AsosiyJamiyat

Eri bir, dini bir, qondoshu jondosh do`stu qadrdonlar ko`nglida bahor uyg`ondi

'Eri bir, dini bir, qondoshu jondosh do`stu qadrdonlar ko`nglida bahor uyg`ondi'ning rasmi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning saylovoldi dasturlarida o`z ifodasini topgan, Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Markaziy Osiyo — bosh ustuvor yo`nalish” deya e`lon qilingan tamoyil jamiyatimizga toza havo olib kirdi. Tabiatda esa Navro`zi olam tufayli yangilanish hukm surmoqda. Tabiat va jamiyat uyg`unligi tufayli shahar kentlarga ko`kdan fayzu baraka yog`iladi. Shu ma`noda, barcha bayramlar orasida insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida YuNESKOning Reprezentativ ro`yxatiga kiritilgan Navro`zning o`rni o`zgacha. Unda bag`rikenglik, qadr qimmat, oqibat, rahmdillik singari insoniy fazilatlarga keng o`rin berilgani turli murakkab davrlarda ham jamiyat hayotiga ijobiy ta`sir qilib, kelishmovchiliklarni bartaraf etishda yuksak ahamiyatga molik bo`lgan.

Zero, Alisher Navoiy bobomiz ham “Navro`z” va “Qadr” tushunchalarini yonma-yon qo`ygani bejiz emas. Tabiat hamda jamiyatdagi bunday bog`lanish farog`at o`lkalarining shakllanishiga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbarining Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifidan so`ng eri bir, dini bir qondoshu jondosh qadrdonlar ko`nglida chinakam bahor uyg`onganiga go`zal tojik diyoriga ijodiy safar chog`ida guvoh bo`ldik.

Do`st bilan obod uying...

Yurtboshimiz tashabbusi bilan Farg`ona, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent singari viloyatlarimiz sarhadlaridagi chegara postlari ochib yuborilgani haqida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va tanish-bilishlarning qo`ng`iroqlari orqali yaxshigina xabardor esam-da, Bekobod — Qo`shtegirmon chegara postiga yaqinlashib borganim sari eshitganlarimning barchasi sarob bo`lib chiqadigandek, qandaydir tahlika, ichki xavotir butun borlig`imni chulg`ab olgan edi. Buni uzoq yillar bu erda qandaydir mavhum alamangizlik hamda bag`ritoshlik, har ikkala xalqqa ham xos bo`lmagan sovuq munosabatga duch kelib, hafsalasi butkul pir bo`lgan, ishonchlarini yo`qotganlar yaxshi his qilishadi. Shu bois Mirzacho`lni o`zlashtirishga kelib, turli cho`l tumanlarida o`troqlashib qolgan, qiz olib, qiz berib quda-andalashib ketgan qavmu qarindoshlar emin-erkin kelib ketadigan bolalik chog`larini cheksiz sog`inch bilan qo`msardi. “Nimalarni boy berdig-u, nimalarga erishdik?” degan savol javobiga keladigan bo`lsak, qazoyu qadarning shafqatsiz hukmi hikkasidan qochib qutula olmaslik haqidagi azaliy hikmatlardan o`zga tasallining o`zi yo`q edi.

Har ikkala tomonning Afrika savannalarida yirtqich hayvonlarni qo`riqlaydigan qo`riqxonalarida ham uchramaydigan temir darvozalari ongimiz va ruhimizga shu qadar kuchli salbiy ta`sir qilardiki, bu darvozalarning mingta chaqmoq urib ham sindirish mumkin bo`lmagan qulfini tunu kun qo`riqlab turadigan temirtanlar bilan nainki to`qnash kelish, balki ular qiyofasini tasavvur etishning o`zi ham qalbimizda og`ir jarohatlar qoldirardi.
Bugun miyamda fikr uchquni chatnab o`tdi. Ko`zguga boqib, chehramda tabassum ko`rdim.

