AsosiySport

O`zbek futbolida tarixiy voqea. Superliga titul homiyga ega bo`ldi

'O`zbek futbolida tarixiy voqea. Superliga titul homiyga ega bo`ldi'ning rasmi

Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti, O`zbekiston futbol assosiasiyasining birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov jahonga mashhur “Pepsi” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.

Ushbu kompaniya o`zbek sporti, xususan, mamlakat futbolida yuz berayotgan islohotlarni yuqori baholab, O`zbekiston futbol assosiasiyasiga yangi tashkil etilgan Superligaga homiylik qilish taklifi bilan chiqdi.

O`z navbatida, Professional futbol ligasi kompaniya vakillariga Superliganing 4-turidan o`rin olgan “Bunyodkor” — “Buxoro” uchrashuvida o`z imkoniyatlarini namoyish etib berdi. Mamlakatimizning eng ko`rkam arenasida “Pepsi” reklamasi uchun yaratilgan sharoitlardan kompaniya rahbarlari benihoya mamnun bo`lishdi va Superligaga titul homiy bo`lish istagini bildirishdi.

“Pepsi” kompaniyasi reklama industriyasida aynan sportning futbol turiga katta e`tibor qaratadi. Kompaniyamiz shuningdek, jahoning eng nufuzli sport musobaqalaridan biri – futbol bo`yicha Evropa chempionlar ligasining ham rasmiy homiysi hisoblanadi. Biz o`zbek futbolida ro`y berayotgan ijobiy o`zgarishlar, islohotlarda bevosita ishtirok etishni, shu orqali o`zbek sporti taraqqiyoti va rivojlanishiga hissa qo`shishni istaymiz,” — deydi “Pepsi” kompaniyasining O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Shuhrat Ergashev.

Ta`kidlash lozimki, O`zbekiston Professional futbol ligasi bunga qadar bir qator nufuzli firma va kompaniyalar bilan Superligaga homiylik qilish masalasida muzokaralar olib bordi. Ular orasidan aynan “Pepsi” kompaniyasining taklifi ma`qul keldi.
Uchrashuvda “Pepsi” kompaniyasi va O`zbekiston futbol assosiasiyasi o`rtasida shartnoma imzolandi. Bitim hozircha yil yakuniga qadar tuzildi.

    Boshqa yangiliklar