Oliy Majlis Senati o`n to`rtinchi yalpi majlisida yangi tahrirdagi “O`rmon to`g`risida”gi qonun ma`qullandi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Qonunda bir qator muhim jihatlar o`z aksini topgan. Jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining o`rmon xo`jaligi sohasida davlat dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etishi va amalga oshirish borasidagi vakolatlari mustahkamlanmoqda. Ushbu sub`ektlar o`rmon xo`jaligi sohasiga oid davlat va hududiy dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish bilan bir qatorda, bu borada jamoatchilik nazoratini ham amalga oshiradi.
O`rmondan umumiy va maxsus foydalanish bilan bog`liq asosiy qoidalar takomillashtirilmoqda. Jumladan, o`rmondan foydalanishning: daraxt va butalarni kesmagan holda o`tin va shox-shabbalarni yig`ish; baliqchilik xo`jaliklari ehtiyojlari uchun foydalanish; ekologik turizmni rivojlantirish hamda qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtirish maqsadida foydalanish kabi yangi ko`rinishlari belgilanmoqda.
Shu bilan birga, o`rmonlarda pichan o`rish davlat o`rmon xo`jaligi organlari tomonidan beriladigan ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi hamda bu borada maxsus tartib-taomillar belgilanishi nazarda tutilmoqda.
O`rmonlarda O`zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan, yovvoyi holda o`suvchi o`simliklarni, shuningdek zaharli, giyohvandlik moddalari mavjud bo`lgan o`simliklarni fuqarolar tomonidan yig`ishni taqiqlovchi norma mustahkamlanmoqda.
O`rmon xo`jaligi sohasida ilg`or tajribaga ega davlatlarning qonunchilik amaliyotini hisobga olgan holda, o`rmonlarda chorva mollarini o`tlatish qoidalari takomillashtirilmoqda.
Qonunda o`rmonlarga salbiy ta`sirlarning o`z vaqtida oldini olish uchun o`rmonlar monitoringgiga oid alohida norma belgilanmoqda. Mazkur norma davlat o`rmon fondi holatidagi o`zgarishlarni aniqlash, uni baholash va prognoz qilishga doir muntazam kuzatuvlarni olib borish orqali o`rmonlarni muhofaza qilish va istiqbolda rivojlantirish bilan bog`liq aniq va asoslangan chora-tadbirlar amalga oshirilishiga xizmat qiladi.
29.03.2018 14:16
Qizil kitobga kiritilgan yovvoyi holda o`suvchi o`simliklarni, shuningdek zaharli, giyohvandlik moddalari mavjud bo`lgan o`simliklarni fuqarolar tomonidan yig`ish taqiqlanadi