Endi barchasi boshqacha

Chegara hududidan o`tib-qaytuvchilarning yuz-ko`zlaridagi quvonch alomatlarini ko`rib, ko`nglim ravshan tortdi. Xavotirlarim behuda bo`lib chiqdi. Qavmu qarindoshlari, yaqinlari diydoriga, o`tganlar ruhini shod etish uchun qabrlari ziyoratiga oshiqqanlar, boshqa yumush-tashvishlar bilan yo`lga otlanganlar ko`pligiga qaramay,
bu erda avvalgidek tahlika payqamaysiz.

Avvallari obdan vahimaga soluvchi xizmat vakillari o`rnini endi xushmuomala, odobli, tarbiya ko`rgan yoshlar egallagandek taassurot uyg`onadi. O`tgan-ketganlarga ularning yaqin qarindoshini uchratib qolgani kabi mehribonlik ko`rsatayotganiga guvoh bo`lishning o`zi ham naqadar yoqimli! Asli tojikistonlik bo`lib, hozirgi kunda Toshkentda istiqomat qilayotgan Xosiyat ismli juvon anchadan buyon ota-bobolari yurtiga bora olmay, endi bunday imkoniyat tug`ilganidan suyunib ketib, qo`l yuklaridan tashqari kattagina tort ham ko`tarib olgan ekan, uning qopqog`i ochilib qo`lidan tushib ketayozgan mahalda bojxonachilardan biri yordamga oshiqib, qutini ochilib ketmaydigan qilib qog`oz qistirgich bilan sozladi va egasining qo`liga tutqazdi.

— O`sha erdayam bunaqa tortlar ko`p-ku, — dedi hujjat rasmiylashtirish uchun navbatda turganlardan biri. — O`zingizni ovora qipsiz-da, singlim!
— Bundan buyon o`rtamizdagi munosabatlarda hech qachon achchiq aralashmasin, deb bu shirinlikni men Toshkentdan atay olib kelayapman, — dedi Xosiyat nimtabassum bilan.
Uning topqirlik bilan aytgan bu javobi barchaga ma`qul tushdi:
— Aytganingiz kelsin, aytganingiz kelsin! — degan xitoblar yangradi.
Buyuk Maxatma Gandining har qanday vaziyatda ezgulik ustun kelishi haqidagi g`oyasini eslab xayol surib turgandim, shu mahal o`z kuchiga ishongan barvasta bir yigit hujjat rasmiylashtirish navbatiga rioya etmay oldinga intila boshladi. Uning bu qilig`i odamlarga ma`qul kelmadi.
— Navbatda turing! — ovoz ko`tardi kimdir.
— Menga mumkin! — barvasta ham bo`sh kelmadi.
— Bu qanaqasi? — ko`rib turgan narsasini boshqalardan so`ramoqchi bo`ldi yana birov.
— Shunaqasi! — u ham kechikmay o`z javobini oldi.
— Keling, o`g`lim, — oldinroqda turganlar orasidan avval mehribon bir tovush eshitilib, keyin boshiga oq ro`mol tashlab olgan oltmish yoshlardagi baland bo`yli ayol safdan chiqa boshladi. — Mening o`rnimga tura qoling, shoshadigan joyim yo`q, yana navbat olib turaveraman, shu kunlarga etkazgani uchun Allohga shukr.
Kutilmagan bu taklifdan hammadan ham barvasta yigitning og`zi ochilgancha angrayib, turgan joyida qotib qoldi. So`ngra birdaniga kifti qisilib, qo`lini ko`ksiga qo`yganicha boshini egdi:
— Rahmat, onajon, — dedi nigohini erdan uzmay. — Uzr, beadablik qilib qo`ydim, ayb menda.
Maxatma Gandining nechog`li buyuk zot ekanligiga yana bir bor tan berdim.

U kunlar ortda qoldi

Bekobod postidan o`tgach, har ikkala chegara hududi uchun oraliq masofa hisoblangan ko`prik o`rtasiga etib borganimda, qandaydir tanish ovoz qulog`imga chalingandek bo`lib, beixtiyor to`xtab qoldim va tevarak-atrofga alangladim. Nima balo, odamni uchirib yuborgudek shahd bilan chiranayotgan Bekobod shamoli ko`z ochirgani qo`ymayotgan bu erda qoraxayol — gallyusinasiyaga uchrab qolmadimmikan, ishqilib? Shamolga basma-bas yana bir-ikki qadam tashlovdim hamki, yana qulog`imga o`sha ovoz chalingandek bo`ldi. Yana to`xtab, o`ng tomondagi bir metrdan balandroq beton to`siqqa qaragancha faromush turgan edim, xayolimda ilkis bir manzara jonlandi.

