«Mahalla» xayriya jamoat fondidan ma`lum qilishlaricha, hududlarda aholi tomorqasini xatlovini o`tkazish maqsadida 4 million 733 ming 326 ta xonadon ro`yxatdan o`tkazildi. Bu jarayonda har bir oila qo`lidagi er maydonining hajmi, nima ekilgani, agarda bo`sh turgan bo`lsa, kelgusida bu erdan qanday foydalanmoqchi ekani o`rganildi, deb xabar beradi O`zA.
Dehqon xo`jaliklari va aholi tomorqa er maydonlarida ekilgan 73,4 ming gektar to`qsonbosti ekinidan yuqori hosil olish, ekin maydonlarining 184,6 ming gektariga ertachi va 185,8 ming gektariga o`rtapishar ekinlarni ekish ta`minlandi. Shuningdek, aholi talabi asosida 1 million 333 ming 738 bosh chorva, 3 million 216 ming bosh parranda boqish, 3 ming 721 gektarda ixcham issiqxonalar barpo etish yuzasidan takliflar olindi.
«Davergeodezkadastr» qo`mitasi bu takliflar asosida mavjud xonadonlar bo`yicha ma`lumotnomalarni rasmiylashtirdi. Hududiy ishchi guruhlar aholining istagini o`rganib, mahsulot etishtirish va uning ishlatilishi, issiqxonalar barpo etish, chorva, parranda, asalari, baliq boqish bo`yicha talablarini ham o`rgandi.
Qayd etish kerakki, shu paytgacha aholi tomorqasidan foydalanishni tartibga solish, hisob-kitobini yuritishga e`tibor qaratilmagan. Shundan bo`lsa kerak, fuqarolar yig`inlari vakillari mahallalarda tushuntirish ishlari olib borganiga qaramasdan tomorqa sohiblari o`z er maydonlaridan to`laqonli foydalanishga e`tibor bermagan. Endilikda mahalla vakillari hududdagi har bir xonadonga kirib borish va erdan qay darajada samarali foydalanilayotganini nazorat qilish huquqiga ega bo`ldi.
Endilikda mahallalarni ixtisoslashtirish ham ko`zda tutilmoqda. Misol uchun, bir mahalladagi 100 xonadon piyoz, yana 200 xonadon egasi kartoshka ekishni yo`lga qo`yishi mumkin.
Ana shunda shaxsiy tomorqasiga ekin ekkan fuqaroning uyidan hosilni markazlashtirilgan holda olib ketib, pulini plastik kartochkasiga o`tkazish yanada osonlashadi.
Agar eri bo`lsa-yu, er xorijda ishlagani ketgan yosh ayol tomorqadan foydalanish imkoniyatiga ega bo`lmasa, bu erni ishlata oladigan qo`shniga ijaraga berish chorasi ham ko`rilishi mumkin. Agar bu tizim keng yo`lga qo`yilsa, odamlarda tomorqalaridan foydalanishda manfaatdorliklari oshadi, ularga dehqonchilik qilishlariga turtki bo`ladi.






