AsosiyShou-biznes

Nurgul Yashilchoy. U Ko`semning o`rnida bo`lishni istarmidi? (Eksklyuziv)

'Nurgul Yashilchoy.  U Ko`semning o`rnida bo`lishni istarmidi? (Eksklyuziv)'ning rasmi

“Ko`sem” serialining ikkinchi fasli syurprizlarga boy. Eng kattasi albatta, Ko`sem sulton rolini aktrisa Beren Saat o`rniga Nurgul Yashilchoy ijro etayotgani bo`ldi... O`zbek tomoshabiniga “Ishkomli uy”, “Kelin” seriallari orqali yaxshi tanish bo`lgan teatr va kino aktrisasi Nurgul Yashilchoy bilan bo`lgan eng so`nggi suhbatni o`zbek tilida e`tiboringizga xavola etamiz.

— “Asoratlar” loyihasini tark etganingizdan so`ng TVda kelajak rejalaringiz bo`lganmidi?

— Aniq rejam yo`q edi. Ko`nglimga yoqadigan loyiha bo`lsa, ishtirok etaman, degan niyatda yurgandim. Timur Savji mening do`stim, u bilan uchrashib qolganimizda “Ko`sem”da rol o`ynaysanmi?” deb qoldi va bu loyiha menda qiziqish uyg`otdi.

— Davom etayotgan loyihada boshqa aktrisaning o`rnini egallash ikkilanish tug`dirmaganmi?

— Aslo! Xurram sulton rolini ijro etgan Maryamk Uzerli o`rniga Vaxide Perchin tanlanganini tavakkal, desa bo`ladi. Beren Saat bir yilga shartnoma tuzgandi. Uning qahramoni esa ulg`aydi, aktrisa almashishi aniq edi. Shu bois “Ko`sem”da ish boshlaganim tavakkal bo`lmagan.

— Rolga tasdiqlanganingizda Ko`sem sulton haqida ma`lumotga egamidingiz?

— Hukumat tepasida turgan shaxs ekanini bilardim. Boshqalarning oldida kimdir bo`lgan, masalan, turmush o`rtog`i. Ko`sem esa yolg`iz o`zi. 11 yoshli hukmdor o`g`li balog`atga etgach, boshqaruvni o`z qo`liga oladi va albatta onasi bilan to`qnash keladi. Ko`sem esa o`g`lini ta`riflab bo`lmas darajada yaxshi ko`radi. Boisi Murodning fe`l-atvori Ko`semnikiga juda yaqin.

— Ko`sem o`z qudratidan zavq oladigan ayol. Shu bilan birga, nabirasining qotili sifatida la`natlanadi...

— Ko`sem qay darajada sof qalb egasi ekanini tasavvur qilolmaysiz. Xalq uni juda sevadi. Bu muhabbatga nochorlarni to`ydirib, yordam qo`lini cho`zgani orqali erishgan. Balki siyosiy majburiyat sabab shunday yo`l tutgandir?! Lekin zaruriyat tug`ilsa, yaqinlarini qatl qilishi ham mumkin.

— Oxir-oqibat o`zining ham qatl navbati keladi. Nihoyasi ma`lum serialni nega katta qiziqish bilan ko`rishyapti deb o`ylaysiz?

— Tomoshabin Ko`sem sultonni tarixiy qahramon sifatida kuzatmaydi. Uning ko`z qarashlari, kulgisini sevadi, Ko`sem butunlay boshqa personaj. Aslida uning tashqi ko`rinishini yoqtirishadi. Bordi-yu Ko`semga tarixiy qahramonga qaragandek boqsak, unga mehr qo`ymaymiz. Men esa Ko`sem sultonning “yuzi”man.

— Ko`semning o`rnida bo`lishni istarmidingiz?

— Bu haqda o`ylamaganman. Lekin saroyda turib, mutlaq hukmron bo`lish yoqimli, albatta.

— Biroq u ko`plab insoniy xislatlardan yiroq. Hatto farzandlari bilan ham samimiy munosabat o`rnata olmaydi...
— Bu imkonsiz, u go`yo “rok-yulduzi”dek. Bu ayol qalbga qo`l solganida, o`z uslubi va vazifasiga ko`ra yondashadi. Qolaversa, u oddiygina Ko`sem emas, balki Ko`sem sulton! U shunday kiyinishga, serialda ko`rsatilganidek yashashga majbur. Lekin qalban u oddiy Ko`sem.

— Ko`sem hayotingizda qanday o`rin egallaydi? — Ko`sem hayot yo`limdagi ustozim bo`ldi. Qiyin kunda uning yoniga borib, “Nima qilay?” deb so`rasam, “Hoziroq boshini ol”, deya javob qaytargan bo`lardi. Aytganini qilmasdim, albatta. Lekin birgina shu javobning o`zidan engil tortardim.

— “Asoratlar” serialida ishtirok etdingiz, so`ng “Ko`sem”. Qanday ayol qahramonlar rolini o`ynashni afzal bilasiz?

— Hamma fe`l-atvordagi ayollar rolini ijro etishni. Prodyuser Ko`sem rolini taklif qilganida bir soniya ham o`ylab o`tirganim yo`q, darhol rozi bo`lganman.


Nurgul 1976 yilning 26 martida Afon-Karaxisarda tug`ilgan. Bolaligi Izmirda o`tgan.


Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi

    Boshqa yangiliklar