Sudyalar oliy kengashi huzuridagi tadqiqot markazi va Bosh prokuratura Oliy o`quv kurslari vakillaridan iborat O`zbekiston delegasiyasi joriy yilning 22 mart kuni Tokio shahrida tashkil etilgan “O`zbekistonda ma`muriy tartib-taomillar sohasidagi qonunchilikni tadbiq etishning ayrim masalalari: xalqaro tajriba va tahlil” mavzusidagi o`zbek-yapon simpoziumida ishtirok etishdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Unda O`zbekistonda tarixan qisqa vaqt ichida jamiyatni tubdan demokratlashtirish va sud-huquq tizimini liberallashtirish bo`yicha keng ko`lamli islohotlar olib borilayotgani hamda milliy qonunchilik va sud amaliyotini tizimli ravishda takomillashtirish bo`yicha choralar ko`rilayotganini ta`kidlandi.
Yaponiyalik mutaxassislar O`zbekistonning ijtimoy-siyosiy hayotining barcha jabhalarini, shuningdek, sud tizimini tubdan takomillashtirish bo`yicha olib borilayotgan o`zgarishlarga yuqori baho berishdi. Ayniqsa, sud-huquq qonunchiligini rivojlanish tendensiyasini ta`kidlab, “Ma`muriy tartib-taomillar to`g`risida”gi qonun hamda Ma`muriy sud ishlarini yuritish to`g`risidagi Kodeksning qabul qilinishi munosabati bilan kelajakda hamkorlik munosabatlarini yanada jadal davom ettirishga, qo`shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Simpozium doirasida O`zbekiston delegasiyasi vakillari Nagoya Universiteti, Yaponiya adliya vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot markazi, Oliy sud hamda Oliy sud huzuridagi ilmiy-tadqiqot markazlarida bo`lishib, sudyalarni tanlash va tayinlash, faoliyatini baholash, sudyalarni tayyorlash va qayta tayyorlash masalalarida tajriba almashdilar.






