Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Aziz Abduhakimov Afg`oniston bo`yicha Toshkent konferensiyasining ahamiyati xususida fikr bildirib o`tdi. Uning so`zlarini O`zA keltirmoqda.
– Qaerda tinchlik va osoyishtalik barqaror bo`lsa, boshqacha aytganda, odam o`zini qaerda xavfsiz sezsa shu erga intiladi, – deydi O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Aziz Abduhakimov. – Shu jihatdan asosiy maqsadi Afg`onistonda, shuningdek, mintaqada xavsizlik ta`minlanishiga qaratilgan Toshkent konferensiyasining ahamiyati beqiyos.
Aytib o`tish kerakki, Markaziy Osiyo mintaqasida keyingi paytda ro`y bergan ijobiy o`zgarishlar nafaqat o`zaro munosabatlar, balki turistik oqimning kuchayishiga katta turtki berdi. Birgina misol, O`zbekiston va Tojikiston o`rtasida bir oylik vizasiz rejim joriy etilganiga hali o`n kun bo`lgan bo`lsa-da, yurtimizga o`n minglab tojik xalqi vakillarining tashrif buyurgani kuzatildi.
O`z navbatida, yurtimizga kelayotgan turistlar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratishga, ularning xavfsizligini ta`minlashga katta e`tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda tegishli tuzilmalar faoliyati yo`lga qo`yilgan. Turistlar uchun servis xizmatlarini xalqlaro standartlar darajasida ko`rsatishga harakat qilinmoqda.
Qayd etish kerakki, Afg`oniston vakillari ayni paytda O`zbekistonga tibbiy turizm maqsadida tashrif buyurmoqda. O`tgan yilda ularning soni 26 mingdan oshdi. O`zbekiston turistik salohiyati bilan afg`on xalqini tanishtirish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanilmoqda. Bu mamlakatda barqarorlikka erishilishi afg`on xalqining xotirjam yashashi, qo`shni davlatlar bilan aloqalari rivojlanishi va sayohat qilish imkoniyati ortishiga xizmat qiladi.