Bu voqea sodir bo`lganiga ham o`n besh yillar bo`ldi. O`zbekiston xalq yozuvchisi, kattayu kichik kitobxonlarning birdek suyukli adibi Xudoyberdi To`xtaboevning o`zlari ham yaxshi eslasalar kerak, ayni yoz chillasi edi. Adibning Xo`janddagi muxlislari taklifi hamda bu erda o`zbek tilida chop etiladigan viloyat gazetasining yubileyi munosabati bilan ikki tomon kelishuviga asoslanib yo`lga chiqqandik. Chegaradan o`tayotganimizda bir necha bor yurak xastaligini boshdan kechirgan Xudoyberdi aka toliqib qoldilar, shekilli, bir oz nafas rostlaylik deganicha peshona terini artib, ana shu beton ustida omonat o`tirgan, men boshqalarga xalaqit bermaslik uchun nariroqda tik turgan edim. Bir yigit qora terga botgancha narigi tomonga aravada qovun olib o`tayotgan ekan, bu erda kunda-shunda vositachilik bilan kun ko`ruvchi, aytishlaricha, “quloq”lardan biri uning qovunidan ikkitasini olib qo`ydi. Haligi boyoqish uning nimalarga qodirligini avvaldan bilar ekanmi, “g`iq” etmadi. Yana bir oz yurgach, bu holat takrorlandi. Nariroqda yana... Qisqasi, arava yurgan sayin undagi qovunlar ham kamayib borar, aravakash battar terga botib, yig`lab yuboray-yig`lab yuboray derdi. Uning bu ahvolini kuzatib o`tirgan adibning ham yuragi dosh bermay, yoshlangan mijjalarini ro`molchasi bilan artib turgan edi, shu zahotiyoq xomtalashni boshlab bergan yigitcha uning qarshisida hoziru nozir bo`ldi.

— Otaxon, naryoqqa o`tmoqchimisiz? — deya o`smoqchiladi u qo`li bilan atigi yigirma odimdan keyin boshlanadigan qo`shni davlat hududiga ishora qilib.
Hech narsa xayolida yo`q, uning to`g`rilikcha so`rayotganiga ishonchi komil bo`lgan soddadil adib bosh irg`ab qo`ydi.
— Qancha berasiz? — adib tomonga enkayib shivirladi vositachi katta narsa kafolatini o`z bo`yniga olayotgandek. — Garantiya, o`zim moshinga mindirib yuboraman.
Surbetlarcha qilingan bu taklif taniqli adibni cho`chitib yuborib, o`rnidan turib ketishga majbur etgan edi.

“Tuproq olsalaringiz oltin bo`lsin!”

Barchasi xamirdan qil sug`urgandek ko`chdi. Kimsan, qayoqqa, nega kabi sillani quritib yuboradigan savollaru ko`ngli xohlagan paytda “obed”, “tanaffus”, “karantin” degancha darvozani sharaqlatib yopib, qish qahratonida, yoz jaziramasida odamlarni soatlarcha kuttirib qo`yishlar haqida endi birov eslamaslikka urinadi. Lekin hech kim u kunlarni unutolmaydi. Shu bois tildan shukrona tushmaydi.

Tojikiston zaminiga qadam qo`ygach, men chiqishim kerak bo`lgan mashina o`ng tomonda turganini bilsam ham ko`pchilik chap tomonga oqib borayotganini ko`rib, ularga ergashaman. Oppoq kiyingan, soch-soqoli ham oppoq xizrsifat bir qariya O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning samimiy qo`l siqishib tushgan suratlari poyida duoga qo`l ochib turardi. Odamlarning bu tomonga oshiqishgani sababi ham shunda — noma`lum qariyaning duosiga sherik bo`lishda ekan.

