1

Toshkentda 36 yoshli erkak oilasini buzish bilan tahdid qilgan jazmanini o`ldirdi

Jinoyat 15.04.2018, 19:49
Toshkentda 36 yoshli erkak oilasini buzish bilan tahdid qilgan jazmanini o`ldirdi

Shu yilning 11 aprel kuni Toshkent shahar IIBB navbatchilik qismiga erkak kishi qo`ng`iroq qilib, tanishi – 40 yoshli M.Xni pichoq bilan bir necha bor jarohatlagani va oqibatda uning halok bo`lgani haqida xabar berdi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati ma`lum qilmoqda.

Xabarda aytilishicha, holat bo`yicha Bektemir tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan va 36 yoshli N.J. ayblanuvchi sifatida qo`lga olingan. Olib borilgan surishtiruv-tergov vaqtida ayblanuvchi fojianing qanday sodir bo`lganligini so`zlab bergan.

N.J.ning aytishicha, u o`z avtomashinasida ketayotib, ayol kishining mashina g`ildiragini almashtirishga urinayotganini ko`rib qolgan va unga yordam berishga qaror qilgan. Shu bahona erkak va ayol o`rtasida iliq suhbat boshlangan. Yangi tanishlar telefon raqamlarini almashishgan. Ertasi kuni esa M.X. yigitga qo`ng`iroq qilib, uyiga taklif qilgan. Kechki ovqat bilan spirtli ichimliklar ichilgan, so`ngra suhbat yotoqxonaga ko`chgan...

Shu voqeadan so`ng ayol N.J.ga tez-tez qo`ng`iroq qilib, aloqani davom ettirishni, yigit esa oilasi, ikki nafar farzandi borligini aytib, uni boshqa bezovta qilmaslikni so`ragan. Biroq, shunga qaramay M.X. uni tinch qo`ymagan, aksincha bu haqda qarindoshlariga aytib berish bilan po`pisa qilgan.

So`zida turgan ayol qandaydir yo`l bilan uy manzilini topib, yigitning raqifasiga ular o`rtasida bo`lib o`tgan voqealarni gapirib bergan. Shu sabab N.J. va turmush o`rtog`i o`rtasidagi munosabat buzilgan. Lekin yigit bu haqda ichki ishlar organiga, profilaktika inspektoriga yoki mahalla raisiga aytishga uyalgan, bundan boshqalar ham xabar topishidan qo`rqqan.

O`sha mash`um kunda N.J. uch farzandning onasi bo`lgan M.X.ning uyiga borib, undan yana bir bor o`zini va oilasini tinch qo`yishini so`ragan. Biroq, ayol faqatgina bir shart bilan uning uyiga boshqa bormasligini, buning uchun yigit doimiy ravishda ayolnikiga kelib turishini talab qilgan.

N.J. qancha yolvormasin, ayol o`z so`zida turib olgan. Aytganiga rozi bo`lmasa, oilasini buzish bilan tahdid qilgan, ishonchini oqlamaganlikda, uni aldaganlikda ayblagan. Oqibatda o`zini tutib turolmagan N.J. stolda turgan pichoqni olib, ayolga bir necha bor zarba bergan. Sal o`tib, qilgan ishini anglab etgan yigit «102» ga qo`ng`iroq qilgan…

Uch nafar bolani onasidan, ikki farzandni ota mehridan bebahra qilgan ushbu fojianing oldini olish mumkinmidi? Albatta, mumkin edi. Agar yigit o`z vaqtida bu haqda ichki ishlar organlariga, jamoatchilikka ma`lum qilib yordam so`raganida, ehtimol hammasi boshqacha yakun topgan bo`lar edi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1