldik.

Oilamiz bilan 20 yildan buyon Germaniyada yashab, mazkur davlat urf-odatlariga moslashgan bo`lsak-da, farzanlarimizga imkon qadar o`z milliy an`analarimizni o`rgatishga, Navro`z kabi bayramlarimiz haqida batafsil ma`lumot berishga harakat qilamiz. Bugungi tadbir farzandlarimizga madaniyatimiz, tariximizmi amalda ko`rsatishga imkon yaratdi. Bundan minnatdorman!

Shu fursatdan foydalanib, O`zbekiston xalqini Navro`z ayyomi bilan chin dildan muborakbod etaman. Tinchlik, xotirjamlik va farovonlik doimo hamrohingiz bo`lsin! Bu kabi tadbirlar muntazam ravishda tashkil etilib turishini istab qolamiz.

    Boshqa yangiliklar