— Tuproq olsalaringiz oltin bo`lsin! — hirqiroq tovushda ortida turgan odamlarni payqamay chin ko`ngildan munojot qilardi qariya.
— Ilohi omin! — o`z kaftlarining taram-taram qadoqlaridan ko`z uzmay unga qo`shilishdi erkaklar.
— Ilohi omin! — qalqqan ko`z yoshlarini ichga yutishdi munis ayollar.

Men ham kaft yozdim. Shu yoshimda duoda turgan chog`da qalb bunchalar to`lqinlanishini ilk bora his etdim. Qalbimdan alam aridi. Buyuk donishmand Konfusiyning so`zlarini esladim. “Qo`rqsang, faqat xudoning xohishidan qo`rq! Qo`rqsang, faqat avliyoning koyishidan qo`rq! Qo`rqsang, faqat xalqning qarg`ishidan qo`rq!”.
Men shu choqqacha butun borlig`imni zabt etgan qo`rquv hissining behudaligini anglab, quvonib ketdim. Qalbimning tub-tublarida jasorat va mardlikning qudratli to`lqinini tuydim hamda bosh ko`tarib hamma qarayotgan tomonga qaradim. Rahmat, Sizga!

O`rtada mehr-muhabbat bo`lsa...

Qo`shtegirmon postidan Dushanbe shahriga olib boradigan 300 kilometrga yaqin yo`lning 200 kilometrdan ortiqrog`ini dengiz sathidan bir necha ming metr balandlikda joylashgan tog` yo`li tashkil etadi. So`g`d viloyatini mamlakat poytaxti bilan bog`laydigan, xitoylik yo`lsozlar tomonidan bunyod etilgan bu yo`ldagi yuksak qoyalar bag`rini yorib o`tgan ikkita besh kilometrdan iborat tunnel hisobidan avvalgi masofa bir necha o`nlab kilometrga qisqargan.

— Singlim Umrinisaning qizi Maftuna Ko`lobdagi Fayziobod qishlog`iga kelin bo`lib tushgandi, — deydi yo`lda bizga hamrohlik qilgan so`g`dlik Botirali Ne`matov degan ellik yoshlardagi o`zbek kishi. — Dushanbega etib olsak, yana ikki yuz kilometr yo`l bosishimiz kerak.
Uning bu gapini yonida o`tirgan singlisi bosh irg`ab tasdiqlaydi.
— O`rtada muhabbat bo`lsa, til to`siq bo`lolmas ekan, — jilmayadi Safarali. — Men ham, singlim ham tojik tilini, qudalarimiz esa o`zbek tilini bilishmaydi. Yoshlar bir-birini ko`rib yoqtirib qolishgach, iloj topolmadik, mana, hozir to`y qilganimizga olti oy bo`ldi, jiyanim tojikchani binoyidek o`rganib olibdi.
— Kuyovimiz esa o`zbek tilida gapira boshlabdi, — kuladi Umrinisa. — Endi u bizga tojik tilini, qizimiz qudalarimizga o`zbek tilini o`rgatmoqchi ekan.
Aka-singilning chin dildan aytgan so`zlari zamirida katta haqiqat mavjud. Mehr-muhabbat dillarni dillarga bog`lasa, inson bir-birini tushunib olishi uchun til to`siq bo`lolmas ekan. Mavlono Jaloliddin Rumiy hazratlarining mashhur misralarini eslang:
Ishq tili rubob tilidek sir emish,
Turku arabu yunonga bir emish.

“Men do`stlar ko`ngliga bahor keltirdim”

Omonboy aka Jumanovning ota-bobolari Farg`onaning Rishton tumanidan bo`lib, taqdir taqozosi bilan o`tgan asrning o`ttizinchi yillarida Tojikistonga borib qolishgan. Omonboy aka Dushanbeda tug`ilib, shu erda o`sib-ulg`aygan, oliy ma`lumot olgan. Hozir etmish besh yoshni qoralagan bu kishi tojik tilini ham o`z ona tilidek biladi. Uning boshidagi farg`onacha do`ppi e`tiborimni tortadi.

