AsosiySport

Osiyo chempionatining g`olib va sovrindorlari Milliy olimpiya qo`mitasi tomonidan taqdirlanishdi

'Osiyo chempionatining g`olib va sovrindorlari Milliy olimpiya qo`mitasi tomonidan taqdirlanishdi'ning rasmi

Engil atletika, sport kurashlari va velosport bo`yicha Osiyo chempionatida sovrindor bo`lgan o`zbekistonlik sportchilar bugun Milliy olimpiya qo`mitasi tomonidan mukofotlandi.

Xabaringiz bor, fevral oyida engil atletikachilarimiz Eronda, velosport terma jamoamiz a`zolari Malayziyada, kurashchilarimiz esa Qirg`izistondagi Osiyo chempionatida ishtirok etib, sovrinli o`rinlarni qo`lga kiritgandilar. Shu munosabat bilan mazkur nufuzli musobaqalard oltin medalni qo`lga kiritgan sportchilar Milliy olimpiya qo`mitasi tomonidan 15 million, kumush medal sohiblari 10 million, bronza medallariga sazovor bo`lgan vakillarimiz esa 5 million so`mdan pul mukofoti bilan taqdirlanishdi.

Milliy olimpiya qo`mitasi shuningdek, ushbu sportchilarni tarbiyalagan murabbiylarni ham e`tibordan chetda qoldirmadi va o`z navbatida ularga ham pul mukofotlari taqdim etildi. Mukoftlarni o`z egalariga MOQ Prezidenti Umid Ahmadjonov va Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakrom Isroilovlar topshirishdi. Tadbirdan so`ng Bishkekdagi Osiyo chempionatida oltin medalni qo`lga kiritgan erkin kurashchimiz Ixtiyor Navro`zov o`z taassurotlari bilan o`rtoqlashdi.

"Bishkekdagi natija men uchun katta g`alaba bo`ldi. Chunki, so`nggi marotaba 2011 yilda umumjamoa hisobida mana shunday muvaffaqiyatga erishgandik. Ushbu natijani etti yil o`tib yana takrorlay oldik. Bu muvaffaqiyatlar o`z-o`zidan qo`lga kiritilgani yo`q. Buning tagida katta mehnat yotibdi. Jamoamiz yosh ekanligiga qaramay, musobaqada katta hajmdagi ishni bajardi va medallar shodasiga ega chiqdi. 3ta oltin, 2ta kumush va 3ta bronza medaliga sazovor bo`lib, umumjamoa hisobida birinchi bo`la oldik. Navbatdagi musobaqalarda ushbu ko`rsatkichimizni yanada yaxshilashga harakat qilamiz.

Osiyo o`yinlaridagi imkoniyatlarimiz haqida gapiradigan bo`lsam, biz va bizdan tajribali bo`lgan sportchi akalarimiz birgalikda harakat qilib, yoshlarga to`g`ri yo`l ko`rsata olsak, nasib qilsa kelajakda ular bizdan ham yaxshiroq ko`rsatkichlarni qayd eta oladilar. Navbatdagi Olimpiya o`yinlarida biz yanada yaxshi natija qayd etmoqchimiz va o`zbek xalqini xursand qilamiz.

Milliy olimpiya qo`mitasining ushbu rag`bati kelajakdagi musobaqalar uchun mas`uliyatni yanada oshiradi. Chunki, bu biz uchun yaxshigina ko`mak, yordam bo`ladi. Bunday e`tibor sportchi uchun juda muhim. E`tibor kuchaygani sari, bizning harakatimiz, mas`uliyatimiz va natijalarimiz ham yaxshilanib boraveradi. Bunday rag`bat tajribali sportchilar uchun ham, yoshlar uchun ham zarur. Chunki, ular shu sohaning nonini eydi.

Nufuzli musobaqalarda madhiyangizni eshitsangiz... Buni tasvirlab berib bo`lmaydi. O`sha lahzada uzoq qilingan mehnat zoe ketmaganini, xalq oldida yuzingiz yorug` bo`lganini sezasiz. Barcha charchoqlar chiqib ketadi. Har bir sportchiga mana shunday nufuzli musobaqalarda, shu jumladan, Olimpiya o`yinlarida g`olib chiqish nasib qilsin", - dedi Ixtiyor Navro`zov.

Shuningdek, engil atletikachimiz, Osiyoning uch karra chempioni, IV “Islom birdamlik o`yinlari” g`olibi Nadiya Dusanova ham ushbu e`tibordan xursand ekanligini yashirib o`tirmadi.

"Men uchun yil omadli boshlandi. Navbatdagi musobaqalarga jiddiy tayyorgarlik ko`ryapmiz. Ayni paytda Osiyo o`yinlariga Dukentda taraddud ko`rmoqdamiz. Bizni oldinda to`rt yillikning eng muhim starti kutib turibdi. Sovrinli o`rinlarni qo`lga kiritish uchun oxirigacha kurashamiz.

Bugungi taqdirlash marosimi kutilmagan xol bo`ldi. Qo`ng`iroq qilib, Milliy olimpiya qo`mitasiga taklif etishdi. Nima munosabat bilan chaqirishganini ham bilmadim. Kelsak, mana shunday yoqimli holat guvohiga aylandik. Osiyo chempionatidagi muvaffaqiyatimiz evaziga mukofotlandik. Bunday e`tibor uchun Milliy olimpiya qo`mitasiga katta minnatdorchilik bildirmoqchiman", - dedi Nadiya Dusanova.

Tadbir yakunida MOQ Prezidenti Umid Ahmadjonov so`z olib, Milliy olimpiya qo`mitasi bundan keyin ham xalqaro maydonda, nufuzli musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan sportchilar va ularning ustozlarini har tomonlama qo`llab quvvatlab, rag`batlantirib borishga tayyor ekanligini ma`lum qildi.

Bugungi tantanali marosimida jami 20 nafar sportchi va xuddi shuncha murabbiy bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.

    Boshqa yangiliklar