Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi hamda uning tuman va shahar bo`limlari tomonidan sektorlar doirasida kitob do`konlari tashkil etish borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O`zA xabariga ko`ra, viloyat bo`yicha 17 kitob do`koni tashkil etilib, turli kitoblar savdosi yo`lga qo`yildi. Bundan tashqari, Qo`rg`ontepa tumanida ikki tadbirkorga kitob do`koni qurish uchun er maydoni ajratilishiga amaliy yordam ko`rsatildi.
Tuman va shaharlarda tashkil etilgan kitob do`konlarida turli yo`nalish va mavzulardagi kitoblar sotilmoqda. Yangi kitob do`konlari faoliyati yo`lga qo`yilishi bilan 17 nafar fuqaro doimiy ish o`rniga ega bo`ldi.
– Viloyat ichki ishlar boshqarmasi tashabbusi bilan Asaka tumanida "Bir kitobxonga beshta yangi kitob" shiori ostida aksiya o`tkazildi, – deydi Asaka tumani ichki ishlar bo`limi boshlig`i, podpolkovnik Sodiqjon Usmonov. – Aksiya davomida tuman ichki ishlar bo`limi tomonidan umumta`lim maktablari axborot-resurs markazlari hamda yangi tashkil etilgan kitob do`koniga o`zbek va jahon adabiyoti durdonalari, shuningdek, bolajonlar uchun ertak kitoblar, uslubiy qo`llanmalar taqdim etildi.