— Odamning kiygan do`ppisiga qarab ham u haqda uncha-muncha narsalarni bilib olsa bo`ladi, — deydi Omonboy aka kalta soqolini tutamlab qo`ygancha. — Mana, yaqinda o`zbegu tojik san`atkorlarining katta konserti berilganida har ikkala xalqning suyukli hofizi, O`zbekiston xalq artisti Sherali Jo`raev ham xuddi shunaqa do`ppi bilan sahnaga chiqdi. “Qayga borsam boshda do`ppim...” deya kuylaganiga o`zi ham amal qilgan xushovoz xonandani juda sog`inib qolgan ekanmiz. Ayniqsa, uning Tojikiston xalq artisti Jo`rabek Murodov bilan birgalikda sahnaga chiqqanida ham katta ramziy ma`no bor. Hozir qayga bormang, butun Tojikiston ahlining og`zida shu konsertning ta`rifu tavsifi.

— Odamlar bu konsertni entika-entika, yig`lab-yig`lab tomosha qilishganiga o`zim guvohman, — deydi Tojikistondagi o`zbek jamiyatining raisi Muharram Mirzaolimova. — Bunday kunlarga etishni qanchalik mushtoqlik bilan kutgandik. Yaratganga shukr, iltijolarimiz ijobat bo`ldi.

— Odil Yoqubov aytganidek, har qanday jamiyatning og`rib turgan nuqtalari bo`larkan, — deydi shu kunlarda etmish yoshni qarshilayotgan Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi a`zosi, shoir Jamshid. — Mana shu og`riqli nuqtaga malham bosilganiga guvoh bo`lib turibmiz. Bu hodisalar haqida birovning ijobiy bo`lmagan fikr aytishi nari tursin, hatto bu haqda o`ylashi ham gunoh hisoblanadi.

Boshqa sohalarda bo`lgani kabi o`zbek-tojik adabiy aloqalarining yo`lga qo`yilishi har ikkala tomon adabiy jarayonlariga samarali ijobiy ta`sir ko`rsatishi shubhasiz. O`zbek shoir-yozuvchilarining to`plamlari tojik tilida chop etila boshlandi. Tojik shoirlarining she`rlaridan saralab olingan namunalar “Hamohang ohanglar” nomi ostida shu kunlarda nashrdan chiqish arafasida. Betakror tojik shoiri Loyiq undan joy olgan satrlarida shunday deydi:
Men do`stlar ko`ngliga bahor keltirdim,
Oshiqlar diliga xumor keltirdim.

“O`zbekiston o`g`lidurman, tojigim go`fto pisar”
Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi a`zosi, xizmat ko`rsatgan jurnalist, Abulqosim Lohutiy mukofoti hamda “Do`stlik” ordeni sohibi, ajoyib g`azalnavis shoir O`lmas Jamolning o`tgan yili 83 yoshda vafot etgani xabari uning muxlislarini qayg`uga solgan edi. Samarqand viloyatining Urgut shahrida tavallud topgan shoirning bolalik chog`larida ularning oilasi Dushanbe shahriga ko`chib ketishadi. Yoshligidan she`rlar yoza boshlagan O`lmas Jamol har ikkala mamlakatda shoir sifatida tanilib, shuhrat qozonadi, yuzdan ortiq g`azallari kuyga solinib, mashhur xonandalar tomonidan mahorat bilan ijro etiladi va ularning aksariyati hozirgi yosh o`zbek va tojik qo`shiqchilari repertuaridan ham o`rin olgan.

Dushanbe shahrining chetidagi ko`p qavatli uyning beshinchi qavatida joylashgan shoir xonadoniga uning ruhiga duoi fotiha qilish uchun yo`l olamiz. Bizni O`lmas akaning bevasi Dilbar aya qarshilab, tilovatdan so`ng har ikkala xalqning suyukli shoirining so`nggi kunlari haqida so`z ochadi.

— O`lmas aka toblari qochib qolganlarida ham umidlarini yo`qotmagandilar, — deydi Dilbar opa ko`zyoshini ro`molining bari bilan artib olarkan. — “Ayasi, xavotirlanmang, O`zbekistondan ham do`stlarim, shogirdlarim, qavmu qarindoshlarim etib kelib, tobutimni elkalariga olishadi”, derdilar. “Donish ahli hal etar ming muammoni jadal, Shu muammoni yaratmas aqli solim hech mahal”, deb o`zlarining baytlarini bot-bot o`qib, ko`nglimni ko`tarmoqchi bo`lardilar.

