Yaratgan qo`shiqlarining deyarli barchasi xit bo`ladigan xonanda bilan "Kunutun" nashrining ijodiy xodimlari AQSh bo`ylab gastrol safari, chet ellik muxlislari va san`atdagi raqobat haqida suhbatlashdi.
— AQSh bo`ylab bo`lgan gastrol safaridan qaytdingiz. AQShdagi muxlislar bilan yurtimizdagi muxlislaringiz orasida qanday farqni his etdingiz? Bo`lib o`tgan konsertlarga to`xtalib o`tsangiz.
— Amerika Qo`shma Shtatlaridagi muxlislarimiz bizni juda ham sog`inganliklarini his etdim. U erda hayotida meni bir marta ham ko`rmagan insonlar bor edi va aynan ular bu uchrashuvlarning har bir daqiqasidan iloji boricha unumli foydalanishga harakat qildilar. Chunki ular mening ijodim bilan faqatgina internet orqali tanish bo`lganlar. Muxlislarim qaerda istiqomat qilishlaridan qat`iy nazar, menga har biri qadrli va ular uchun ijod qilishdan charchamayman.
— Nyu-York, Chikago, Los-Andjeles shaharlarida bo`ldingiz. Qaysi biri sizga ko`proq yoqdi? Bu shaharlarning qaysi joylarida bo`lishga ulgurdingiz?
— Amerikada bo`lish orzularimdan biri edi. Xudoga shukur, orzuim amalga oshdi. Menga AQShning har bir shtati, har bir joyi, odamlari ham juda yoqdi. Haqiqatdan ham har bir sohada juda rivojlangan davlat. Imkoniyat bo`lsa, borib ko`rishga arziydi. Yangi ijod uchun ajoyib kuch va g`oyalar bilan qaytdim.
— Muxlislarga so`nggi taqdim etgan ijod mahsulingiz bu «Qizalog`im» qo`shig`iga suratga olingan ta`sirli videoklipingiz bo`ld. Hozirda qanday qo`shiqlar yoki klip ustida ishlayapsiz?
— «Qizalog`im» nomli taronamiz va unga ishlangan klip muxlislarimiz tomonidan ajoyib kutib olindi. Hattoki, Los-Anjelesda ham shu taronani so`rashdi. Bundan juda ham xursand bo`ldim. Mana bir necha kun avval «Alvon lolalar» nomli qo`shiqni premerasini o`tkazdik. Mazkur qo`shiq konsert dasturida ijro etilgandayoq muxlislar tomonidan juda iliq qabul qilingan edi. Nasib bo`lsa, muxlislarimiz tez kunda Yodgor Nosirov bilan birgalikda suratga olgan klipimizni tomosha qilishga muvaffaq bo`ladilar. Bu klip ajoyib syujet va yangiliklarga boy bo`ladi.
— Estradamizning ko`pgina ayol xonandalari bilan duet kuylagansiz. Shahzoda bilan aytgan qo`shiqlaringizning barchasi xit bo`ladi desak mubolag`a bo`lmaydi. Duetdoshingiz haqida fikringiz?
— Men har bir duetdoshim haqida faqat yaxshi fikrlar ayta olaman. Chunki men hech qachon ularning mavqei yoki darajasidan kelib chiqib qo`shiq kuylamaganman. Aksariyat holatlarda o`zim taklif qilganman. Har biri ajoyib insonlar. Duetdoshlarim inson sifatida ham, ijodkor sifatida ham hurmat qilaman.
— Yana kim bilan duet kuylagan bo`lar edingiz?
— Unday san`atkorlar ko`p. Ulardan biri bu - Sami Yusuf.
— Ko`p yillardan beri talabgir xonandalardan biri ekanligingizning siri nimada deb o`ylaysiz?
— Ijodimdagi yutuqlar haqida nima ham deyishim mumkin. Kimgadir, nimanidir isbot qilish uchun ijod qilmayman. Eng muhimi, qo`l urgan ishimni chin dildan qilaman va bu qadrlanadi. Va o`z-o`zidan Alloh fayzini beradi. Men ko`proq duo olishga harakat qilaman. Ijodimning boshqa siri yo`q.
— Rayhon: «Ulug`bek Rahmatullaevning bir xislati bor, u xit taronani darrov his etadi. Masalan, «Tomchi» qo`shig`im xit bo`lishini aytgan edi», - degan. Xonanda biron-bir qo`shiqni xit bo`lishini qanday biladi yoki his etadi?
— Ha, «Tomchi» qo`shig`i chiqqanda o`zim qo`ng`iroq qilib, tez klip olishi kerakligini aytdim. Qo`shiq juda ham zo`r chiqqan edi. Men ko`proq birinchi taassurotga ishonaman va shu paytga qadar ko`pincha to`g`ri chiqqan. Ba`zi qo`shiqlar aynan klip suratga olingach xit bo`ladi. Men shunchaki fikrimni aytishni yaxshi ko`raman. Rayhon tomonidan menga berilgan ta`rifga kelsak, xursandman. Lekin men ham bandaman, adashishim mumkin.
— San`atkor qanday yuksaladi deb o`ylaysiz?
— Sabr, halollik va mehnat orqali.
— Inson borki, xato kiladi. Ammo, undan xulosa chikarish salohiyati hammaga ham nasib kilavermaydi. Sizchi, xatolardan qilingan xulosalar keyingi harakatlarga ijobiy ta`sir etishiga ishonasizmi?
— Albatta, xatolar ko`p, menda ham bor. Eng kerakligi ularni vaqtida his qilib, boshqa qaytarmaslikdir. Men xatolarim ustida har kuni ishlayman.
— Deylik hamkasbingizning biror ijrosi sizga ma`qul kelmadi boshqalarga ham. Shuni unga ayta olasizmi yoki hech nima dimaslikni ma`qul ko`rasizmi?
— Oldin bemalol aytar edim. Hozir etti o`lchab, bir kesaman. Juda yaqin insonim bo`lsa aytaman, lekin, omma oldida emas, alohida. Haqiqiy do`stlik ham shunda bilinadi.
— Raqobat bor joyda o`sish borligiga ishonasizmi? Raqobatchingiz bormi?
— Albatta bu fikr to`g`ri. Raqobat yaxshi narsa, agar u sog`lom bo`lsa. Men o`zimga kimnidir raqobatchi sifatida ko`rishni xohlamayman. Oldin bo`lgandir, lekin hozir yo`q. Xudoga shukur, o`z o`rnimga egaman. O`z o`rniga ega bo`lmaganlar menimcha raqobatda bo`ladilar.
— Mag`lubiyat siz uchun nima?
— O`z prinsiplarimga qarshi chiqish.
— Shaxs sifatida eng katta yutug`ingiz nima deb o`ylaysiz?
— Allohni taniganim.
— Yurtimizning go`zal joylari ko`p. Borishni xohlagan, ammo xali bora olmagan joylaringiz bormi? Masalan qaerlar?
— Allohga shukur, jannatmakon Ona diyorimning har bir go`shasiga bordim, boryapman. Men uchun Vatanimni har bir joyi muqaddas. Necha marta borsam ham, borgim kelaveradi. Ko`proq ziyoratgohlarga borgim keladi, chunki o`zimni u erlarda engil his etaman.
— Xorij estradasidan ko`proq kimlarni tinglashni xush ko`rasiz?
— Brayn Adams, Jastin Timberleyk, Rianna, Jenifer Lopes, Enrike Iglesias, ular juda ko`p. Men melomanman desam to`g`ri bo`ladi.