AsosiyJamiyat

«Nogiron» tushunchasi muomaladan chiqariladi

'«Nogiron» tushunchasi muomaladan chiqariladi'ning rasmi

Bugungi kunda dunyoda taxminan bir milliard, O`zbekistonda 600 mingdan ortiq nogiron bor. Ularning aksariyati kundalik turmushda turli qiyinchiliklarga duch keladi. Mamlakat siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotida faol ishtirok eta olmaydi...

Mamlakatimizda esa nogironlarning o`zlarini jamiyatning to`laqonli a`zosi sifatida his qilishlari uchun shart-sharoitlar yaratishga katta e`tibor qaratilgan. 1991 yilda MDH davlatlari ichida birinchilardan bo`lib «O`zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to`g`risida»gi qonunning qabul qilingani bunga bir misol. Ushbu qonun 2008 yilda yangi tahrirda qabul qilindi. Bugungi kunga kelib esa, afsuski, qonun ma`nan eskirdi va BMTning Nogironlar huquqlari to`g`risidagi konvensiyasida belgilangan nogironlarni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi xalqaro talablar va standartlarga javob bermay qoldi.

Shundan kelib chiqib, Prezidentimizning 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi bo`lgan shaxslarni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni nogironligi bo`lgan shaxslarni qo`llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo`yicha muhim hujjat va dasturilamaldir.

Unda nogironligi bo`lgan shaxslarning hayot sifati hamda darajasini oshirishga keng qamrovda yondashish asosiy mezon qilib belgilangan. Shuningdek, BMTning Nogironlar huquqlari to`g`risidagi konvensiyasini ratifikasiya qilishga tayyorgarlik ko`rish, “Nogironligi bo`lgan shaxslarning huquqlari to`g`risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish, imkoniyati cheklangan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko`rsatish va reabilitasiya qilish samaradorligini yaxshilash, ularning ta`lim olishi, kasb-hunar egallashi hamda ishga joylashishini ta`minlash kabilarga e`tiborni yanada kuchaytirish vazifalari qo`yilgan.

Ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, ko`zi ojiz shaxslarning savodxonligini oshirish, shu maqsadda viloyatlar va tumanlar markazlaridagi umumta`lim maktablari negizida Brayl alifbosini o`qitish bo`yicha maxsus tashkil etilayotgan kurslar, yangi o`quv yilidan boshlab oliy ta`lim muassasalariga abiturientlar qabulining umumiy sonidan nogironligi bo`lgan shaxslar uchun qo`shimcha ravishda ikki foizli kvotalarning kiritilishi imkoniyati cheklangan yigit-qizlarni o`zlari qiziqqan sohada oliy ma`lumotli mutaxassis bo`lish, jamiyatda o`rnini topib, o`ziga, oilasiga, mamlakat farovonligiga naf keltirishdek yuksak orzular sari dadil intilishga undaydi.

Eng muhimi, bugun odamlarda nogironligi bo`lgan shaxslarga nisbatan munosabatni o`zgartirish, ular ham sizu biz kabi jamiyatning to`liq hamda teng huquqli a`zosi ekanini chuqur tushuntirish zarurati bor. Shu ma`noda, endilikda “nogiron” tushunchasi muomaladan chiqarilib, uning o`rniga “nogironligi bo`lgan shaxs” atamasi kiritilayotgani quvonarli holdir.

O`zbekiston XDP markaziy kengashi tashabbusi bilan o`tkazilgan “Nogironligi bo`lgan shaxslarning huquqlari to`g`risida”gi qonun loyihasiga bag`ishlangan yig`ilishda ana shular haqida so`z bordi.

Ta`kidlandiki, yangi qabul qilinayotgan qonun nogironligi bo`lgan shaxslarning qonuniy manfaatlarini ta`minlashni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi. Unda ko`zda tutilgan maqsad hamda vazifalarni amalga oshirish, ehtiyojmand qatlam vakillariga beg`araz yordam ko`rsatish jarayonida davlat va nodavlat tuzilmalar mas`uliyati, faolligi yanada ortadi.

Tadbirda O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi va Nogironlar, Ko`zi ojizlar va Karlar jamiyatlari tomonidan Nogironligi bo`lgan shaxslarni qo`llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish borasida hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi.

O`z.A.

    Boshqa yangiliklar