AsosiyJamiyat

Namanganda nohaq ayblangan IIB inspektori sudda oqlandi

'Namanganda nohaq ayblangan IIB inspektori sudda oqlandi 'ning rasmi

Jinoyat ishlari bo`yicha Namangan viloyati Pop tuman sudining "Umid" mahalla fuqarolar yig`ini binosida ochiq sayyor sud majlisida Rahmatullo Jo`raevga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqdi, deb xabar beradi O`zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati.

Sud hujjatlariga ko`ra, R. Jo`raev Namangan viloyat IIB HOOB odamlardan foydalanish uchun ularni yollash bilan bog`liq va axloq-odob doirasidagi huquqbuzarliklarni oldini olish bo`linmasi inspektori lavozimida ishlagan.

O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 210-moddasi 3-qismining «b» bandi bilan ayblangan.

Dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi mas`ul lavozimda ishlab kelib, 2013 yil yanvar oyi boshlarida viloyat IIBda norasmiy ravishda ish o`rganishda yurgan D. Abdurahmonov va shahar IIB bo`limi inspektori F. Najmiddinov bilan jinoiy til biriktirib “qo`shmachi” sifatida profilaktik hisobda turgan M. Sharipovani xonadoniga kelishib “Omina”, “Guli” laqabli va Setora ismli qizlarni R. Jo`raev o`zining uyali telefon apparatida videotasvirga olayotgan vaqtda, D. Abdurahmonov qizlarni televideniega chiqarmaslik va ularni sharmanda qilmaslik evaziga ta`magirlik yo`li bilan 100.000 so`m berishini talab qilganida M. Sharipova 50.000 so`m pullarni R. Jo`raevga etkazish uchun D. Abdurahmonovga pora tariqasida berib, kelishilgan pullarni qolgan 50.000 so`mini keyinroq berishini aytganidan so`ng xodimlar xonadondan chiqib ketishgan.

Oradan bir soatlar o`tib M. Sharipova tanishining “Matiz” rusumli avtomashinasida aytilgan manzilga borib, D. Abdurahmonov ishtirokida R. Jo`raevga 50.000 so`m pullarni pora tariqasida olgani ko`rsatilgan.

Sudlanuvchi Rahmatullo Jo`raev sud muhokamasida aybiga iqror bo`lmagan.

Sud taraflarni, barcha guvohlarni, shuningdek bir nechta qo`shimcha guvohlarni so`roq qilib, yig`ilgan dalillarni va ish holatlarini atroflicha o`rganib chiqib, dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi R. Jo`raevning harakati O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 210-moddasi 3-qismining «b» bandi bilan etarli dalillarsiz, asossiz kvalifikasiya qilinib, faqatgina ayblash yuzasidan bir tomonlama tergov harakatlari o`tkazilib, xatolikka yo`l qo`yilgan deb, topdi.

Sud majlisida aniqlangan holatlarga ko`ra R. Jo`raev 2013 yil 7 yanvar kunidan boshlab 11 fevral kunigacha O`zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi dala o`quv mashg`ulotida guruh rahbari sifatida bo`lgan, poligon hududidan tashqariga chiqmagan, buni xususan o`sha vaqtda u bilan birga o`qishda bo`lgan Namangan viloyatidan 43 nafar IIB xodimlari tasdiqlaydi.

Jabrlanuvchi deb topilgan M. Sharipova sud muhokamasida voqea sanasi, pullarni kimlardan olgani, qachon va qaerda bergani to`g`risida qarama-qarshi ko`rsatmalar bergan, ularni bir necha marta o`zgartirgan. Uning ko`rsatmalari guvohlar tomonidan inkor qilingan.

Go`yoki u kuni R. Jo`raev videoga tushirgan, porani berilishida qatnashgan guvohlar R. Jo`raevni umuman ko`rmagani va uni tanimasligini, o`sha vaqtda M. Sharipova tergovda ko`rsatma berishni so`raganligini bildirgan.

Sudda R. Jo`raevning M. Sharipovadan pul olganligini tasdiqlovchi M. Sharipovaning ko`rsatmasidan tashqari biror-bir boshqa ob`ektiv dalil aniqlanmadi.

Yuqoridagilarga ko`ra, sudlanuvchi R. Jo`raev O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan aybsiz deb topilib, ushbu modda bilan oqlandi.

    Boshqa yangiliklar