O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan me`mor Azamat To`xtaev O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovni xotirladi:
“Prezident Islom Karimov mamlakatimiz shaharlari qiyofasini o`zgartirishdek xayrli ishga o`zlari bosh-qosh bo`ldilar. Men Islom Abdug`anievichning noyob tafakkuriga hamisha qoyil qolganman, zero, u kishi shaharsozlik masalalarini hal etishda bir necha o`n yil oldinni, istiqbolni ko`ra bilar edilar.
U kishining bevosita ishtiroki bois Mustaqillik maydoni Toshkentning “tashrif qog`ozi”ga, poytaxtimiz ahli va mehmonlarining sevimli dam olish maskaniga aylandi.
Prezident Islom Karimov me`moriy loyihalar tarhi va maketini shaxsan o`zlari qabul qilib, ularni sinchkovlik bilan, har tomonlama o`rganib chiqar edilar. U kishi har doim reja-tarhning konseptual jihatlaridan tortib ayrim naqshu nigorlarga qadar – katta-kichik masalalarda chuqur o`ylangan taklif-mulohazalar bildirganlar: bu inson uchun barcha jabhalarda arzimas jihatning o`zi yo`q edi.
Bugun O`zbekistonning qiyofasi butkul o`zgarganligiga amin bo`lamiz. Viloyatlarimiz markazida madaniyat saroylari, teatrlar, amfiteatrlar, kutubxonalar, muzeylar, sport majmualari va markaziy maydonlar bunyod etildi.
Islom Abdug`anievich, ayniqsa, shonli tariximizda o`tgan Imom Ismoil al-Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Hakim at-Termiziy, Mirzo Ulug`bek va boshqa mutafakkirlar hamda jamoat arboblari nomi bilan bog`liq obidalarni obod qilishga alohida e`tibor qaratdilar”.






