Notinchlik, beqarorlik bor joyda ko`proq xalq, oddiy odamlar jabr chekadi. Axir tinchlik bor joyda inson xotirjam yashaydi, orzu umidlar qiladi. Shu jihatdan afg`on xalqi uzoq yillardan beri mamlakatdagi beqarorlikdan aziyat chekib keladi. Ana shunday sharoitda o`sib ulg`aygan afg`onistonlik o`zbek qizi Asila Nabizoda ham o`z yurtida tinchlik o`rnatilishini doim orzu qilib kelgan.
"Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi Afg`oniston bo`yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasini bevosita kuzatish uchun Toshkentga kelgan A.Nabizoda biz bilan suhbatda o`z vatani taqdiriga daxldor bunday nufuzli konferensiya tashkil etilganidan juda mamnun ekanini bildirdi, deb yozadi O`zA.
Afg`onistonning Samangon viloyatida tug`ilib o`sgan Asila o`zi o`zbek qizi bo`lgani uchun ham O`zbekiston hayoti bilan doim qiziqib kelgan.
– O`zbekistondagi tinchlik va barqarorlik, taraqqiyot, xalqning farovon turmushiga doim havas bilan qaraganmiz, – deydi u. – Ayniqsa, bu zaminda katta shukuh bilan o`tadigan bayramlar, sayillarni telekanallar orqali oilaviy tomosha qilardik. O`zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovga ota-onamning hurmati juda baland edi. Bu inson afg`on muammolariga doim e`tibor qaratgan, afg`on xalqiga doim yordam berishga harakat qilgan. Bu xayrli ishlarni Prezident Shavkat Mirziyoevning davom ettirayotganidan juda mamnunmiz. Afg`onistonga oid konferensiyani tashkil etishdagi tashabbuslaridan butun afg`onistonliklar minnatdor. Konferensiyani bevosita kuzatish uchun bizga imkoniyat yaratib berildi. Ayni paytda internet orqali konferensiya doirasida bo`layotgan voqealar haqida Afg`onistondagi yaqinlarimiz bilan muloqot qilib turibmiz. Xalqning xursandchiligining cheki yo`q. Ular konferensiyada katta natijalarga erishilishidan juda umidvor.
Asila Nabizoda Afg`oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G`anining 2017 yil dekabr oyida mamlakatimizga tashrifi chog`ida O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi huzuridagi Afg`oniston fuqarolarini o`qitish ta`lim markazini tashkil etish bo`yicha imzolangan bitim doirasida ayni paytda Termiz davlat universitetida o`zbek tili va adabiyoti fakultetining bakalavr yo`nalishi bo`yicha ta`lim olayotgan 96 afg`onistonlik talabadan biri.
Fursatdan foydalanib u ta`lim olish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ta`lim berish uslubi yuqori darajada ekanini bildirdi. Kelgusida Asila o`z yurtiga borib o`zbek tili va adabiyotidan nafaqat o`quvchilarga ta`lim berish, balki O`zbekiston tarixi, madaniyati, boy an`analari bilan ularni tanishtirishni maqsad qilgan.
26.03.2018 16:12
Tinchlikni orzu qilgan afg`onistonlik o`zbek qizi






