AsosiyJamiyat

Mahalla mas`ullariga murojaat — Anzirat buvidan o`rnak oling!

'Mahalla mas`ullariga murojaat —  Anzirat buvidan o`rnak oling!'ning rasmi

Yoxud xorazmlik 70 yoshli qariyaning arz-dodini eshitishga kim mas`ul?

Sarlavhani o`qib, Anzirat buvining mahalla mas`ullariga qanday bog`liqligi bor deb taajjublandingizmi? Ko`pchilikni ko`nglidan joy olgan va haligacha sevib tomosha qilinayotgan “Suyunchi” filmi o`zbekona qadriyatlarning sof va samimiy chizgilari ifodasi sabab qancha takror namoyish etilsa, shuncha sevib tomosha qilinadi. Filmdagi Anzirat buvi obrazi esa kayvoni, qishloq ahlining vijdoni sifatida gavdalantirilgan. Xalq haqini egan magazinchi G`aybullani, bemor otasining holidan xabar olmagan bemehr o`g`ilni o`z uslubida “aqli”ni ham kiritib qo`yadi. Aybdorlar esa buvining bu xatti-harakatlariga huquq beruvchi na tergovchilik, na prokurorlik vakolati yo`qligini ro`kach qilishib, tanqid ham qilishadi. Shunday bo`lsa-da, yana dakki eshitmaslik uchun ham buvini aytganini bajarishadi.

Menimcha, hozirgi vaqtda esa yurtimizda Anzirat buvining fidoyiligini mahalla raislari va faollarining huquq hamda majburiyatlariga qiyoslasak bo`ladi. Xalqning dardu g`ami bilan yashaydigan, ularning tashvishini o`ziniki deb bilib joy kuydiradigan kayvoni Anzirat buvi o`z vaqtida qonunan hech qanday huquqqa ega bo`lmagan. Bugungi mahalla raislari va faollarining Anzirat buvidan farqli o`laroq etarlicha huquq va majburiyatlari qonun bilan kafolatlangan. Davlat tomonidan bunday kayvonilarga mahalla raisligi lavozimi berilib, muammolarni joyida hal etishi uchun oylik maoshi ham tayinlangan. Ammo ayrim mahalla raislari zimmasida shuncha vakolatlar hamda maslahatchilari mavjud bo`la turib, o`z hududidagi oilalarni Anzirat buvidek bilmaydi. Yo bilishni istamaydi. Aks holda Xorazm viloyati Xonqa tumani Qoraqosh qishlog`i "Mustaqillik" mahallasida yashovchi Saidboy bobo Artiqovning xatida farzandlarining barbod bo`layotgan oilalarini tiklashda, hech bo`lmaganda turmushi buzilgan qizlarini ish bilan ta`minlashda yordamga muhtoj ekanligi kabi holatlar kunda kunora tahririyat telefon raqamlari yoki aloqa pochtalari orqali yo`llangan murojaatlarda bayon etilmagan bo`lar edi. Saidboy bobo Artiqov tomonidan yo`llangan murojaatdan keltirilgan quyidagi iqtibosdan o`zingiz xulosa chiqaring:

“70 yoshimda qarilik gashtini surish o`rniga elkamga yana dunyoning tashvishi tushadi, deb hech ham o`ylamagan edim. Qizlaring borgan joylarida tinib-tinchib ketmasa, qiyin ekan. Ikki qizimning taqdiri ko`ngildagidek osuda kechmadi. Biri hatto ajralishga ham majbur bo`ldi. Ostonamga 1,5 yoshli farzandini etaklab qaytib keldi. Yana biri ro`zg`ordagi anglashilmovchilik, notinchlik sabab 3 yashar bolasi bilan hozir uyimda. Oilaviy sharoitimiz ana shunday holatlar sabab botqoqqa yuz burganini eshitgan qishloq fuqarolar yig`ini raisi ham, uning xotin-qizlar bo`yicha maslahatchisi ham, uchastka noziri ham o`zlarini eshitmaganlikka olib kelishayapti. Qizlarim ishsiz, ular ishlasa, ro`zg`or ortilgan aravani tortish engilroq bo`lar, degan maqsadda 2016 yilda aholini ishga joylashtirishga mas`ul idoraga bergan arizam hali ham javobsiz. Chol-kampir ikkimiz ham 2-guruh nogironimiz. Shu holda 7 jonni boqish zimmamizda”.

OAVga murojaat nimadan dalolat?

Bir oila ana shunday tashvishlardan aziyat chekkan-u, ammo hududdagi mas`ullar nega bunga e`tibor qaratishmagan? Agar fuqaroni hududdagi mas`ullarning muammoga e`tiborsizligi bo`lmaganida u OAVga murojaat qilishga majbur bo`larmidi? Ana shunday savollar asnosida biz ushbu murojaatni yuqori turuvchi organlarga yo`naltirdik. O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasining amaliy ko`magi bilan Said boboning oilasidagi muammolar Xorazm viloyat hokimining o`rinbosari, Xotin-qizlar qo`mitasi raisi S.Abdikarimova tomonidan o`rganilib, natijalar tahririyatga taqdim etildi.

Qizlardan birining oilasi tiklanmadi, ammo har ikkisining bandligi ta`minlandi...

S.Abdikarimova, Xorazm viloyat hokimining o`rinbosari, Xotin-qizlar qo`mitasi raisi:

— Fuqaro S.Artiqovning Sarapoyon qishlog`iga kelin bo`lib tushgan qizi Mehribon Artiqovani oilaviy kelishmovchiligi o`rganilib, tushuntirish ishlari olib borildi, lekin, oilani tiklash imkoni bo`lmadi. Ammo Artiqova Mehribon 22-son MTM ga ishga joylashtirildi.

"Nurobod" mahallasiga kelin bo`lgan qizi Mohira Artiqovaning oilaviy kelishmovchiliklarga barham berildi. Har ikkala tomonga tinch-totuv yashash kerakligi, oiladagi kelishmovchiliklar farzand tarbiyasiga ham salbiy ta`sir ko`rsatishi tushuntirildi va oila yarashtirildi. Hozirgi vaqtda S.Artiqovning ikkala qizining ham bandligi ta`minlandi.

Xulosa o`rnida

Hududdagi vakolatli mas`ulning murojaatdagi muammoni ijobiy hal etganligi haqida ma`lumotlarini nashr etib, mutasaddi tashkilotlar e`tiborsizligini xaspo`shlamoqchi emasmiz. Maqsad murojaatlar nega joyida hal etilmayotganiga sabab bo`layotgan hudud mas`ullarining e`tiborsizligiga barham berishga hissa qo`shishdir. Ammo echimini topishi lozim bo`lgan yana bir savol bor: ishiga mas`uliyatsizlik sabab o`z hududida istiqomat qilayotgan oilaning toki yuqoridan turtki bo`lmasa, holidan xabar olmaslik, yordamga muhtoj oilalarga nisbatan ko`zni ko`r, quloqni kar qilgan holda munosabatda bo`lish, aholini o`ylantirayotgan muammolarga tomoshabin bo`lish kabi illatlardan qutula olmayotgan mutasaddilar nimaga va kimga kerak?

Inobat ERNAZAROVA

    Boshqa yangiliklar