Dilbar aya qo`llaridagi kitobni varaqlab, tojik shoiri Kamol Nasrulloning O`lmas Jamol tarjimasidagi o`n baytdan iborat she`rini ko`rsatib, o`qib ber, deya shoirning shogirdlaridan biriga uzatadi. Satrlar orasidan O`lmas akaning ovozi qulog`imizga urilib turgandek bo`ladi:

Bir iymonning payvandi, farzandi musulmonmiz,
O`zbegu tojik emas, parvardai bir nonmiz.

Bir chehrada ikki ko`z, bir soyda ikki sohil,
Bir uyda ikki ustun va yoki juft ayvonmiz...

— O`lmas akaning ijodida bizning qalbimiz aks etgan, — deydi uning dushanbelik muxlisi Abdujabbor Mo`minov. — Zamonaviy o`zbek adabiyotida o`zbegu tojikning qondoshu qardoshligi, do`stu qadrdonligi mavzusiga hech qaysi ijodkor u kishichalik o`zini bag`ishlab, har tomonlama kirib borolgan emas. Uchrashuvlarda ham “Jo`rajonlar, bu kunlar biz uchun sinov, hali hammasi iziga tushib ketadi”, deya xalqning o`ksik ko`nglini ko`tarib, o`zlari ham aytayotganlariga astoydil ishonar edilar. O`lmas aka do`stlari Erkin Vohidov, Abdulla Oripov bilan o`zbekcha she`rlar aytib gurunglashsa, Mo`min Qanoat, Loyiq Sherali bilan tojikcha mushoira qilib ketaverar, har ikki tilda ajoyib she`rlar yozardi. Muxlislari shoirni chin qalbdan sevishardi. “O`zbekmisiz, tojikmisiz?” deb unga savol berishsa, Jo`rabek Murodov maromiga etkazib kuylagan o`zlari yozgan g`azalning dastlabki misrasini o`qib berardilar: “O`zbekiston o`g`lidurman, tojigim go`fto pisar”.
Dilbar opaga sabr tilab, xayrlashamiz.

Pastga tushib, yana ortga qarayman. Deraza ortidan pardaning bir chetini ko`tarib boqib turgan Dilbar opaning ko`zyoshini artayotganini ko`rib, ko`nglim allanechuk bo`lib ketadi. Va shunda har ikkala respublikada o`nlab shogirdlari shoir yo`lini davom ettirayotganini xayolimga keltirib, dilim taskin topgandek bo`ladi. O`zim ham o`shalar sirasidan ekanimdan faxr-g`urur hislarini tuygandek bo`laman.

Dutorning qo`sh tori

Rivoyat qilishlaricha, Hanafiya mazhabi asoschisi Imomi A`zam Abu Hanifaning bir qo`shnisi sarxush bo`lib, janjal-to`polon ko`tarar, shu bois tunu kun na o`z oilasi, na qo`ni-qo`shnilarda halovat bor ekan. Imomi A`zam bir kuni shom namozini o`qiyotgan chog`larida shovqin-suron eshitilmayotganidan ajablanib, uning hovlisiga kirib boribdilar. Ma`lum bo`lishicha, bozorda ham bu qilig`ini qilgani uchun mirshablar uni tutib, zindonband qilishgan ekan. Ertasi tongdanoq Imomi A`zam xachirini minib shahar hokimining saroyiga yo`l olibdilar. Buni eshitgan hokim uning ulovi oyoqlari ostiga gilamlar to`shab kutib olishni buyurib, o`zi ham peshvoz chiqibdi. Bu tashrifning boisini so`raganida, Imomi A`zam qo`shnisi zindonda ekanligi bois ko`ngli tinchimay bu erga kelganini aytgan ekan, hokim u kishining hurmati yuzasidan qo`shnisiga qo`shib boshqa tutqunlarni ham o`sha kuni zindondan ozod etishni buyuribdi. Aytishlaricha, shu-shu o`sha qo`shni o`z qilmishlaridan uyalib tavba qilgan, halol mehnat qilib, toat-ibodatini ham unutmagan ekan.

Bu rivoyatni bejiz eslamadik. Dushanbe shahridagi Imomi A`zam Abu Hanifa nomidagi Tojikiston Davlat islom universiteti rektori Tojiddin Islomiddin Asomuddinzoda huzurida islom dinida qo`ni-qo`shnichilikka katta e`tibor berilgani, bu haqlarni ado etmaslik kufr bilan barobarligi xususida suhbat bordi.

— 1988 yilda Isfara shahrida fizika fani bo`yicha bo`lib o`tgan olimpiadada qatnashganim kechagidek yodimda, — deydi rektor ochiq chehra bilan. – O`shanda biz Qo`qon shahriga ham borib, juda katta taassurot olgandik. Shaxsan men o`sha damlarni sog`inch bilan qo`msayman. Biz bir dutorning ikki tori sifatida hamisha bir-birimizni to`ldirib yurganmiz. Dunyo musulmonlari bir ko`rishni orzu qiladigan Buxoro, Samarqand shaharlari ziyoratiga yo`l ochilgani tojikistonlik din ahlini juda mamnun etdi. Yonginamizdagi bunday imkoniyatdan bahramand bo`lish qanday ulug` saodat. Yaratganga shukr, endi bundan buyon aloqalarimiz mustahkamlanib boraveradi.

O`sha kuni mazkur o`quv dargohida Navro`z bayrami nishonlanayotgan ekan. Tolibi ilmlarning qo`llarini ko`ksilariga bosgancha “Xush keldingiz!” degan so`zlari quloqqa juda yoqimli eshitilar edi. Bunga javoban biz “Xushbaxt boshed!” deb javob berdik.

“O`sha damni orziqib kutayapman”

Dushanbe shahrida “Farxunda M” mas`uliyati cheklangan jamiyatini ochib, o`z faoliyatini yo`lga qo`ygan kichik korxona rahbari Abdullo Nasriddinov matbaa mahsulotlari tayyorlash bilan shug`ullanadi. O`zbekistonda kitob hamda uning mutolaasiga davlat siyosatining ustuvor yo`nalishi darajasida ahamiyat qaratilayotganidan Abdullo shu kunlarda korxonasini yanada kengaytirish tashvishiga tushib qolgan.

— Ayni kunlarda o`zbek tilida chop etiladigan gazeta-jurnallar, kitoblarga ham buyurtmalar ko`paydi, — deydi u. — Ularni o`z vaqtida sifatli bajarish uchun texnik uskunalarimizni zamonaviy tarzda yangilashga to`g`ri keladi. O`zbekistonda 2018 yilning “Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili” deb e`lon qilingani biz uchun ham ayni muddaodir. Toshkentda o`tkaziladigan ko`rgazmalar dovrug`idan xabardormiz. Hozir u erdagi do`stlarim bilan aloqada bo`lib turibman, matbaa sohasida ko`rgazma o`tkazilishidan xabar topgan zahotim samolyotga o`tiraman-u, Toshkentga boraman. O`sha damni orziqib kutayapman.

Nafaqat Abdullo, tojik ishbilarmonlarining aksariyati shu kunlarda o`z loyihalari ustida bosh qotirib, samarali hamkorlik sari dadil qadam qo`yishmoqda. Bu ham bo`lsa, fors she`riyatining buyuk vakili Sa`diyning “Insonning kamoli uning elu yurt, xalq manfaati yo`lida nechog`li xizmat qila olishi bilan belgilanadi”, degan so`zlari zamiridagi azaliy haqiqat yuzaga chiqayotgani dalolatidir. To`g`ri yo`l adolat manziliga eltadi, adolat esa hayotning ulug`vor binosi poydevori hisoblanadi. U tufayli orzu-umidlar ro`yobga chiqib, avji falakka qadar yuksala oladi.

Shoyim BO`TAEV.
Toshkent — Istaravshan — Dushanbe — Toshkent

    Boshqa yangiliklar